2-qism. Jamoaviy aql dastidan dod! Sog‘lom fikr sog‘liqni asrashga yordam bermasa nima qilish kerak?
Jamoaviy aql, sog'lom fikr, zarar yetkazmasdan chekish, jismoniy faollik, nikotin, elektron sigaret, veyplar, tamaki is'temolining zarari haqida.
9 min
28.07.2023
Biologiya va tibbiyot

Maqolaning 1-qismini bu yerda o‘qing → sinaps.uz/maqola/16674/


Sogʻlikka zarar yetkazmasdan chekish mumkinmi? Bu qiyin.

Agar sogʻliq uchun xavf tugʻdirmagan holda uzoq vaqt oʻtirishni oʻrganish mumkin boʻlsa, tamaki chekish inson salomatligiga oʻnglab boʻlmaydigan zarar keltiradi. Shuning uchun sogʻligʻi haqida qaygʻuradigan voyaga yetgan chekuvchilar uchun eng yaxshi yechim chekishni butunlay tashlashdir. Agar biror kishi bu kabi zararli odatdan voz kechishni istamasa, chekish xavfini kamaytirishga harakat qilish uning ixtiyorida boʻladi. Masalan, u jismoniy faoliyat bilan shugʻullanishi mumkin. Jismoniy faollik bilan band boʻlgan 6 790 nafar chekuvchilar bilan oʻtkazilgan tadqiqot oʻrta va yuqori darajadagi faollikka ega chekuvchilarda surunkali obstruktiv oʻpka kasalligining rivojlanish xavfi va darajasi sezilarli darajada past boʻlganini koʻrsatdi. 

Agar siz cheksangiz-u, lekin sport bilan doʻst boʻlmasangiz va “Men kuniga bir-ikkita sigaret chekaman xolos”, degan fikr bilan oʻzingizga taskin bersangiz, biz sizga yoqimsiz xabar yetkazmoqchimiz. Ilmiy tadqiqotlar kuniga toʻrt-yettita sigaret chekish bir quti chekadigan ashaddiy kashandalarga xos boʻlgan sezilarli oqibatlar va xavflarni keltirib chiqarishini koʻrsatdi.

Murakkab surunkali obstruktiv kasallikning belgilaridan biri – oʻpkaning giperinflyatsiyasi. Bu hatto fluorogrammada ham koʻrinib turibdi. Kompyuter tomografiyasi yordamida kasallikni erta bosqichda aniqlash mumkin / Devid A. Rayxlen / Janubiy Kaliforniya universiteti

Agar siz “yengilroq” sigaret chekish tanaga kamroq zarar yetkazadi deb oʻylasangiz, hafsalangizni pir qilamiz. Haqiqatan ham 1970-yillarda qatron va nikotin miqdorini kamaytirish sogʻliq uchun xavfni kamaytiradi, deb ishonilgan. Biroq soʻnggi tadqiqotlarga koʻra, kamaytirilgan nikotin miqdori zararni kamaytirishda muhim rol oʻynamaydi. Mutaxassislar, jumladan, AQSh bosh shifokori va Buyuk Britaniya Qirollik shifokorlar kolleji rahbari nikotin chekish bilan bogʻliq kasalliklarning asosiy sababchisi emas, degan fikrga qoʻshiladi. Oʻpka saratoni, yurak-qon tomir kasalliklari va emfizema kabi kasalliklar, asosan, nikotinning oʻzidan emas, balki tamaki yonishi natijasida koʻp miqdorda hosil boʻladigan zararli moddalardan nafas olish oqibatida kelib chiqadi.

Sigaret tutuni tahlil qilinganda, uning tarkibi yengil sigaretlarda oʻzgarishi aniqlandi. Tamaki tutuniga xos boʻlgan bir qator nitrozaminlar va uchuvchi aromatik birikmalar miqdori oddiy sigaretalar tutuniga nisbatan kamayadi, ammo aromatik aminlarning tarkibi sezilarli darajada oshadi. Hujayrada oʻtkazilgan soʻnggi sinovlar bu moddalar bronxlar ichki yuzasini qoplaydigan toʻqimalarning boʻlinishi va oʻsishini sekinlashtirishini isbotladi. Ushbu natijalarga asoslanib, olimlar yengil sigaretlar salomatlikni yaxshilashning usuli emas, degan xulosaga kelishdi.

Muqobil nikotin yetkazib berish tizimlari, masalan, elektron tamaki isitish tizimlari (ETIT) chekishning zararini kamaytirishi mumkin. PMI tomonidan moliyalashtirilgan tadqiqotga koʻra, tamakini yonmaydigan haroratgacha nazorat ostida qizdirish yonishdan koʻra kamroq zararli tutun hosil qiladi. Bu mana shunday mahsulotlardan foydalanish sigaretga qaraganda kamroq zarar yetkazishi mumkinligini koʻrsatadi.

Ushbu gipotezani tasdiqlash uchun PMI ilmiy-tadqiqot markazi tadqiqotchilari voyaga yetgan chekuvchilarni tajribada qatnashish uchun taklif qilishgan va ularni uch guruhga boʻlishgan. Bir guruh sigaret chekishni davom ettirdi, ikkinchisi ETITʼdan foydalanishga oʻtdi, uchinchisi esa tamaki mahsulotlaridan butunlay voz kechdi. Tajriba orasida olimlar ishtirokchilarning qon biomarkerlarini solishtirdi va ETITʼdan foydalanganda (hatto ETITʼga yaqinda oʻtilgan boʻlsa ham) tana sigaretani tashlash bilan taqqoslangandagi taʼsirni boshdan kechirishini aniqladi. Oddiy qilib aytganda, ETITʼga oʻtgan ishtirokchilar guruhidagi sogʻliq koʻrsatkichlari chekishni tashlash guruhining qiymatlariga yaqinlashib, ijobiy tendensiyani koʻrsatdi.

Umuman olganda, hozirgi kunga qadar ETIT tutunining taʼsiri haqida ilmiy, klinik va statistik maʼlumotlar toʻplangan. ETIT paydo boʻlganidan beri juda oz vaqt oʻtdi. Polshalik tadqiqotchilar ushbu mavzu boʻyicha ilmiy maqolalarni chop etishdi va tamaki qizdirish tizimlaridan foydalanganda noxush oqibatlarning xavfi kamayadi, ammo butunlay yoʻqolmaydi, degan xulosaga kelishdi.

Yaqinda uzoq muddatli klinik tadqiqotlarning birinchi natijalari paydo boʻla boshladi. Ulardan birida chekuvchilarda surunkali obstruktiv oʻpka kasalligi holatidagi tajriba natijalari solishtiriladi. Tadqiqotda qatnashganlarning bir guruhi oddiy sigaret chekishni davom ettirdi (albatta ular koʻpchilik emasdi), ikkinchisi esa ETITʼga oʻtdi. Ikkinchi guruh natijalari uch yil davomida bir qator koʻrsatkichlar boʻyicha sezilarli darajada yaxshilandi. Ular jismoniy yuklamalarga yaxshiroq chiday boshladi va oʻpkaning hayotiy hajmi oshdi. Ushbu guruhdagi subyektlarning oʻzi hayot sifati yaxshilanganini qayd etishdi. Sigaret chekishni davom ettirgan odamlarda statistik jihatdan sezilarli ijobiy natijalar kuzatilmadi.

Veyping va elektron sigaretalar kabi nikotin yetkazib berishning boshqa tizimlari ham sigaretalar kabi yomon taʼsir koʻrsatmaydi. Shunga qaramay, besh yillik klinik tadqiqotlar chekishni tashlashni istamaydigan surunkali obstruktiv oʻpka kasalligi bilan ogʻrigan insonlar uchun sigaretga muqobil sifatida ularning samaradorligini koʻrsatadi.

Yaqinda veyperlarning shov-shuvli sirli kasalligining ( EVALI – elektron sigaret yoki veyping, mahsulotdan foydalanish bilan bogʻliq oʻpka jarohati) qandaydir sirini aniqlashga muvaffaq boʻlindi. Voqea shunday boʻlgandi: 2019-yilda Qoʻshma Shtatlarda alomatlari ogʻir pnevmoniyaga oʻxshash oʻpka kasalligi epidemiyasi boshlandi va oʻsha yili ushbu kasallikdan 60 kishi vafot etdi. Shu bilan birga, bemorlarda bakterial yoki virusli infeksiya belgilari yoʻq edi. Keyinchalik barcha bemorlarning umumiy xususiyatini aniqlash mumkin boʻldi. Ular veyping tizimlari yoki elektron sigaretlardan foydalangan ekan. Biroq veyp aralashmalari tarkibidagi aynan nima bu kasallikka olib kelishi mumkinligi nomaʼlumligicha qoldi.

Ushbu epidemiyaning paydo boʻlgan joyi ayniqsa shubhali edi. Veyplar hamma joyda qoʻllanadi, lekin qurbonlar faqat AQShda boʻlgandi. Qirollik shifokorlar kolleji (Buyuk Britaniya) tahlilchilarining fikriga koʻra, kasallik aniqlangan joy Qoʻshma Shtatlardagi aralashmalar tarkibini tartibga solishning oʻziga xos xususiyatlari bilan bogʻliq boʻlishi mumkin. Baʼzi shtatlarda spayslar va kannabinoidlar boʻlgan veyp aralashmalari sotilgan. Bundan tashqari, oʻlim koʻrsatkichlarining uchdan ikki qismi ochiq sotiladigan mana shunday veyplardan foydalanish bilan bogʻliq boʻlib chiqqan.

Majburiy ikki tomonlama koʻrib chiqish jarayonlaridan hali oʻtmagan soʻnggi tadqiqotlarga koʻra (ilmiy jurnallarda yuqori sifatli nashrlarni taʼminlash uchun moʻljallangan standart jarayon), EVALIʼning umumiy asosi veyp aralashmalarining tarkibiy qismlaridan biri – tokoferol asetat (E vitamini hosilasi) boʻlishi mumkin. Ushbu modda asosan marixuananing psixoaktiv moddasi boʻlgan tetrahidrokannabinol uchun nikotinsiz erituvchi sifatida ishlatiladi. Bu veyp aralashmalari boʻyicha Qirollik shifokorlar kolleji tahlilchilari keltirgan statistik maʼlumotlarni izohlab beradi. CDCʼning hozirgi pozitsiyasi unchalik keskin emas. Toʻgʻri, EVALI asosan tokoferol asetat bilan bogʻliq, ammo baʼzi klinik holatlar bu voqealar miqyosidan tashqarida sodir boʻlgan va kasallikning sabablari qoʻshimcha oʻrganishni talab qiladi. EVALI sabablari noaniq boʻlib qolayotgan boʻlsa-da, Germaniya, Braziliya va Qoʻshma Shtatlar olimlari allaqachon veyp va elektron sigaretlarning asab toʻqimalariga ehtimoliy xavfini aniqladi.


Boks qoʻlqoplari himoya qiladimi? Albatta oʻlimdan himoya qilolmaydi.

Yaxshi niyatda qilingan ixtirolar noaniq oqibatlarga olib kelgan holatlardan xabardormiz. Bunday holatlar professional kurash bilan shugʻullanadigan sportchilarni himoya qilish istagi bilan sodir boʻldi. Himoya boks qoʻlqoplari 19-asrning oxirida, jang kasb deb hisoblanmagan paytda qoʻllana boshlandi. 20-asrda ularning samaradorligi haqida bahslar avj oldi.

Qoʻlqoplar bokschilarga qoʻllarning xavfsizligi haqida oʻylamaslik va raqibning boshiga iloji boricha koʻproq zarba berish imkonini berdi. Aynan shular boks uchrashuvlari paytida nokdaunlarning aksariyatiga olib keladigan zarbalardir. Bosh suyagiga muntazam berilgan zarbalar boshning qattiq va toʻrsimon qatlami oʻrtasidagi tomirlarning yaxlitligiga zarar yetkazishi mumkin. Bunday zarbalar gematoma shakllanishiga, miya shishishiga va hatto oʻlimga olib kelishi mumkin. Shu tariqa 2019-yilda rossiyalik bokschi Maksim Dadashev jangdan keyin miya shishi tufayli vafot etgandi.

Muntazam, hatto yengil bosh jarohatlari “bokschi demensiyasi” deb ataladigan kasallikka olib kelishi mumkin. Ilmiy til bilan aytganda, bu holat surunkali travmatik ensefalopatiya deb nomlanadi. Kasallik hatto yoshlarda rivojlanishi mumkin va aqli zaiflik sifatida namoyon boʻladi. Rasmiy ravishda bunday kasallik tashxisi bir nechta bokschilarga qoʻyiladi, ammo turli maʼlumotlarga koʻra, ensefalopatiya professional bokschilarning 17-40 foizida uchraydi.

1986-yilda boks shlemi jangning majburiy elementiga aylandi. Tadqiqotlar shuni koʻrsatdiki, u zarba paytida bosh suyagida paydo boʻladigan aylanish tezlashuvini oʻzlashtirib, xavflarni kamaytirishga yordam beradi. Ammo qoʻlqopsiz boks qoʻlqoplisiga qaraganda xavfsizroqdir. Biroq bu aksariyat mamlakatlarda taqiqlangan. Aralash yakkakurashlar statistik maʼlumotlariga koʻra, 1993-yildan buyon sakkiz nafar sportchi jang vaqtida olingan jarohatlardan vafot etgan. Ulardan toʻrt nafarining oʻlimi bevosita jang bilan bogʻliq boʻlmasligi mumkin. Boks statistikasi yanada achinarli. Har yili oʻrtacha 13 nafar sportchi ringda halok boʻladi. Shunday qilib, qonli MMA himoya usullari koʻpligiga qaramay, boksdan xavfsizroqdir.

Birovning boshi – mavhumlikdir, jumladan, olimlar uchun ham. Ilm-fan eshik kesakisiga bosh bilan tasodifiy urilish halokatli oʻlim holatlariga olib kelganidan xabardor. Lekin bosh suyagi orqali miya toʻqimalaridan oʻtib ketgan kamon oʻqi bemor uchun hech qanday jiddiy oqibatlarsiz olib tashlangani ham maʼlum. Biroq fan miyaga kirgan oʻq kesakiga urilib ketishdan koʻra xavfsizroq deb ayta olmaydi.

***

Sogʻlom fikrni izlash ham baʼzan noaniq natijalar bilan tugaydi. Hatto eng oqilona gʻoyalarga ham shubhasiz tarzda munosabatda boʻlish mumkin emas. Ularni amaliyotga joriy qilganda esa, “yaxshilik qilib, yomon natija olish” ruhidagi vaziyat sodir boʻlishi yoki boʻlmasligini ikki marta qayta tekshirish kerak.

Ushbu maqola reklama emas va tamaki mahsulotlarining ehtimoliy isteʼmolchilarini tamaki chekishning zarari toʻgʻrisida ogohlantirish, aholini tamaki isteʼmolining zarari va tamaki tutunining boshqalarga salbiy taʼsiri toʻgʻrisida xabardor qilish kabi ijtimoiy ahamiyatga ega maqsadlarni koʻzlaydi.


Muallif: Miron Raz. Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi “Горе от коллективного ума. Когда здравый смысл не помогает здоровью” nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: freepik.com

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!