20.02.2024
Teletibbiyot dunyodagi eng tez rivojlanayotgan tibbiyot bizneslaridan biridir. Rossiyada teletibbiyot toʻgʻrisidagi qonun 2018-yilda kuchga kirdi, bu esa ushbu sohani professional doiralardan tashqarida ham rivojlantirishga turtki berdi. N + 1 muharrirlari “Gazprom Neft” bilan birgalikda teletibbiyotning hozirgi holatini va kelgusi bir necha yil ichida undan nimalar kutilayotganini aniqladi.
Shifokoringiz har yerda hozir-u nozir
Doktor Timur Dasayev Yamalo-Nenets avtonom okrugidagi olis Shimolda joylashgan eng yirik neft va gaz konlaridan birida ishlaydi. Teletibbiyot uskunalaridan foydalangan holda u Moskva va Tomskda joylashgan tibbiyot markazlaridagi kardiolog, jarroh va boshqa mutaxassislar bilan operativ konsultatsiyalar oʻtkazib turadi.
Bemorning tibbiy maʼlumotlari onlayn ravishda uzatiladi, “materikdagi” mutaxassis ularni oʻrganadi, Dasayev bilan muhokama qiladi va vaziyatga toʻgʻri tashxis qoʻyish hamda talabga javob beradigan davolash usulini aniqlashga yordam beradi.
“Ulkan Yer” dan avtonom ravishda, alohida joylashgan bunday neft konlarida bemorning ahvolidagi oʻzgarishlarga tezda munosabat koʻrsatish juda muhim.
Koʻpincha yurak-qon tomir faoliyatining oʻtkir buzilishlari kuzatilgan bemor holati mahalliy shifokorlar tomonidan 2—3 soat ichida, jumladan, trombolitik terapiya yordamida barqarorlashtiriladi, soʻngra u tibbiy aviatsiya yordamida mintaqaviy tibbiyot muassasalariga yetkaziladi.
Neft konidagi ishlar qishda havo harorati -50 °C gacha boʻlgan sharoitda almashib ishlash usulida amalga oshiriladi. Bunday iqlimda hatto “kichik kasallik”lar ham oʻlimga olib kelishi mumkin. Bundan tashqari, baʼzida ob-havo tufayli vertolyotda tezkor evakuatsiya qilishning imkoni boʻlmay qoladi.
Mana, nega neft-gaz sanoatida band ishchilar oʻzining shimoliy loyihalarida teletibbiyotni joriy etishga qaror qilgan.
“Gazprom Neft” birinchilardan boʻlib ushbu texnologiyadan foydalangan. Yamaldagi loyiha uch yil oldin ishlab chiqilgan va oʻtgan yili toʻliq ishga tushirilgan. Loyiha doirasida tez yordam shifokorlari yoki reanimatologlar bevosita ish joyining oʻzida faoliyat koʻrsatadi.
Bu yerda ultratovush uskunasi, EKG, videokonferensiya uskunalari, ranglarni toʻgʻri uzatuvchi maxsus videokameralar oʻrnatilgan. Bu masofada turgan maslahatchi shifokor zarar darajasini aniqlashi uchun muhim.
Moskva yoki Tomskning yuqori malakali kardiolog, nevrolog, travmatolog, oftalmolog va boshqa yoʻnalishdagi shifokorlari teletibbiyot boʻyicha konsultatsiyalar berishda ishtirok etadi. Favqulodda konsultatsiya bir soat ichida tashkil etiladi, rejalashtirilgan maslahatlar esa bir kun ichida amalga oshiriladi.
Kamida oʻn yillik ish koʻnikmasiga va fan nomzodidan past boʻlmagan, ilmiy darajaga ega boʻlgan shifokorlar videoaloqa orqali muloqot beradi. Mutaxassislar turli vaqt mintaqalarida joylashgani tufayli ularning maslahati nafaqat kunduzi, balki kechasi ham talab qilinishi mumkin.
Yil davomida neft konlarida shifokorlar 200 dan ortiq telekonsultatsiyalar oʻtkazdi, ularning deyarli yarmi shoshilinch boʻlgan. Koʻpincha teletibbiyot oʻtkir yurak-qon tomir kasalliklari, hayot uchun xavfli jarohatlar, siydik ajratish tizimi va oshqozon-ichak traktining oʻtkir kasalliklari uchun qoʻllanilgan.
Biroz vaqt oʻtgach, bu amaliyot doimiy tusga kirib qolishi mumkin va boshqa sanoat kompaniyalari ham undan foydalanishni boshlaydi. “Gazpromneft-Razvitiye” kompaniyasi salomatlikni muhofaza qilish boʻlimi boshligʻi Stanislav Yatsentyukning soʻzlariga koʻra, bir necha yil ichida teletibbiyot YaNAO va Saxa (Yakutiya) Respublikasining boshqa yirik konlarida ham joriy etiladi.
1905-yilda elektrokardiografiya ixtirochisi Villem Eynxoven EKGni telefon kabeli orqali apparat joylashgan shifoxonadan oʻz laboratoriyasiga – 1,5 km masofaga uzatdi. 1920 va 1940-yillarda Norvegiya, Italiya va Fransiya kasalxonalari shifokorlari radio orqali dengizchi bemorlarga maslahat berishni boshladi va 1965-yildayoq amerikalik kardiojarroh Maykl Debayki Shveytsariyadagi hamkasblari bilan sunʼiy yoʻldosh kanali orqali bogʻlanib, maslahat bergan edi.
Videoaloqa yordamida tibbiy tasvirlarni uzatish 50—60-yillarda boshlangan. Taxminlarga koʻra, birinchi marta real vaqt rejimida tibbiy maʼlumotlar Nebraska universiteti nevrologlari tomonidan hamkasblari bilan boʻlishilgan va bu voqea 1959-yilda sodir boʻlgan. 1980-yillarda baʼzi radiologlar uskunadan uzoqlashmasdan turib tasvirlarni qabul qilish va hamkasblari bilan maslahatlashish uchun teleradiologiya tizimlaridan foydalanishni boshladi.
Biroq bir necha loyihalar vaqt sinovidan oʻtib, 20 yildan ortiq davom etgan. 1950-yillarda Qoʻshma Shtatlarda teletibbiyot dasturlarining birinchi toʻlqini boshlandi, ammo yigirma yil oʻtgach, moliyalashtirish toʻxtatilgani sababli ular qisqartirilgan.
Muammo shunda ediki, teletibbiyot loyihalarini amalga oshirish uchun koʻpincha maʼlum bir teletibbiyot dasturi uchun yaratilgan maxsus vosita va dasturiy taʼminot kerak boʻlgan. Uskunalar katta hajmli edi, kasalxonalarda turardi va faqat maxsus oʻqitilgan xodimlar u bilan ishlashi mumkin edi. Bu shuni anglatganki, bemorlar texnologiyadan osonlik bilan foydalana olmagan. Buning ustiga oʻsha paytda hali internet yoʻq edi.
Kasbning mohir ustalari tarqab ketdi
“Yoshligimda biz operatsiyaning tayyorgarlik bosqichini koʻrish uchun shisha gumbaz ustidan joy olardik (operatsiya xonasida operatsiya jarayonini kuzatishingiz mumkin boʻlgan alohida joy. N + 1). Keyin jarroh kelardi, jarrohlik maydonini boshi bilan yopib olardi, bizning xursandchiligimizga shu bilan barham berilardi”, – deydi biologiya fanlari doktori, Rossiya Xalqlar doʻstligi universiteti tibbiyot informatika va teletibbiyot kafedrasi mudiri Valeriy Stolyar. “Hozirda esa jarayonni kuzatish va jarroh nima qilayotganini koʻrish uchun shifokorning peshonasiga yoki iyagiga kichik oʻlchamli kamerani osib qoʻyish mumkin. Endi talabalar operatsiyaga jarroh nazari bilan qaray oladi”.
Yaxshi shifokor boʻlish uchun darslikning oʻzi yetarli emas. Chunki tibbiy bilim, koʻnikmalarni amaliyotda qoʻllash bilan shakllanadi. Nazariya tajribali mutaxassisdan koʻnikmalarni oʻrganish imkoniyatini toʻxtatib qoʻymasligi kerak, chunki hatto tajribali mutaxassisning oʻzi ham qaysidir amalni nima uchun qilayotganini har doim ham soʻz bilan ifodalab bera olmaydi. U faqat koʻrsatib berishi mumkin.
Kasbni boshqaga oʻtkazishga doir qiyinchiliklarga qoʻshimcha ravishda, koʻnikmalarni amaliyotda qoʻllash maydonini kengaytirish bilan bogʻliq muammolar ham mavjud. Har doim yaxshi mutaxassislar yetarli boʻlmagan va ularda koʻnikmalarni hamkasblariga yetkazish uchun koʻpincha boʻsh vaqt boʻlmaydi. Ushbu muammo tajribali jarrohning operatsiya davomida nima qilayotganini batafsil koʻrish imkonini beruvchi texnologiyalar yordamida hal qilinmoqda.
Shunday qilib, talabalar yonida boʻlmagan tajribali mutaxassislardan saboq olishi va oʻqishni tugatgandan soʻng ham ilm olishni davom ettirishi mumkin. RUDN universiteti oʻz vataniga – Nigeriya yoki Somaliga qaytib ketgan bitiruvchilar uchun mana shunday loyihani ishga tushirishni rejalashtirmoqda. Yosh shifokorlar masofadan turib maʼruza tinglashi, universitetdagi hamkasblari va professor-oʻqituvchilari bilan maslahatlashishi mumkin boʻladi.
Telekommunikatsiya mana shunday oʻrinlarda yaxshi mutaxassisning “mavjudlik effektiga” erishish imkonini beradi. U jismonan universitetda boʻlmasligi, shimoldagi borish qiyin boʻlgan manzilda yoki shunchaki kichik bir shaharchada boʻlishi mumkin.
Kasbiy muloqot
RUDN universitetida tibbiy informatika va teletibbiyot fakultetida klassik ogʻzaki imtihonlar oʻrniga “imtihon oluvchi talabadan soʻraydi” koʻrinishida sinov oʻtkaziladi. Bunda talabalar “tajribali shifokor”, “yosh davolovchi shifokor” va “bemor” ishtirok etadigan guruhlarga boʻlinadi va kengash tashkil qilinadi. Masalan, “yosh shifokor” Yoxannesburgdan boʻlishi va ingliz tilini bilmaydigan bushmen qabilasidan boʻlgan bemor ayolga tarjimonlik qilishi mumkin.
Talabalar ishtirok etadigan bu kengash standart tibbiy amaliyot boʻlib, bir nechta shifokorlar murakkab holatni oʻrganib, bemorni qanday davolashni birgalikda hal qiladi.
Soʻnggi 20 yil ichida Rossiyada teletibbiyotga asoslangan maslahatlar faol rivojlanmoqda. Talabalar va shifokorlar RUDN universitetining “Xalqaro teletibbiyot maktabi” kurslarida telekonsultatsiya oʻtkazishga oʻrgatiladi. Har yili bunday kurslarga 40 ga yaqin kishi roʻyxatdan oʻtadi.
Shifokorlar amaliy koʻnikmalarga ega boʻladi va ikkita muhim narsani tushunib oladi. Teletibbiyot nima uchun ularga klinikada yoki kompaniyada kerak boʻlishini va aslida qanday ishlash kerakligi, asbob-uskunalarni qanday tayyorlash, konsultatsiyalarni qanday oʻtkazish, bemorning orqasida devorning rangi qanday boʻlishi kerakligini aniqlashtirib oladi.
Misol uchun, shifokor masofadan turib konsultatsiya paytida kuyish yarasini koʻrishi uchun bemor yarani chiroq bilan yoritishi kerak. Tasvirni uzatish paytida rang tarkibi buziladi va shifokor zarar darajasini toʻgʻri baholay olmaydi. Bunday holatlar juda koʻp.
“20 yil oldin Bebel markazida biz ʼMoskva – Rossiya viloyatlariʼ loyihasini boshladik va ikki respublika – Yakutiya hamda Mordoviya bilan dastlabki masofaviy maslahatlashuvlarni oʻtkazdik. Bu loyiha hozir juda faol ishlayapti, lekin biz xohlagan darajada emas. Buning sababi, bugungi kunda, afsuski, hech kim shifokorga, talabalarga, rahbarlarga teletibbiyot nima ekanini, undan qanday foydalanishni oʻrgatmayapti”, – dedi Stolyar.
Moskva, Novosibirsk, Sankt-Peterburgdagi katta klinikalarga Yakutiya yoki Komsomolsk-na-Amurdagi bemorlarni operatsiyaga yuborishdan oldin, davolovchi shifokorlar holatni operatsiyani amalga oshiradigan jarroh bilan muhokama qilishi mumkin.
Bir tasavvur qilib koʻring, yurak nuqsoni boʻlgan viloyatlik bola operatsiyaga muhtoj. Ota-onasi qator hujjatlarni rasmiylashtirib, Moskvadagi klinikaga keladi va shifokordan norozi ohangda “Qaysi ahmoq bu xulosani yozdi, nega yurakning ultratovush video tekshiruvini olib kelmadingiz?” degan gapini eshitishsa…
Teletibbiyot esa viloyatlik shifokor va Moskvada bolani operatsiya qiladigan jarroh oʻrtasida suhbatlashish imkonini beradi. Agar bemorning ahvoli ogʻir boʻlsa, unda bir vaqtning oʻzida ikki yoki uchta klinika ishtirokida kengash chaqirilishi mumkin.
Mamlakatimizda teletibbiyot tarixi 1970-yillarda, yaʼni boshqa davlatlarga nisbatan kechroq boshlangan. Oʻsha paytda, SSSRda Eyntxoven 1905-yilda qilgan ish – EKGni kasalxonalardan maslahat markazlariga uzatgan.
Birinchi rus videokonsultatsiya faqatgina 1995-yilda boʻlib oʻtgan. Maslahat Sankt-Peterburgdagi Rossiya harbiy tibbiyot akademiyasi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan. Shuningdek, Peterburg shifokorlari bemorlarga emas, balki viloyatlardagi hamkasblariga maslahat bergan. Masofaviy videokonsultatsiyalar, hamkasblarni oʻqitish va tibbiy maʼlumotlar almashinuvi uchun qonunchilik toʻsiqlari kam boʻlgani tufayli rus teletibbiyoti bu yoʻnalishda XX asr oxirigacha rivojlandi.
Mamlakatda “shifokor-bemor” teletibbiyot shaklining paydo boʻlishiga koʻp yillar davomida qonunchilik bazasining yoʻqligi toʻsqinlik qildi. Bemor bilan “masofadan gaplashish” shifokorning jinoiy javobgarlikka tortilishiga sabab boʻlgan. 2000 yilda Sogʻliqni saqlash vazirligining “Teletibbiyot boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengashni tashkil etish toʻgʻrisida”gi buyrugʻi chiqarilgan boʻlsa-da, bu masala 2017-yil 29-iyuldagi ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida “Rossiya Federatsiyasining sogʻliqni saqlash sohasida axborot texnologiyalarini qoʻllash toʻgʻrisida”gi 242-FZ-sonli federal qonuni sababli 2018-yil 1-yanvargacha qolib ketgan.
Mazkur qonunga koʻra, shifokorlar elektron retseptlar berish va bemorlar bilan masofadan turib muloqot qilish huquqiga ega. Toʻgʻri, shifokor onlayn tarzda tashxis qoʻyish huquqiga ega emas. Birinchi koʻrik uchun bemor kasalxonaga shaxsan kelishi shart. Bu masala toʻgʻridan toʻgʻri qonunda nazarda tutilgan. Ammo davolash jarayonini endi onlayn tarzda kuzatish mumkin boʻlgan. Bunday yengillik oyogʻi singan bemor uchun katta yutuq edi.
Maqolaning 2-qismini bu yerda o‘qing → sinaps.uz/maqola/14816
Muallif: Olga Dobrovidova. Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi “Доктор не поедет сквозь снежную равнину” nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: nplus.ru
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.