Yaponlar boshqalardan uzoqroq umr ko‘rishining 11 sababi
Yaponlar uzoq umrining sababi, sirlari, qanday ovqatlar yeyishi, uzoq umr ko'rish uchun tavsiyalar va yaponcha hayot tarzi haqida.
6 min
28.02.2023
Biologiya va tibbiyot

Yaponlar — “yashovchan” xalq. Harholda, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti hisobotiga koʻra shunday. Kunchiqar yurt aholisi uzoq umr koʻrishi jihatidan dunyoda birinchi oʻrinda turadi.

Yaponiyada yashovchilarning koʻpchiligi uchun 100 yil umr koʻrish deyarli meʼyoriy holat sanaladi. Mamlakat boʻyicha oʻrtacha koʻrsatkich esa — 84 yosh. Qiyoslashingiz mumkin: AQSHda bu koʻrsatkich 79,3 yosh (183 davlat orasida 31-oʻrin), Rossiyada — 70,5 yosh (110-oʻrin).


Bir necha oʻn yillardan beri koʻpgina tadqiqotchilar yaponlardagi “yashovchanlik”ning tagiga yetish va formulasini chiqarishga urinib keladilar: buning sababi genga bogʻliqmi, hayot tarzimi yoki ovqatlanish tartibimi? Yashirin sabablar koʻp, ammo yuzada oshkora koʻrinib turganlari ham yoʻq emas. Mana, masalan:


1. Pazandalikdagi oʻziga xos qoidalar

Yapon taomlari kamdan-kam hollarda qovurib yoki qizdirilgan yogʻda toblab pishiriladi. Bu yurt odamlari yemakni koʻproq bugʻlab, qaynatib yo grilda tayyorlashni xush koʻrishadi, agar qovurishga toʻgʻri kelsa ham kamroq yogʻ ishlatishadi. Ovqat bir nechta kichik idishlarda tortiladi, katta lagan yo likoplar ularda kam ishlatiladi. Buning ustiga ovqatni kichkina tayoqchalarda yeyishadi (ularni oʻzimiz odatlangan yirik qoshiqlar bilan solishtirib koʻring-a).


2. Mutlaqo oʻzgacha shoʻrva

Yaponlar shoʻrvani yaxshi koʻrishadi. Ular shoʻrvani bizdan kam ichishmaydi! Ammo yaponlar shoʻrvasi ruslarning sardakli borshchi (yogʻli va katta-katta goʻsht boʻlaklari solingan) va sardelka va sosiska solingan suyuq taomiga aslo oʻxshamaydi. Ular uchun shoʻrva yoki boshqa suyuq taomlar — koʻproq suv oʻtlari, tofu va dengiz mahsulotlari solingan qaynatma hisoblanadi. Farqni koʻrayapsizmi?


3. Garnirlardagi farq

Sevimli garniringizni ayting. Makaron, kartoshkadan tayyorlanganimi? Tushunsa boʻladi… Yaponiyada boʻlsa, guruchli va sabzavotli garnirni xush koʻrishadi. Va albatta, yaponlarning mashhur ermagi boʻlgan suv oʻtlari va soya qoʻshiladi. Bundan koʻrinadiki, yapon garnirlari biznikiga qaraganda, birmuncha yengil va foydali. Mana, nima sababdan Yaponiya aholisiga vitamin va minerallar yetishmovchiligi kabi hodisalar begona va ularda oshqozondagi ogʻirlikni bartaraf etish uchun tabletkalardan foydalanish degan tushuncha yoʻq.


4. Choyni esa koʻproq, yana koʻproq!

Yaponiyada mingyillik choyxoʻrlik madaniyati bardavom. Ularning choyi koʻpchilik odatlangan oʻramlardagi choylar va qahvadan koʻra koʻproq foydali. Yaponlar asosan koʻk choy ichadi, chunki unda foydali antioksidantlar moʻl. Va bu jihat kukun koʻrinishidagi yapon choyi — “matcha”ga ham xos: bu mahsulot oʻsimlik tarkibida mavjud boʻlgan foydali moddalarni koʻproq saqlab qolish maqsadida oʻziga xos usulda oʻstiriladi va terib olinadi. Bunday choy odatdagidan koʻra 10 marta koʻproq taʼsir qiladi.


5. Taommi? Faqat yangi tayyorlangan!

Yangi — bu soʻz yaponlarda “joʻyakdan hozir terilgan” demakdir. Biz uchun esa yemakxona mijozining koʻz oʻngida tayyorlangan kotlet yangi sanaladi (bu bir boʻlak goʻsht muzlatkichda 3 haftadan beri turgani esa hech kimni tashvishlantirmaydi). “Yangi” degan tushunchaga bizning va ularning qarashi orasidagi farqni koʻrdingizmi?

Yaponlarda “yangi” deyilganida faqat hozirgina joʻyakdan terilgan yoki dengizdan tutilgan mahsulot tushuniladi. Va, albatta, mavsumbopi. Darvoqe, “Yaponiya bozorlarida yeguliklar ishlab chiqarilgan sanasi koʻrsatilmasdan sotiladi, chunki har qanday mahalliy mahsulot uchun odatiy saqlanish davri yarim soat”, deb yozadi “Yapon ayollari qarimaydi va semirmaydi” kitobining muallifi Naomi Moriyama.


6. Marhamat qilib, kichik porsiyalarda

Balki kularsiz, lekin idishlar oʻlchamini nazoratga olish yapon oshxona anʼanasining bir qismi sanaladi. Bu yurtda odob qoidalariga rioya qilish muhim sanaladi, uning bir bandi esa yuqorida eslatilganidek, ovqat uchun kichik tayoqchalar, kichik idishlar va taomning qatʼiy belgilangan meʼyori (bu meʼyor buzilmasligi shart).

Aholisi eng uzoq yashaydigan joy — Okinavada aytishganidek, uzoq umr koʻrishning siri afsunli “80 foiz” degan raqamda. Yaʼni odam oʻz tushligi yoki kechki ovqatining hammasini yeb qoʻyishi kerak emas, idishda ozroq qolishi shart. “Top-toza idishlar jamiyati” — yaponlar uchun emas.


7. Shifokor qabuli: muntazam va shart!

Oʻtgan asrning 60-yillaridan boshlab, Yaponiyada sogʻliqni saqlashning majburiy tizimi joriy etilgan, shundan beri aholining umri sezilarli darajada uzaydi. Bugungi kunda har bir yapon bir yilda oʻrtacha hisobda 12 marta klinikaga boradi, bu esa Amerika yoki Rossiya aholisi koʻrsatkichidan (ular necha marta borishi haqida aniqroq javob aytishga qiynaladi kishi) toʻrt marta koʻproqdir.


8. Tik hayot tarzi

Yaponlar hayotining odatiy tipik manzarasi quyidagicha: kishilar vokzalga boradi, tik turib poyezdni kutadi, vagonda ham tik turib ketadi, keyingi stansiyagacha piyoda boradi, soʻng ishxonasiga qadar yana piyoda yuradi, kun oxirida yana xuddi shu tartibda uyiga qaytadi. Jamoat transportida yurish Yaponiyada hamma koʻnikkan meʼyoriy holat. Avtomobil esa — hashamat, xolos. Aksariyat xodimlar hatto ishda kompyuter qarshisida ham tik turib ishlashadi.

Bundan shunday taassurot paydo boʻladiki, barcha sharoit bu yerda xuddi odamning koʻproq vaqtini tik turgan holatda oʻtkazishi uchun hozirlangandek.


9. Ozodalik — salomatlikning yarmi

Yaponlar tozalik shaydosi. Ularning asrlarga teng qadriyatlari sintoizm bilan chambarchas bogʻliq. Bir kunda 2 marotaba choʻmilish — Yaponiyada gʻalati holat emas. Xuddi sento — jamoat hammomlari kabi.


10. Tonggi gimnastika

Yaponiyada “radio bilan gimnastika” deb ataladigan mashqlar tatbiq qilingan. Bu gimnastika har kuni boʻladi, bir nechta murakkab bosqichlarni qamrab oladi va unda aholining kattagina qismi qatnashadi. Qizigʻi, dastlab bu “radio-fitnes” Yaponiyaga AQSHdan kirib kelgan.


11. Uydan tashqari maqbulroq

Doimiy piyoda yurish va ertalabki umumiy gimnastikaga qoʻshimcha ravishda yapon turmush tarzi hamisha toza havoda boʻlishga chaqiradi. Hatto uy sohibi mehmonlarni odatga koʻra, uyiga emas (yapon uylari oʻlchov jihatdan chogʻroq quriladi), yaqinroqdagi yemakxonaga taklif qiladi. Yoki tabiat qoʻynidagi tanovulga.


Maqola saviya.uz saytidan olindi. Original maqola → Yaponlar boshqalardan uzoqroq umr koʻrishining 11 sababi.
Muqova surat: pixabay.com

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!