Bezosning javobi: Blue Origin’ning parvozi Virgin Galactic’dan qanday farq qiladi? 
Oʻrta
8 min
10.04.2023
Fizika va astronomiya

Milliarderlarning “fazoviy poygasi” juda qizgʻin — 2021-yili Virgin Galactic asoschisi Richard Brenson oʻzining raketoplanida “sayr” qilib keldi, 20-iyulda esa Blue Origin asoschisi, Brensonning raqibi boʻlgan Jeff Bezos koinotga kapsula yubormoqchi. Biz bu parvoz qanday kechishi va uning Virgin Galactic parvozidan qanday farq qilishi haqida suhbatlashamiz.

Ikkala kompaniya ham bir maqsad – fazoviy kemalar koinot va atmosfera chegarasini kesib oʻtib, past Yer orbitasiga kirmagan holda, suborbital fazoga odamlarni va ilmiy tajribalarni olib chiqishi uchun kurashmoqda. Virgin Galactic va Blue Origin kompaniyalari koinotga koʻproq oddiy odamlar davlat korporatsiyalari ishtirokisiz chiqishi uchun fazoviy turizm bozorini jiddiy ravishda kengaytirish niyatida.


Bu chindan ham kosmosmi?

Koinot va Yer atmosferasi chegarasi (Karman chizigʻi deyiladi) tushunchasi munozarali mavzu boʻlib qolmoqda. Xalqaro aviatsiya federatsiyasi (FAI) taʼrifiga koʻra, u yuz kilometr balandlikda joylashgan. U yerdagi muhit shu qadar siyraklashadiki, endi u havo transporti uchun koʻtarma kuchni hosil qila olmaydi. Shu bilan birga, sinov maʼlumotlariga koʻra, chegara turli dizayndagi transport vositalari parvozlariga aerodinamik kuchlar jiddiy taʼsir qilishini toʻxtatadigan balandlik – 66 dan 88 kilometrgacha boʻlgan hududdan oʻtishi mumkin. Bu fakt uch yil avval FAIʼning Xalqaro astronavtika federatsiyasi (IAF) dagi hamkasblariga koinot chegarasini 80 kilometrgacha pasaytirish imkoniyatini muhokama qilishni taklif etishiga sabab boʻlgan. Biroq tashkilot hozircha hech qanday rasmiy qaror qabul qilmagan.

AQSh harbiylari va NASA 81 kilometrdan (50 mil) yuqori masofani bosib oʻtgan odamni astronavt deb hisoblaydi. Shu tufayli 86 kilometr balandlikka uchgan VSS Unity raketoplani ekipaj aʼzolari, shuningdek, Richard Brensonning oʻzi ham allaqachon “tijorat astronavt” maqomiga ega boʻlgan.

Raqobatchisidan farqli oʻlaroq, Blue Origin kompaniyasining koinot chegaralarini aniqlashga ehtiyoji yoʻq. Uning qurilmasi 106 kilometrgacha balandlikka koʻtarilishga qodir, yaʼni u Amerika standartlari va xalqaro standartlar boʻyicha, albatta, koinotga chiqadi.


Suborbital “sakrovchi”

Sayyohlik parvozlari uchun Blue Origin oʻlchami 15 ga 3,7 metr boʻlgan vertikal uchish va qoʻnish tizimidan foydalanadi. U bir bosqichli raketa va yoʻlovchi kapsulasidan iborat. Raketa 490 kilonyuton quvvatga ega BE-3 kislorod-vodorod dvigateli bilan jihozlangan va Yerga qaytib qoʻnishga qodir. Bu esa ishlab chiquvchilarning fikricha, uni qayta foydalanishga yaroqli qiladi.

Blue Origin

Kapsula olti kishiga moʻljallangan boʻlib, ularning har biri ulkan toʻrtburchak oyna orqali bortdan tashqarida nimalar boʻlayotganini kuzatish imkoniyatiga ega. Taqqoslash uchun, VSS Unity kabinasi ham olti nafar yoʻlovchiga moʻljallangan. Bortdagilar ham oʻnlab kichik dumaloq derazalar orqali Yerni kuzata oladi. Parvozning eng yuqori choʻqqisida, vaznsizlik holatida yoʻlovchilar VSS Unityʼda mavjud boʻlmagan, New Shepardʼda oʻrnatilgan tutqichlarni ushlab, kapsula boʻylab harakatlanishi mumkin. Yana bir farq – New Shepard parvozi toʻliq avtomatik rejimda amalga oshiriladi, VSS Unityʼni esa uchuvchilar boshqaradi.

Blue Origin

New Shepardʼda yuz berishi mumkin boʻlgan favqulodda vaziyatda yoʻlovchilarni uch marta muvaffaqiyatli ravishda sinovdan oʻtkazilgan raketadan favqulodda kapsulani olib qochish tizimi saqlab qolishi kerak. Sinovlar uchirish maydonchasida, raketa parvozi davomidagi eng yuqori yuklanish paytida va undan ajralgandan keyin oʻtkazilgan. Parashyut tizimi ham xavfsizlikni taʼminlash imkoniyatiga ega – kapsula uchta parashyutdan ikkitasida bexatar qoʻnishga qodir. Virgin Galactic raketoplanida esa favqulodda qutqaruv tizimi mavjud emas va avariya yuz bergan taqdirda yoʻlovchilar alohida parashyutlar yordamida Yerga oʻzi qaytishi kerak boʻladi.

New Shepardʼning parvozi quyidagicha kechadi. Raketa uchirilganidan taxminan uch daqiqa oʻtgach, 40 kilometr balandlikda kapsula undan ajralib chiqadi. Shundan soʻng raketa barqaror dvigatel yordamida yoʻnalishni oʻzgartirib, boshlangʻich nuqtadan 3,2 kilometr uzoqlikda joylashgan maydonga qoʻnadi. Inersiya qonuniyati asosida balandlikka koʻtarilishda davom etayotgan kapsula Karman chizigʻidan 2—3 daqiqaga oʻtib, keyin yana Yerga qaytadi. Parvoz boshlanganidan 9 daqiqa oʻtgach, avtomatlashtirilgan tizim uchta parashyutni chiqaradi va kapsula sekundiga taxminan 45 santimetr tezlikda yumshoq qoʻnishni amalga oshiradi. Tormozlash dvigateli eng oxirida qisqa vaqtga ishga tushadi. Butun parvoz taxminan 11 daqiqa davom etadi, shundan toʻrt daqiqa davomida yoʻlovchilar vaznsizlikdan zavqlanadi. Umuman olganda, New Shepard parvoz rejasi amerikalik birinchi astronavt Alan Shepardning 1961-yilda “Merkuriy-Redstoun-3” kemasidagi parvoziga oʻxshaydi. Tizimning nomi ham shundan kelib chiqqan.

Blue Origin

Birinchi ekipaj

New Shepard allaqachon bir nechta muvaffaqiyatli odamlarsiz parvozlarni amalga oshirgan. Ulardan birida, kapsula bortida qoʻgʻirchoq boʻlgan. Bu safar quyida ismlari keltirilgan odamlar birinchi marta NS-4 raketasining toʻrtinchi modelida koinotga chiqadi:

1. Blue Origin asoschisi Jeff Bezos;
2. Jeff Bezosning ukasi Mark Bezos;
3. 82 yoshli Uolli Fank. U 1961-yilda Astronavt ayollar dasturida (dastur ommaviy axborot vositalarida “Merkuriy-13” nomi bilan tanilgan) qatnashish uchun tanlangan. Oʻsha yillarda NASA ayollarni rasman nomzod deb hisoblamagan, dastur to‘xtatilgandan keyin bu guruh uchun tanlab olinganlarning hech biri koinotga chiqmagan. Fank tanlangan 13 ayolning eng yoshi hisoblanadi;
4. 18 yoshli talaba Oliver Deyemen. Oliver milliarderning oʻgʻli boʻlib, uning otasi Gollandiyaning Somerset Capital Partners kompaniyasi asoschisi hisoblanadi. U dastlab oʻzi parvoz qilishni rejalashtirgan, ammo maʼlum sabablarga koʻra koinotga chiqishni keyingi parvozga qoldirishga qaror qilgan.

Shunday qilib, parvozdan keyin dunyodagi eng yosh va keksa astronavtlar kapsuladan chiqib keladi. Kimoshdi savdosining sirli va ismi nomaʼlum asl gʻolibi, Bezos bilan koinotga uchish huquqini qoʻlgan kiritgan, buning uchun 28 million dollar toʻlagan shaxs esa New Shepardʼning boshqa parvozida uchishga qaror qildi.


Keyingi rejalar qanday?

Ikkala kompaniya ham boshqariladigan parvozlar uchun rasmiy ruxsatnomalar olgan, shuning uchun ular keyingi sayyohlik reyslarini boshlashga tayyorgarlikni davom ettiradi. Virgin Galactic raketoplaniga chiqish uchun navbat allaqachon juda katta – kamida 600 kishi chipta uchun 250 ming dollardan toʻlab qoʻygan (ular orasida Ilon Mask ham bor). Kompaniya yana ikkita sinov parvozini amalga oshirganidan soʻng ilk mijozlarni koinotga olib chiqishni vaʼda qilmoqda. Blue Origin mijozlari esa koinotga uchish uchun taxminan 500 ming dollar toʻlashi kerak boʻladi. Shu bilan birga, kompaniya NS-4 oʻrniga tizimning yangi turini, Virgin Galactic esa yangi raketoplan yaratadimi yoki yoʻqmi hozircha maʼlum emas.

New Shepardʼda uchishga tayyorgarlik koʻrish uchun mablagʻi bor mijozdan koʻp vaqt talab qilmaydi. Bu muddat atigi toʻrt kunni tashkil etadi. Yoʻlovchilarning vazni 49,9 dan 108,9 kilogrammgacha, boʻyi 152,4 dan 193 santimetrgacha boʻlishi, 3 g (koʻtarilish vaqtida) dan 5,5 g gacha (qoʻnish vaqtida) G-kuchlariga bardosh berishi, 90 soniyadan kamroq vaqt ichida yettita bosqichda uchishga chidashi, yopiq muhitda 90 daqiqagacha qola olishi kerak.

Odamlardan tashqari, ilmiy tajribalar ham suborbital parvozga yuborilishi mumkin. 11-iyul kuni VSS Unity raketoplani bortida Richard Brenson bilan birga Arabidopsis thaliana oʻsimligi urugʻlari boʻlgan probirkalar bor edi. Ushbu joʻnatma kichik tortishish kuchining oʻsimliklarga taʼsirini oʻrganuvchi NASA tajribasining bir qismidir. New Shepard avval ham sinov parvozlarida foydali yuklarni olib chiqqan, biroq Bezos bundan keyingi uchishlar davomida qandaydir ilmiy tajribalarni olish yoki olmasligi nomaʼlum.


Muallif: Aleksandr Voytyuk. Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi “Ответ Безоса: чем полет Blue Origin отличается от Virgin Galactic” nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: Blue Origin / nplus1.ru

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!