Sayg‘oqlar tiklanyapti. Buyog‘iga nima qilish kerak?
Sayg'oq hayvoni, Volga-Ural sayg'oqi, Ustyurt hududlarida tarqalgan sayg'oqlar va hayvonot olami haqida ma'lumotlar bilan batafsil tanishing.
Oʻrta
4 min
30.09.2022
Biologiya va tibbiyot

“Ular hamma yerda” — 2018-yil bahorida mening dala daftarimdagi yozuvlarda shunday qaydnoma keltirilgan. O‘shanda men jurnalist sifatida Volga-Ural populyatsiyasidagi sayg‘oqlarning bolalashini kuzatishda ishtirok etdim va har tomonlama yordam berdim. O‘sha yili saygʻoqlar eng koʻp yashaydigan mamlakat — Qozog‘istonda sayg‘oq populyatsiyasi 200 ming boshdan sal ko‘proq edi.

Saygʻoq (lotinchada Saiga tatarica) — quvushshoxlilar oilasiga mansub juft tuyoqli hayvon.

Ammo sayg‘oq o‘z sonini qisqa muddat ichida tez tiklay oladigan ajoyib hayvondir, bu esa kishini hayratga solmay qo‘ymayapti. Go‘yoki bor-yo‘g‘i to‘rt yilgina o‘tdi, ammo birgina Volga-Ural sayg‘oqlari soni 545 ming boshga o‘sdi va Qozog‘iston hududidagi barcha uchta populyatsiya (Volga-Ural, Ustyurt va Betpaqdala) deyarli 850 mingga yetdi. Betpaqdala sayg‘oqlari populyatsiyasi 2015-yildagi ommaviy halokatdan so‘ng tiklandi. Eslatib o‘tamiz, sodir bo‘lgan fojiadan oldin ularning soni 200 ming boshdan biroz ko‘proq edi (turli hisob-kitoblarga ko‘ra, 210 dan 220 ming boshgacha hayvonni o‘lim olib ketgan).

Umumiy hisobning bunday tebranishlari, albatta, sayg‘oqning zamonaviy (XIX–XX–XXI asrlarni olamiz) tarixiga xosdir. Ammo paradoksal vaziyat yuzaga keldi. Aftidan, Volga-Ural sayg‘oqlari soni hech qachon bunchalik ko‘p bo‘lmagan va bu muqarrar ravishda odam bilan ziddiyatga olib keladi. Sayg‘oq yaylov va suvloqlar uchun raqobatlashadi, dalalarga keladi, bu esa iqtisodiy faoliyatni sezilarli darajada murakkablashtiradi. Natijada odam va hayvon o‘rtasida yana bir ziddiyat vujudga keladi.

Bundan tashqari, yana bir g‘ayrioddiy vaziyat vujudga keldi — ayg‘oq yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lgan tur sifatida to‘liq himoya qilinishi kerak. Ammo alohida hududlarda uning ko‘pligi va zichligi juda yuqori qiymatlarga yetdi. Albatta, bunday holatdagi xavotir epizootiyaning (bir yoki bir nechta tur hayvonlari orasida keng tarqalgan yuqumli kasallik) yuzaga kelish xavfini chaqiradi. Biroq hozir hal qilinishi kerak bo‘lgan muammo bor — odam va hayvon o‘rtasidagi ziddiyat muammosi. Tarix shuni ko’rsatadiki, bu kabi muammoning mumkin bo‘lgan ikkita yechimi mavjud:

  • populyatsiya sonini “qattiq” qo‘lda tartibga solish (bu odatda jon boshini olib tashlashga olib keladi, sodda tushuntirilganda — otishma);
  • “muammoli” hayvonlar bilan qo‘shnichilik oqibatida aholiga yetkazilgan zararni qoplash bo‘yicha “yumshoq” choralar.

Axloqiy nuqtai nazardan ikkinchi variant maqbul ko‘rinadi, biroq eng samaralisi birinchisi bo‘lib qolaveradi. Tabiatni boshqarishning byurokratik muammolari ham shu yerdan boshlanadi. Gap shundaki, hozirgi vaqtda Qozog‘istonda sayg‘oq ovlash taqiqlangan, Rossiyada bu tur Qizil kitobga kiritilgan. Xo‘sh, nima qilish kerak? Nahotki sovet davridagidek sayg‘oqlarga ham xarid idoralari faoliyati qayta tiklanadi, xuddi avvalgidek quturgan hayvonlar tom ma’noda bir-birini bosib, sindirib tashlaydigan qo‘ralarga haydaladi (sayg‘oqni ovlashning bu usuli Bernard Grjimekning “Yovvoyi hayvon va odam” kitobida yaxshi tasvirlangan).

Har qanday holatda ham boshqa savol tug‘iladi: agar o‘lja olishga ruxsat etilsa, unda o‘ljaga olingan mahsulotlarni nima qilish kerak? Ayniqsa Osiyo an’anaviy tibbiyot bozorlari ancha vaqtdan beri kutayotgan “qimmatbaho” sayg‘oq shoxini… 

Axir bu o‘z-o‘zidan talabni rag‘batlantiradi va, ehtimol, kam sonli davrda bu shimoliy kiyiklarni butunlay “tugatadi”. Hozircha javoblarga qaraganda savollar ko‘proq. Javoblarni olimlar va tabiiy resurslardan foydalanuvchilar topishi kerak va buni imkon qadar tezroq amalga oshirish darkor.

Sayg‘oqlar tiklanyapti. Buyog‘iga nima qilish kerak?
2006-yildan 2021-yilgacha Qozogʻistondagi “Saiga tatarica” saygʻogʻi soni / trv-science.ru

Ushbu maqola trv-science.ru sayti materialining tarjimasi.
Muqova surat: trv-science.ru

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!