Dastlabki uchuvchi-reptiliyalar paydo bo‘lishining Perm davri o‘rmonlari zichlashuvi bilan bog‘ligi aniqlandi
Oʻrta
5 min
14.03.2023
Paleontologiya

Birinchi uchuvchi-reptiliyalardan biri Perm davrining oxirida, hozirgi Madagaskar hududida yashagan selurozavravus edi. Paleontologlar bu turni qayta taʼriflab berdi va uning turmush tarzi hamda parvoz uslubi zamonaviy uchadigan ajdarlarga oʻxshashligini tasdiqladi. Journal of Vertebrate Paleontology jurnalidagi maqolada taʼkidlanganidek, ehtimol, uchuvchi-reptiliyalarning paydo boʻlishiga Perm davrining boshida yanada zichroq boʻlgan oʻrmonlar tuzilishidagi oʻzgarishlar yordam bergan.

Zamonaviy reptiliyalar orasida chinakam uchuvchi turlar yoʻq. Biroq uchuvchi ajdaho agamalari (Draco), kaltakesak va gekkonlarning ayrim turlari, shuningdek, bezatilgan daraxt ilonlari (Chrysopelea) sakrab uchishni oʻzlashtirishga muvaffaq boʻldi. Daraxtdan daraxtga uchib oʻtish qobiliyati ularga yirtqichlardan qochish va oʻrmon boʻylab tez harakat qilish imkonini beradi.

Oʻtmishda uchuvchi-reptiliyalar mavjud boʻlgan. Ulardan birinchisi 252—258 million yil avval Perm davrining oxirida, hozirgi Madagaskar, Buyuk Britaniya, Germaniya va Rossiya hududida yashagan Weigeltisauridae oilasining ilk diapsidlari (taxminan 300 million yil muqaddam soʻnggi shakllangan va hozirgi kungacha yashab kelayotgan reptiliyalar guruhi) boʻlgan deb taxmin qilinadi. Zamonaviy ajdaholar singari ular tananing yon tomonida joylashgan va soxta qovurgʻalar ustiga choʻzilgan teri membranalari yordamida uchgan va qoʻngandan keyin parvoz membranasi taxlangan.

Parijdagi Milliy tabiiy tarix muzeyi xodimi Valentin Buffa boshchiligidagi paleontologlar jamoasi Weigeltisauridae guruhining eng mashhur vakillaridan biri, deyarli yuz yil oldin Madagaskarning Perm davri konlari qoldiqlaridan topilgan va tasvirlangan selurozavravusni (Coelurosauravus elivensis) batafsil oʻrganishga qaror qildi. Mualliflar uchta maʼlum boʻlgan selurozavravus namunalarini tahlil qildi. Bu esa sudraluvchining skeletini deyarli toʻliq tiklashga imkon berdi. Bundan tashqari, ular C.elivensis anatomiyasini boshqa veygeltizavridlar bilan solishtirdi.

Coelurosauravus elivensisʼning qayta tiklangan skeleti. Valentin Buffa va boshqalar / Journal of Vertebrate Paleontology jurnali, 2022-yil

Tadqiqot shuni koʻrsatdiki, selurozavravuslar uncha katta boʻlmagan, kichik sudraluvchilar boʻlib, ularning tana uzunligi burun uchidan orqa peshobgacha 180 millimetrga va burun uchidan dum uchigacha 320 millimetrga yetgan. Teri membranalarining kengligi 350 millimetrni tashkil etgan. Selurozavravuslarning old va orqa oyoqlari uzun va ingichka, qoʻli, oyog‘i kattaroq boʻlgan.

Buffa va uning hamkasblari selurozavravuslarning uchish membranasi qoplangan, soxta qovurgʻalariga alohida eʼtibor berdi. Oldingi taxminlardan farqli oʻlaroq, bu tuzilmalar haqiqiy qovurgʻalar emas ekan. Yolgʻon qovurgʻalarning aniq shakllanish davrini aniqlashning imkoni boʻlmadi, ammo ular, ehtimol, gastraliya (qorin boʻshligʻi qovurgʻalari) gomologlaridir (gomologiya koʻpincha analogiyaga qarama-qarshi qoʻyiladi. Unga koʻra organlar umumiy kelib chiqishga emas, oʻxshashliklarga ega ekani tasvirlanadi)…

С.elivensis skeletining toʻliq qayta tiklanishi tufayli tadqiqotchilar ushbu sudraluvchi va uning qarindoshlari turmush tarzi haqida koʻproq maʼlumotga ega boʻldi. Qoʻl-oyoqlar tuzilishiga, dorsoventral yoʻnalishda siqilgan tanasiga va uchish organlari mavjudligiga koʻra, veygeltizavridlar faqat daraxtda yashovchilar boʻlgan. Ular, ehtimol, daraxtdan daraxtga qobiqqa yopishgan tirnoqlari yordamida koʻchib yurgan.

Selurozavravusning uchish membranalari tortishish markazidan pastroqqa biriktirilgani tufayli sudraluvchilar parvozi yanada qulay boʻlgan. Boshqa hollarda bunday biriktirma kamroq barqarorlikka sabab boʻlishi mumkin, ammo C.elivensis parvoz membranasining muhim oraligʻi tufayli bu kamchilikni qoplab olgan. Koʻrinishidan bu sudraluvchilar barqaror va manyovrli parvoz tufayli daraxtlar orasidagi sezilarli masofani bosib oʻtishi mumkin boʻlgan. Shu bilan birga, ularning dumi barqarorlashtiruvchi vazifasini oʻtab bergan. Qoʻl-oyoqlar tuzilishi, xususan, old oyoqning beshinchi barmogʻida qoʻshimcha toʻrtinchi falanganing paydo boʻlishi selurozavravuslarga xuddi uchuvchi ajdarlar kabi, old panjalari bilan oʻzining uchish membranasi oldingi chetiga yetib borish va uni toʻgʻrilab olish, shuningdek, parvoz paytida boshqarish imkonini bergan.

Buffa va uning hammualliflari birinchi uchuvchi-reptiliyalarning paydo boʻlishini oʻrmon ekotizimlari tuzilishidagi oʻzgarishlar bilan bogʻlaydi. Soʻnggi Karbon davrida oʻrmonlar siyrak boʻlib, daraxtlarning uchi bir-birining ustiga zoʻrga tegib turgan. Bunday sharoitda uchish yordamida bir daraxtdan ikkinchisiga sakrab oʻtish mumkin emas edi, bu esa uchuvchi hayvonlar rivojlanishini toʻxtatib qoʻygan. Biroq erta Perm davrida oʻrmonlar zichlasha boshladi. Daraxtlar orasidagi masofa qisqardi, shuning uchun parvoz vositasida ular orasida harakat qilish mumkin boʻldi. Selurozavravuslar va boshqa veygeltizavridlar bu imkoniyatdan birinchi boʻlib foydalandi, keyin esa ularning ortidan boshqa reptiliyalar ergashdi.


Muallif: Sergey Kolenov. Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi “Появление первых рептилий-планеристов связали с возросшей густотой пермских лесов” nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: Coelurosauravus elivensisʼning badiiy tiklangan tasviri. Valentin Buffa va boshqalar / Journal of Vertebrate Paleontology jurnali, 2022-yil

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!