Kamharakat hayot tarzi oldin ham bo‘lganmi?
5 min
13.03.2023
Tarix

5 soat avtobusda qoʻshni shaharga borishni, ish stolingizdan 8 soat turmaslikni tasavvur qilib koʻring. Haydovchilar, kotibalar, ofis xodimlari, hunarmandlar… Bu kasblar roʻyxatini uzoq davom ettirsa boʻladi. Sababi ularni bogʻlab turadigan bir umumiy jihat bor — oʻtirib ishlash majburiyati. Videooʻyinlar oʻynash, televizor tomosha qilish, kompyuter qarshisida ishlash kabilar ham kamharakatlilikning bir namunasi hisoblanadi. Biz oʻylaganimizdan koʻra koʻproq vaqt deyarli harakatlanmay yashaymiz. Maqolada kamharakat hayot tarzi, oʻtirib ishlash talab qilinadigan kasblarning sogʻligimizga zarari, uni bartaraf qilish usullari haqida gaplashamiz.


Kamharakat hayot tarzi (inglizchada sedentary lifestyle) — insonning oʻtirgan yoki yotgan holda biror faoliyat bilan 6 soatdan ortiq shugʻullanishi, sogʻliq uchun tavsiya etiladigan jismoniy mashqlarni bajarmasligi yoki muntazam bajarmasligi oqibatida yuzaga keladigan yashash tarzi hisoblanadi

Insoniyat bunday hayot tarziga birdaniga kelib qolmagan. XVIII asrdan boshlab texnologiyalar rivoji asta-sekinlik bilan insonlarning mehnatini yengillashtira boshlagan. Umuman olganda, XIX asrgacha kamharakat hayot tarzi juda kam sonli aholi orasida mavjud boʻlib, aholining aksariyat qatlami ogʻir jismoniy mashgʻulot bilan band boʻlgan. Yuqori tabaqali aholining ham urushlar va bazmlardagi ishtiroki ularning hayot tarzini kamharakat deyishga imkon bermagan. Edvard Smit oʻtkazgan tadqiqotga koʻra, 1864-yilda London tikuvchilarining sogʻligi qishloq xoʻjaligida band boʻlgan kishilarnikiga koʻra yomonroq ekani aniqlangan. Asta-sekinlik bilan texnologiyalar inson hayotini yengillashtirish oʻrniga uni kamharakatlikka mahkum qilgani ayon boʻldi.


Siz kamharakat hayot tarzidan aziyat chekasizmi?

Kamharakat hayot tarzining asoratlari nafaqat jismoniy, balki ruhiy tomondan ham koʻrinishi mumkin. Aksariyat hollarda siz kamharakat hayot tarzini olib borayotganingizni bilmasligingiz mumkin. Kamharakat hayot tarzi oqibatida yuzaga keladigan asoratlar quyidagilarni oʻz ichiga oladi:

  1. Uyqusizlik — kun davomida kam harakat qilish oqibatida tana dam olishga muhtojligini sezmaydi va tunda kuch yigʻish oʻrniga uni sarflaydi. Bu esa, oʻz navbatida, uyqu bilan bogʻliq muammolarga sabab boʻladi. Kun davomida jismoniy mashqlar bilan shugʻullanish tanani charchatadi va tunda dam olishga imkon yaratadi.
  2. Diqqatni jamlash bilan bogʻliq muammolar — miyangiz xuddi bulutlar ichida sayr qilib yurgandek, vazifalar ustida tiniq fikrlay olmayotganingizni his qilasizmi? Bu ham kamharakatlilikning asorati boʻlishi mumkin. 
  3. Tananing turli qismlaridagi ogʻriq — stolda oʻtirish paytida boʻyningiz va belingizda ogʻriq sezayotgan boʻlsangiz, bu ham koʻproq harakatda boʻlishingiz kerakligini anglatadi.
  4. Vazn yigʻish — oʻtirib ishlash oqibatida yetarlicha kaloriya parchalanmaydi, bu esa vazn yigʻilishiga olib kelishi mumkin. 
kevin120415 / pixabay.com

Tadqiqotlar nima deydi?

Britaniyalik olimlar oʻtkazgan tadqiqotga koʻra, bunday tartibdagi hayot har yili 70 mingdan ortiq aholining erta vafotiga sabab boʻlayotgan ekan. Bundan tashqari, kamharakat hayot tarzi semizlik, diabet, yurak kasalliklari va hatto saraton kabi surunkali xastaliklarga sabab boʻlishi mumkin deyiladi.

Dunyoning 30% aholisi bir kunda kamida 6 soatini oʻtirib, deyarli harakatlanmay oʻtkazishga majbur. Bu majburiyat nafaqat ishda balki maktabdan tortib oliy taʼlimgacha boʻlgan bosqichda koʻrinadi. Avvallari non topish uchun kuni boʻyi tik turib ishlashga toʻgʻri kelgan boʻlsa, hozirda oddiy daniyalik fuqaro 7 soatlab mashina boshqarishi, bir xitoylik esa 8,5 soat oʻtirib ishlashi kuzatilmoqda. Kolumbiya universiteti tadqiqotchilarining fikriga koʻra, ish vaqti davomida hech qanday jismoniy mashq bajarmaydiganlarga erta oʻlim xavfi koʻproq soya solar ekan. Bu raqamlar bizga odatiy va oddiy holdek koʻringan kamharakat hayot tarzining qanchalik xavfli ekanini koʻrsatadi.


Nima qilish kerak?

Oʻtirish bilan bogʻliq faoliyatlardan voz kechishga toʻgʻri kelsa sayyoramiz aholisining yarmi oʻqish va ofisda ishlashdan voz kechib jismoniy mehnat turlari bilan shugʻullanishiga toʻgʻri keladi. Albatta, buning imkoni yoʻq. Shuni hisobga olgan holda oʻz sogʻligimiz haqida oʻzimiz qaygʻurishimiz zarur.

Hozir jismoniy holatingizni oʻlchaydigan fitnes soatlar ommalashgan boʻlib, ular uzoq vaqt davomida harakatsiz boʻlganimizda bizni ogohlantiruvchi signal yuboradi. Bundan tashqari yurak urishimiz, qon bosimimiz, yurgan qadamlarimiz, sarflagan kaloriyamiz haqida maʼlumot toʻplaydi. Balki kelajakda bunday gadjetlar faoliyatimiz turiga moslab maxsus jismoniy mashqlarni tavsiya etishi mumkin.

Nimalar qilish kerak:

  1. Bir soatdan ortiq vaqt davomida oʻtirmaslikka harakat qiling.
  2. Jamoat transportida tik turib keting.
  3. Kuniga taxminan 10 ming qadam yurishga odatlaning. 
  4. Ovqatlanish uchun tanaffuslarda jismoniy mashqlar bajaring.
  5. Ish yoki oʻqishdagi muhokamalar jarayonida tik turishga harakat qiling.
  6. Lift oʻrniga zinadan foydalaning. 
  7. Uy hayvonlarini sayrga olib chiqing.

Lekin oʻtirib faoliyat koʻrsatadigan soatlaringizni qisqartirmas ekansiz, jismoniy faollikni oshirishingizdan biror naf chiqmaydi. Shu sababdan, oʻtirib qilinadigan ishlaringizni nazoratga olib, ularni birmuncha qisqartirishga urinish yaxshiroq boʻladi. Masalan, turib ovqatlanish, manzilgacha ikki bekat piyoda yurish va eng muhimi sizga zavq beradigan jismoniy mashgʻulot turi bilan shugʻullanish kerak.


Muqova surat: freepik.com

Manbalar:
gazeta.ru/science/2019/04/21_a_12314065.shtml?updated 
postnauka.ru/faq/156702 
goodhousekeeping.com/health/a31448807/what-is-sedentary-lifestyle
healthpartners.com/blog/health-risks-of-sedentary-lifestyle
medicalnewstoday.com/articles/322910#solutions

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Top maqolalar

Barchasi
Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!