Cho‘l hasharoti havodan suv olishda yordam bera oladimi?
Cho'l hasharoti, tumandan suv ajratib olish, Namibiya cho'l qo'ng'izi va uning havodan suv olish usuli haqida batafsil bilib oling.
Oʻrta
3 min
23.09.2022
Biologiya va tibbiyot

Namibiya choʻl qoʻngʻizi Afrikaning janubi-gʻarbiy qurgʻoqchil sahrolarida omon qolish uchun havo, ya’ni tumandan suv yigʻadigan hasharot. Uzun oyoqli, qoramtir mitti hasharot o‘zining qabariq tanasini shamolga tutish orqali tumandan tomchilar toʻplab, qanotlaridan ogʻziga o‘tkazib icha oladi. Olimlar bir necha yillardan buyon suv tanqisligi mavjud hududlarni suv bilan ta’minlashda foydalanish uchun hasharotlarning bu kabi sirlarini oʻrganib keladi. Hozirda tadqiqotchilar guruhi hasharotda mavjud tuzilma uning tanasida suv toʻplanishiga qanday yordam berishi haqida ancha chuqurroq tushunchaga ega boʻldi.

Namibiya cho‘l qo‘ngʻizi (Stenocara gracilipes) tumanda “isinganda” uning qorniga suv tomchilari urilib, tanaga dumalab oqib o‘tadi. Tadqiqotchilar hasharot suvni tanasining yuzasidan qanday qilib ogʻziga olib o‘tishini oʻrganishga o‘nlab yil sarfladi. Eng avval qoʻngʻiz tomchilarni yigʻishi kerak. AQSHning Ogayo shtatidagi Akron universiteti fizigi Xanter King va uning jamoasi qoʻngʻiz havodan olishi mumkin boʻlgan tomchilar yigʻilishidan oldin qanday shakl va tuzilmada boʻlishiga diqqat qaratdi. “Tumanni tutib olish osondek koʻrinadi, ammo uni ushlash uchun qoʻllaringizni yopsangiz, barmoqlaringiz orasidan chiqib ketaveradi, muammo shunda”, — deydi Xanter King.

Uning jamoasi har xil yoʻnalishdagi notekis, quvursimon va silliq boʻlgan yuza toʻqimalarining 3D shaklini yaratib, tumanli havodan qancha suv chiqarib olish mumkinligini bilish uchun ularni maxsus havo tunnelida sinab koʻrdi. Ular notekis yuzalar tumanni boshqalariga qaraganda yaxshi tortishini aniqladi. Yuzasida 1 millimetrlik shish qatlami bor shar silliqrogʻiga nisbatan qariyb 2,5 baravar koʻproq suv tomchilarini tutib qolar ekan. King mikroskop darajasida nima sodir boʻlayotganini tushunish uchun Illinoys universiteti, jonivorlar harakati mutaxassisi Mattia Gazzola va uning talabasi Fan Kiat Chenga murojaat qildi. Gazzolaning laboratoriyasi gidrodinamikani modellashtirishga ixtisoslashgan. Ikkala tadqiqotchi birgalikda suv tomchilarida harakat qiluvchi turli xil gidrodinamik kuchlar yuza toʻqimasiga qay darajada koʻproq yoki kamroq yopishishini koʻrish uchun kompyuter modelini yaratdi. Jamoa kashf etgan muhim omillardan biri bu yuzaning qanchalik “moylangani” edi. Agar suvning yupqa qatlami doimiy mavjud boʻlsa, tomchilarning unga yopishish ehtimoli juda kam edi.

Chenning soʻzlariga koʻra, agar tadqiqotchilar qoʻngʻizning bunday xususiyatiga monand material yarata olsa, muhandislar chodirlarda qoʻnim topadigan qochqinlar uchun suv toʻplash qurilmasini yasab berar, qurilma yordamida esa shamoldan suv tomchilarini olish mumkin boʻlardi. Bu kabi materiallar havodan oʻzini suvga toʻldirib oladigan shisha idish koʻrinishida ham boʻlishi mumkin. Morokkoning Sahroi Kabir kabi eng chetdagi qurgʻoqchil hududlarida odamlar tuman tushishini yillab kutadi. Ular suv yoʻlini toʻsib ortga, qishloqqa yoʻnaltiruvchi quvurga tushirish uchun toʻgʻonlardan foydalanadi, biroq tuman tushish ehtimoli oʻta pastligicha qolayotganini bildirgan Chen shu kichik ehtimoldan olingan natija ham chanqoq aholi uchun harna ekanini ta’kidlamoqda.

Tadqiqotchilar tarkibiga kirmaydigan Virjiniya politexnika instituti hamda Bleksburg davlat universitetining biomexanik muhandisi Jonatan Boreykoning soʻzlariga koʻra, hasharotlarning bunchalik koʻp tumanni yig’a olishi katta harakatdir. Tadqiqotchilarning e’tiboriga sabab boʻlgani buning ulkan qadam ekanini bildiradi. Boreyko qoʻngʻizlarga qarab yaratilayotgan texnologiya laboratoriyadan tashqarida qanchalik foydali boʻlishi hali noma’lumligini bildirgan.


Maqola Khan Academy Oʻzbek loyihasi doirasida tarjima qilingan. Havola: Cho‘l hasharoti havodan suv olishda yordam bera oladimi?
Muqova surat: wikipedia.org

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Top maqolalar

Barchasi
Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!