Yangi qadimgilar: zirhli mitti, diplodok qardoshlari va ulkan dengiz kaltakesaklari
Oʻrta
11 min
14.03.2023
Biologiya va tibbiyot

Ushbu maqolada Semyon Morozov paleontologlar 2022-yil avgust oyida taqdim qilgan yangi topilmalar bilan oʻrtoqlashadi.


Noodayiy qalqonbardor

Oʻtgan oyning, taʼbir joiz boʻlsa, butun 2022-yilning paleontologik yulduzi bu, albatta, zirhli dinozavrlar deb ataladigan tireofor (Thyreophora) guruhining yangi turi boʻldi (avvaliga men uning qanchalik zo‘r ekanligi haqida alohida maqola yozishni oʻyladim). Tireoforlar guruhiga orqasida plastinkalar boʻlgan stegozavr, zirhli ankilozavr, shuningdek, ularning ibtidoiy qarindoshlari boʻlgan skutellozavr yoki stselidozavrlar kiradi.

Yangi topilgan tireoforning qayta tiklangan skeleti va uning qazib topilgan qoldiqlari fotosurati. Fakundo J. Rigetti va boshqalar / Scientefic reports, 2022-yil / CC BY 4.0

Toshqotgan topilmalar Argentinada, Kandeleros hududining (Candeleros Formation) yuqori Boʻr davri konlaridan topilgan. Bu yerda taxminan 97–94 million yil oldin mavsumiy qurib qoladigan daryolar tizimi kesib oʻtgan Kokorkom choʻli boʻlgan. Ushbu hududda dinozavrlardan tashqari Najash rionegrina laqabli oyoqli ilonlar va “Muzlik davri”dagi xanjarsimon tishli olmaxonga (Aytgancha, olimlar bu turni multfilm dunyo yuzini koʻrgandan keyin kashf qilishgan) oʻxshash kronopio sutemizuvchilari (Cronopio dentiacutus) yashagan.

Tireoforni Jakapil kaniukura deb nomlashdi. Bu nom hindularining yoʻq boʻlib ketgan puelche tilidan olingan boʻlib, “qalqon koʻtaruvchi” maʼnosini bildiradi. Turning nomi esa hozirda mavjud oʻziga xos mapuche tilidan olingan boʻlib, u yakapilni boshqa zirhli dinozavrlardan ajratib turadigan pastki jagʻdagi choʻqqi maʼnosini bildiruvchi “toj” va “tosh” soʻzlaridan tashkil topgan. Tireofor oʻlchami boʻyicha yakapil yaqqol ajralib turadi. Birinchidan, u katta emas. Uning uzunligi bir yarim metrdan oshmaydi va toʻyib ovqatlanadigan mushuk kabi ogʻirligi 4,5 dan 7 kilogrammgachani tashkil qiladi. Ikkinchidan, u faqat orqa oyog‘ida harakatlangan. Chunki oldingi oyog‘i harakat davomida foydalanish uchun juda kichiklik qilgan. Oldingi oyoq karnotavrning qoʻliga oʻxshaydi (Men u haqida “Tarixdan oldingi sayyora”ning beshinchi seriyasi sharhlari davomida gapirib oʻtgan edim).

Yakapilning badiiy qayta tiklangan surati. Daniyel Boh / CONICET / CC BY 2,5AR

Argentina topilmasining filogenetik holatini aniqlashning imkoni boʻlmadi. Baʼzi maʼlumotlar matritsalaridan foydalanish yakapilning evripodlarga (stegozavrlar va ankilozavrlar) qardosh ekanini koʻrsatdi, boshqalaridan foydalanish esa uning faqat ankilozavrlarga qardosh yoki umuman ibtidoiy ankilozavr ekanini koʻrsatdi.

Umuman olganda, yakapil oʻzining kichikligi va harakatlanish usuli bilan bazal (yaʼni ibtidoiy) tireoforlarni koʻproq eslatib yuboradi. Ammo ular ancha oldin, Yura davrida va shimolroqda, Lavraziya hududida (Shimoliy Amerika va Yevrosiyodan iborat qitʼada) yashagan.

Filogenetik tahlillardan birining natijalari. Yakapil, stegozavr va ankilozavrlar qizil rangda belgilangan. Fakundo J. Rigetti va boshqalar / Scientefic reports, 2022-yil / CC BY 4.0

Biroq barcha olimlar ham topilma tireofor vakili ekaniga rozi boʻlishga tayyor emas. Stegozavr va boshqa zirhli dinozavrlar boʻyicha taniqli mutaxassis Syuzanna Meydment (Uning guruhi boshqa kashfiyotlar qatorida noodatiy ankilozavr Spicomellus aferʼni ham kashf etgan. Biz bu haqda oʻtgan yili yozib oʻtgan edik) yakapil tasvirlangan maqolani koʻrib chiqib, yangi tur seratops yoki hatto hozirgacha nomaʼlum boʻlgan dinozavrlar guruhining vakili boʻlishi mumkin deb hisoblaydi. Biroq ushbu qarashni tasdiqlash uchun biz yangi topilmalarni (albatta, agar ular boʻlsa) kutishimiz kerak.

Yakapil tireoforlardan chiqarib tashlangan taqdirda ham bu guruh, mening fikrimcha, dinozavrlar orasida eng ajoyiblaridan biri boʻlib qolaveradi. Masalan, men yuqorida aytib oʻtganim Spicomellus afer’ni yoki dumining uchi asteklarning quroli — makuauitlni eslatib yuboruvchi Stegouros elengassen ankilozavrini. 

Ikki yakapilning badiiy qayta qurilgan surati. Mauricio Alvarez va Gabriel Diaz Yanten (paleogdy) / CONICET / CC BY 2,5 AR

Yovvoyi Gʻarb shoxdori

Avgust oyi, shuningdek, Bisticeratops froeseorum deb nomlangan shoxli dinozavrning yangi turi topilgani bilan bizni xursand qildi. Zot nomi uning bosh suyagi topilgan hudud sharafiga, tur nomi esa Tangerine Dream guruhi yetakchisi Edgar Freyoze va uning oʻgʻli Jeromning sharafiga berilgan. Aytgancha, bu ilmiy nom oʻtgan yili internetda keng tarqaldi. U syerraseratops (Sierraceratops turneri) haqidagi maqolaning onlayn nashrida eslab oʻtilgan, lekin jurnalda chop etilgach, u yerdan olib tashlangan.

Bistitseratopsning qayta tiklangan skeletiSebastyan G. Dalman va boshqalar / New Mexico Museum of Natural History and Science Bulletin jurnali, 2022-yil

Bistitseratopsning bosh suyagi 1975-yilda Nyu Meksiko shtatida (AQSh) topilgan. Ammo uni pentatseratopsning (Pentaceratops sternbergii) bosh suyagi deb hisoblashgan. Qoldiqlar Kirtland hududidan (Kirtland Formation), taxminan 74 million yoshga teng boʻlgan togʻ jinslaridan topilgan. Oʻsha vaqtlarda Shimoliy Amerika Gʻarbiy ichki dengiz tomonidan ikki qismga – Laramidiya va Appalachiyaga boʻlingan va bistitseratopslar Laramidiyaning janubiy qismida yashagan.

Sebastyan G. Dalman va boshqalar / New Mexico Museum of Natural History and Science Bulletin jurnali, 2022-yil

Bosh suyagida yirtqich dinozavrlarning tish izlari aniq koʻrinib turibdi. Ehtimol, izlar uning qarindoshi, tirannozavrga tegishlidir. Bundan tashqari, 2018-yilda tayyorlangan tadqiqotlarga ishonilsa, bu qarindosh (uning hajmi juda katta) hali fanga toʻlaligicha maʼlum emas.

Filogenetik tahlil bistitseratopsning xazmozavrin (Chasmosaurinae) kichik oilasiga mansubligini koʻrsatadi. Bu oilada xazmozavr va barchaga taniqli triseratopslar bor.

Bistiseratops badiiy qayta tiklangan surati. Orqa fonda tiranozavr oʻlik bistitseratopsni yemoqda. Sergey Krasovskiy / Sebastyan G. Dalman va boshqalar / New Mexico Museum of Natural History and Science Bulletin jurnali, 2022-yil

Diplodokning yangi qarindoshlari

Zauropodomorflar (Zauropodomorpha) diplodoklar, braxiozavrlar va boshqa zauropodlarni, shuningdek, ularning ibtidoiy qarindoshlarini oʻz ichiga olgan dinozavrlarning katta guruhi hisoblanadi. Avgust oyida ularning qatoriga birdaniga ikkita yangi vakil qoʻshildi.

Ulardan biri, boshqalar qatorida, darhol ilmiy tavsifga ega boʻlgan Afrikadagi eng qadimgi dinozavrga aylandi. Uning qazilma qoldiqlari Zimbabveda Pebbli-Arkouz hududidagi yuqori trias togʻ jinslaridan topilgan. Uning yoshi Karnian davriga (237 dan 227 million yil oldin) toʻgʻri kelishi aytilmoqda. Albatta, u paytlarda Afrika mustaqil qitʼa emas, balki Pangeyaning bir qismi boʻlgan.

Bu kichik zauropodomorf Mbiresaurus raathi nomini oldi. Zotining nomi hududida qazilma qoldiqlari topilgan Mbire mintaqasi sharafiga va oʻziga xos turining nomi esa paleontolog hamda bu joyni kashf etganlardan biri Maykl Raat (Maykl Raath) sharafiga berilgan.

Golotipning gistologik tahlili (ilmiy tavsifga asoslangan namuna) topilgan dinozavr voyaga yetgan ekanini va allaqachon morfologik yetuklikka erishganini koʻrsatdi. Biroq yana bir boshqa topilma undan 15 foizga kattaroq boʻlib chiqdi. Bu mbirezavrning oʻsishi yetuklikka erishgandan keyin ham davom etganini yoki boshqa baʼzi dinozavrlar kabi balogʻatga yetgan mbirezavrlarning oʻlchami (ularning oʻsish jarayoni moslashuvchan boʻlgani sababli) bir-biridan farq qilishini koʻrsatadi.

Ushbu hududdan mbirezavrdan tashqari, gerrerazavridlar (Herrerasauridae) oilasiga mansub yirtqich dinozavrlar, rinxozavrlar (timsohlar va dinozavrlarning uzoq qarindoshlari), sinodontlar (sutemizuvchilarning ajdodlari) va etozavrlarning (timsohlarning oʻtxoʻr qarindoshlari) qoldiqlari ham topilgan. Jonzotlar yashagan fauna oʻsha paytda bir xil kenglikda joylashgan Janubiy Amerika va Hindistonning Karnian hududlari faunasiga juda oʻxshab ketadi. Bu Pangeyada hayvonlarning tarqalishiga taʼsir koʻrsatgan iqlim toʻsqinliklari mavjudligini isbotlaydi (Perm davri nihoyasiga yetgandan keyingi dastlabki kunlarda bunday toʻsqinliklar yoʻq edi va superqitʼaning faunasi deyarli bir xil edi).

Mbirezavrning badiiy qayta tiklangan tasviri. Ushbu ibtidoiy zauropodomorfda keyingi davrlarda yashagan uzun boʻyinli gigantlarning qarindoshlarini aniqlash haligacha qiyinchilik tugʻdiradi. Orqa fonda rinxozavrlar (oʻngda), etozavrlar (chapda) va sinodontni quvayotgan gerrerazavridlar koʻrinib turibdi. Andrey Atuchin / Virginia Tech

Yana bir yangi topilgan tur ancha rivojlangan. U haqiqiy zauropodning haqiqiy vakili. Uning umurtqasi Kolumbiyada Yura davriga tegishli La Kinta hududidan (La Quinta Formation) topilgan. Topilmaning yoshi taxminan 175 million yilga teng boʻlib, bu uni Janubiy Amerikadagi eng qadimgi zauropodlardan biriga aylantiradi. Olimlar unga Syerra de Periha togʻ tizmasi va La Pas shahri sharafiga Perijasaurus lapaz deb nom berdi. Shuningdek, uning nomi 2016-yilgi tinchlik shartnomasi (Acuerdos de Paz)dan ham kelib chiqqan. Bu shartnoma Kolumbiyadagi fuqarolar urushini rasman tugatmagan boʻlsa-da, faol harbiy harakatlarni toʻxtatdi. Yuzaga kelgan tinchlik olimlarga mintaqada dala tadqiqotlarini oʻtkazish imkonini berdi. 

Perijasaurus lapaz umurtqasi. Aldo F. Rinkon va boshqalar / Journal of Vertebrate Paleontology jurnali, 2022-yil

Dinozavrlardan tashqari

Nihoyat, men mozazavrlarning yangi turlari haqidagi maqolani tashlab oʻtib keta olmayman. Garchi bu dinozavrlar boʻlmasa-da, ular ulkan dengiz kaltakesaklari, ilonlarning yoki varanlarning (kladistika nuqtayi nazaridan ilonlar kaltakesaklar deb tasniflanishi kerak) yaqin qarindoshlari hisoblanadi.

Quyidagi Marokashdan, aniqrogʻi Uled Abdun fosforitga boy havzasidagi yuqori Boʻr davri konlaridan topilgan mozazavrdir. Marokash mozazavrlaridan biri Pluridens serpentis haqida biz oʻtgan yili maʼlumot bergan edik. Koʻzi kichik boʻlganligi sababli mexanik va kimyoviy qabul qilish tizimi yordamida kichik oʻljalarni ovlagan boʻlishi mumkin. Bu safar paleontologlar boshqacha tirikchilikka ixtisoslashgan mozazavrni tasvirlab berdi. U katta hayvonlarni, shu jumladan, boshqa mozazavrlarni ham ovlashni maʼqul koʻrgan. Yirtqichga Thalassotitan atrox, yaʼni “vahshiy dengiz titani” nomi berildi.

Talassotitan oʻlchamini nahang baliq va odam bilan taqqoslash (mozazavrlarda yelka suzgichlar mavjudligi tasdiqlanmagan). Nikolas R. Longrich va boshqalar / Cretaceous Research, 2022-yil

Talassotitanning qonxoʻr tabiati haqida uning tishlari guvohlik beradi. Bir tomondan, ular tranzit qotil nahanglarning tishiga (ular baliqdan koʻra sutemizuvchilarning goʻshtini afzal koʻrgan) yoki qadimgi leviafan (Livyatan melvillei) nomli kitlarning tishiga oʻxshab ketadi. Boshqa tomondan esa topilgan barcha tishlar juda eskirib ketgan. Ularning holati hatto tiranozavrlarning tishidan ham yomonroq. Umuman olganda, olimlar qattiq ishlashlariga toʻgʻri keldi.

Mozazavrlar orasida oziq-ovqat zanjirlarini aniq belgilab beruvchi shunga oʻxshash yirtqichning mavjudligi, shuningdek, kech Boʻr davri mozazavrlarining umumiy xilma-xilligi 66 million yil oldin yoʻq boʻlib ketishdan ilgarigi dengiz ekotizimlari holatida hech qanday yomonlashish boʻlmaganini koʻrsatadi. Bundan tashqari, ularning xilma-xilligi haligacha toʻliq tavsiflanmagan. P.serpentis va T.atrox boʻyicha tadqiqotlarni olib borgan Nikolas R. Longrich soʻzlariga koʻra, bizni hali koʻplab Marokash mozazavrlari kutmoqda.

Ov jarayonidagi talassotitanning badiiy qayta tiklangan tasviri. Andrey Atuchin / Bat universiteti

Muallif: Semyon Morozov. Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi “Новые древние: бронированный малютка, родичи диплодока и огромный морской ящер” nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: Bistiseratops badiiy qayta tiklangan surati. Orqa fonda tiranozavr oʻlik bistitseratopsni yemoqda. Sergey Krasovskiy / Sebastyan G. Dalman va boshqalar / New Mexico Museum of Natural History and Science Bulletin jurnali, 2022-yil

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!