20.02.2024
Yerda joylashgan SOAR teleskopi yordamida Dimorf asteroidida uzun kometaga oʻxshash chang va qoldiqlardan iborat boʻlgan dum aniqlandi. NOIRLab markazi veb-saytidagi maʼlumotlarga koʻra, dumning uzunligi taxminan 10 ming kilometrni tashkil etadi va u asteroid DART zondi zarbasiga uchraganidan keyin hosil boʻlgan.
Dimorf 1996-yilda kashf etilgan boʻlib, uning diametri taxminan 170 metrni tashkil qiladi va u S spektral sinfiga mansubdir. Ushbu sinf Yerga yaqin asteroidlar ikkilik tizimining bir qismi boʻlib, Dimorf 780 metr diametrga ega Didim asteroidi atrofida sinxron aylanadi. Bu kichik asteroid Yerni samoviy xavflardan himoya qilish dasturi doirasida, kinetik zarbani sinash uchun nishon sifatida tanlab olingan. 2022-yilning 27-sentabr kuni masofadan boshqariladigan DART zondi asteroidga borib urildi va ushbu jarayonni LICIACube sunʼiy yoʻldoshi, shuningdek, yerdagi hamda fazodagi teleskoplar kuzatib turdi.
Toʻqnashuvdan ikki kun oʻtgach, asteroid GTHS uskunasi (Goodman yuqori oʻtkazgichli spektrografi) vositasida Cerro Tololo observatoriyasidagi 4,1 metrli SOAR teleskopi yordamida kuzatildi. Olingan tasvirda asteroid yuzasidan otilib chiqqan, Quyoshdan chiquvchi nurlanish bosimi tufayli uzun chiziqsimon tortilgan, kometa dumidan jiddiy farq qilmaydigan ulkan chang va qoldiqlar jamlanmasi aks etgan. Dimorf dumining taxminiy fizik uzunligi kamida oʻn ming kilometrni tashkil qiladi.
Kuzatuv maʼlumotlari olimlarga zarba paytida Dimorf qismlarining qanchasi parchalanib uchib ketgani va ularning tezligini tushunishga yordam beradi, shuningdek, chang bulutidagi zarrachalar oʻlchamini taxmin qilishga koʻmaklashadi. Bu nafaqat Dimorfning xususiyatlari haqida maʼlumot beradi, balki Yerni himoya qilish uchun asteroidlarga zarba berish jarayonini yaxshiroq modellashtirishda qoʻl keladi.
Muallif: Aleksandr Voytyuk. Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi “Астероид Диморф обзавелся кометоподобным хвостом после тарана зондом DART” nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: CTIO / NOIRLab / SOAR / NSF / AURA
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.