Kompyuter tomografiyasi Misr shohining fojiali o‘limini tasdiqladi
Kompyuter tomografiyasi Misr shohining fojiali o‘limini tasdiqladi
Murakkab
8 min
10.01.2023
Tarix

Olimlar giksoslar hukmronligidan keyin Misrning tiklanishiga sabab boʻlgan firʼavn Sekenenra Taa II mumiyosining kompyuter tomografiyasini oʻtkazdi. Bosh qismining koʻplab jarohatlari, qoʻllar holati va mumiyolashning turini oʻrganish davomida Misr hukmdori dushmanlar qoʻlida halok boʻlgani haqidagi tafsilotlar ochib berildi. Tadqiqot natijalari Frontiers in Medicine jurnalida nashr qilindi.

Miloddan avvalgi XVIII asr oxirida Misrda oʻrta qirollik tanazzulga uchragach, davlat parchalanish arafasida edi. Miloddan avvalgi XVII asr oʻrtasida Delta va Oʻrta Misr hududi kelib chiqishi osiyolik boʻlgan giksoslar (misr tilidan xekau-xasut — begona yerlar hukmdorlari) qoʻliga oʻtdi va poytaxtini Avaris shahri boʻlgan yangi qirollikka asos soldi. Mamlakat janubidagi markazi Fiva boʻlgan viloyat nisbiy mustaqilligini saqlab qolgan. Misrshunoslar XVII sulolaning shartli hukmdorlari deb biladigan Fiva monarxlari rasmiy ravishda Avarisga boʻysunishini tan olib, soliq toʻlagan, lekin miloddan avvalgi XVI asrning 60-yillarida ular oʻz mavqeyi yukini his qila boshlagan. 

Bu vaqtga kelib esa misrliklar giksoslardan avval oʻziga maʼlum boʻlmagan harbiy usullarni oʻzlashtirib olgan edi. Qurolli toʻqnashuvlar fivaliklarni Sekenenra Taa II, Kamos va Yaxmos birinchilar boshqargan urushga olib keldi. Bu urushda Fiva gʻalaba qildi, Yaxmos I Avaris va boshqa giksoslar qalʼalarini bosib oldi. Mamlakatni birlashtirib, yangi XVIII sulolaning asoschisi va yangi qirollikning ilk firʼavniga aylandi. Bu qadimgi Misrning harbiy-siyosiy qudrati choʻqqiga chiqqan davr boʻldi. 

Misrliklarning ozodlik kurashini miloddan avvalgi 1569–1554-yillarda hukmronlik qilgan Yaxmosning otasi Sekenenra Taa II boshqargan boʻlishi mumkin. Hukmdorning qarorgohi Fivadan shimolda, hozirgi zamonaviy Dayr al-Ballas qishlogʻi oʻrnida boʻlgan. U yerdan xom gʻishtdan qilingan qasr, qishloq va nekropolning qoldiqlari topilgan. Dayr al-Ballas giksoslarga qarshi quruqlikdagi kuchlar va daryo kemalari harakatini boshqarish uchun qulay joy boʻlgan. Avaris va Fiva oʻrtasida munosabatlarning keskinlashuvi haqida Salye I papirusidagi Sekenenra va giksoslar hukmdori Apopi oʻrtasidagi diplomatik yozishmalarda boʻlib oʻtgan jang haqidagi afsonadan bilib olish mumkin. Afsonada aytilishicha, kuch toʻplab borayotgan dushmaniga qarshi hujum qilish uchun bahona izlayotgan Apopi Fiva shohiga u yerdagi ilohiy suv havzasidagi gippopotamlarning naʼrasi uning uyqusini buzayotgani haqida haqoratli shikoyat yoʻllaydi. Xabarni olib xavotirga tushgan Sekenenra kengash chaqiradi, lekin afsuski bu afsonaning yakuniy qismi papirusga yetgan zarar tufayli nomaʼlumligicha qolgan. Albatta, bu afsona ancha keyinroq yozilgan, ammo bu qurolli toʻqnashuv bilan yakunlangan real kelishmovchilikning izini aks ettirgan boʻlishi ham mumkin. 

1881-yilda Dayr al-Bahridan topilgan Sekenenra mumiyosi hukmdorning hayoti 35–40 yoshlar oraligʻida halokatli tarzda yakun topganini koʻrsatadi. Bosh suyagi bir necha joyidan singan. Misrshunoslar fikricha, mumiyolash ham tartibsiz va shoshilinchda oʻtkazilgan (mumiyolashgacha tana parchalana boshlagan boʻlishi mumkin). 1960-yillarda oʻtkazilgan rentgenoskopiya Sekenenraning boshida beshta jarohatni topgan, lekin skeletning boshqa qismida jarohatlar aniqlanmagan. Misrshunoslarning bir qismi hukmdor jangda vafot etgan deb hisoblasa, boshqa qismi Sekenenra fitna natijasida oʻldirilgan boʻlishi mumkin deya fikr bildirgan. 

Kompyuter tomografiyasi Misr shohining fojiali o‘limini tasdiqladi
Sekenenra Taa II mumiyosi surati. A) mumiyoning bosh va yuqori qismi, koʻplab bosh-yuz jarohatlari bilan; B) bosh va tananing oʻng yon tomondan olingan surati. Buklangan qoʻllar va qayrilgan barmoqlar koʻrinib turibdi / S. Salim, Z. Havas / Frontiers in Medicine, 2021-yil

Qohira universiteti tibbiyot fanlari doktori, radiologiya professori Sahar Salim va misrshunos Zahi Havas Sekenenra Taa II mumiyosining kompyuter tomografiyasini oʻtkazdi. U nafaqat hukmdorning aniq yoshi va boʻyini aniqladi, balki avval koʻrinmagan jarohatlarni ham koʻrsatib, oʻlim holati haqida xulosalar qilishga yordam berdi. Mumiyoning ahvoli yomonligi sababli Sekenenraning boʻyini toʻliq aniqlashning iloji boʻlmadi, bosh va baʼzi suyaklar qoʻshilib ketgan edi. Olimlar boldir suyagi uzunligi asosida skeletning boʻyini oʻlchadi va 167 (±3) santimetr ekanini aniqladi. Suyak va tishlar holatiga koʻra, halokat vaqtida firʼavnning yoshi 40 dan oshmagan. Mumiyolash jarayonida miya olib tashlanmagan, tomografiya miya bosh chanog‘ining chap tomoniga surilganini aniqladi. 

Kompyuter tomografiyasi Misr shohining fojiali o‘limini tasdiqladi
Sekenenra Taa II mumiyosi boshi va boʻynining kompyuter tomografiyasi. Miya surilgani va bosh chanog‘ining chap tomonini egallagani koʻrinib turibdi / S. Salim, Z. Havas / Frontiers in Medicine, 2021-yil

Bosh qismini oʻrganish jarohatlarning xususiyati va kelib chiqishi haqida batafsil xulosa qilishga imkon berdi. Peshona suyagidagi gorizontal sinish uzunligi deyarli 70 millimetrni tashkil qilib, tepa chap tomondan bolta yoki qilich yordamida zarba berilgan. Bu jarohatdan quyiroqda bosh suyagi oldindan va oʻng qosh tepasidagi doʻnglikka ikki qirrali, uchli qurol bilan zarba berilgan boʻlib, jarohat uzunligi 32, kengligi 12 millimetrni tashkil qiladi. Bunday kesilish Avarisda bronzadan yasalgan harbiy qurollariga xos. Chap yonoq suyagi va chap pastki jagʻ suyaklari singan, chap yonoqdagi terida ham bolta bilan kesilgan yara bor. Bosh suyagining tashqi chap qismida 35 millimetrli yoriq boʻlib, u chap quloq ostiga oʻtkir uchli qurol bilan yetkazilgan jarohat natijasida paydo boʻlgan. Bu Avarisdan topilgan qurol uchlariga oʻxshash rombsimon uchli nayza boʻlishi mumkin. Bu zarba avvalgi ikkitasi kabi oʻlimga olib keladigan zarba boʻlgan. Nihoyat bir yoki bir necha zarba bilan tepadan, oʻng tomondan toʻmtoq predmet (choʻqmor yoki bolta dastasi) bilan burun suyaklari, oʻng yonoq suyagi sindirilib, oʻng koʻz urib tushirilgan.

Kompyuter tomografiyasi Misr shohining fojiali o‘limini tasdiqladi
Sekenenra mumiyosining bosh suyagi uch oʻlchamli kompyuter tomografiyasi. A) bosh suyagi chap qismining singanini koʻrish mumkin; B) frontal proyeksiya orqali koʻplab bosh-yuz jarohatlari, peshona suyagi, oʻng qoshusti doʻngligi, burun, oʻng koʻz va yonoq suyagi sinishlari va oʻng yonoqdagi chuqur yara izi; C) chap yonoq va chap jagʻ sinishi koʻrinib turibdi / S. Salim, Z. Havas / Frontiers in Medicine, 2021-yil

Tomografiya mumiyolovchi vosita ostida yashiringan va hozirgacha aniqlanmagan jarohatlarni koʻrsatdi. Bular chakka suyaklarining xanjar zarbasidan, shuningdek, oʻng chakka suyakning toʻmtoq asbob zarbasidan sinishidir. Bu zarbalar bir nechta dushman tomonidan birdaniga berilgan boʻlib, Sekenenra ularni halok boʻlish paytida olgan. U taxmin qilinganidek uyqu vaqtida oʻldirilgan boʻlishi mumkin emas, chunki zarbalar barcha tomondan aynan giksoslar qurollari bilan berilgan edi. Demak Fiva hukmdori dushmanlar qoʻlida halok boʻlgan. 

Bu qanday yuz berganini qoʻl holatidan ham bilib olsa boʻladi. Ular dafn odatlariga koʻra koʻkrakka jamlanmagan. Qoʻllar tirsak va bilak qismidan qayrilgan, barmoqlar esa kuchli tarzda orqaga qayrilgan. Olimlar Sekenenraning qoʻllari orqaga, beliga qayrilib bogʻlangan deb taxmin qildi. Taxminlarga koʻra, jangda firʼavnni dushmanlar qoʻlga olib, bogʻlab, tizzalatib, boshidan bir qancha halokatli zarbalar bergan. Oʻlim va mumiyolash jarayoni orasida qanchadir vaqt oʻtgan, bu davrda Sekenenra tanasi chap tomonga yonboshlatib qoʻyilgan. Bu haqida miyaning joyi oʻzgargani va parchalanish jarayoni boshlangani guvohlik beradi. 

Kompyuter tomografiyasi Misr shohining fojiali o‘limini tasdiqladi
Sekenenra Taa II mumiyosi qoʻl qismining uch oʻlchamli frontal kompyuter tomografiyasi tasviri. Qoʻllar tirsaklardan buklangan. Bilaklar deformatsiyasi qoʻl bogʻliq boʻlganini koʻrsatadi / S. Salim, Z. Havas / Frontiers in Medicine, 2021-yil

Tadqiqotchilar dala sharoitida shoshilinch va palapartish mumiyolash jarayoni haqidagi taxminni ham asossiz deb hisoblaydi, aksincha mumiyolovchilar firʼavn tanasini saqlab qolishga qattiq uringan va hatto baʼzi jarohatlarni yopib yuborgan. Katta ehtimol bilan shohning tanasini mumiyolash uchun poytaxtga olib borilgan va yoʻlda tana qisman parchalangan. Sekenenraning mudhish oʻlimi Misr jamiyatida ozodlikka boʻlgan intilishni kuchaytirgan va mamlakat birligi uchun faol kurashishga chorlagan boʻlishi mumkin. 


Ushbu maqola nplus1.ru sayti materialining tarjimasi.
Muqova surat: Sahar Salim

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Top maqolalar

Barchasi
Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!