“Jeyms Uebb” yordamida ilk bora ekzosayyora atmosferasida karbonat angidrid gazi mavjudligi rasman tasdiqlandi
Oʻrta
4 min
20.05.2023
Fizika va astronomiya

“Jeyms Uebb” infraqizil kosmik observatoriyasi yordamida ilk bora ekzosayyora atmosferasida karbonat angidrid borligi rasman tasdiqlandi. Kuzatishlar qaynoq Saturn WASP-39bʼga yoʻnaltirilgan edi va natijalar ekzosayyora shakllanishining modellarini sinab koʻrishga yordam beradi. Tadqiqot dastlabki arXiv.org veb-saytida eʼlon qilindi.

Karbonat angidrid sayyorashunos olimlar uchun ekzosayyora atmosferasining muhim tarkibiy qismidir, chunki bu gaz atmosfera qobigʻining vodorod va geliydan (metallardan) ogʻirroq elementlar bilan boyiganlik koʻrsatkichi hisoblanadi. Ulkan ekzosayyoralar misolida esa karbonat angidrid samoviy jismning qayerda paydo boʻlganligini aniqlashda koʻmaklashishi mumkin. Shuningdek, ushbu gaz issiq yupiterlarning tabiatini tushuntirish uchun ham juda muhimdir. Bundan tashqari, yer unsuridan tarkib topgan ekzosayyoralarda karbonat angidrid ushbu jismning hayot paydo boʻlishi uchun yaroqliligini koʻrsatishi mumkin boʻlgan asosiy biomarkerlardan biri hisoblanadi. Biroq yaqin vaqtgacha olimlar ekzosayyoralarda ushbu birikmani aniq aniqlay olmagan edi — kuzatish maʼlumotlari faqat taxminiy dalillarni taqdim etgandi.

Kaliforniya universiteti xodimi Natali Batalyey boshchiligidagi astronomlar jamoasi “Jeyms Uebb” kosmik observatoriyasi yordamida WASP-39b ekzosayyorasi atmosferasida karbonat angidridning spektroskopik tarzda aniqlanganini ilk marta rasman qayd etdi. Tadqiqotlar NIRSpec spektrografi yordamida yaqin infraqizil diapazonda 8,23 soat davomida, 2022-yil 10-iyul kuni oʻtkazildi. Bu vaqt oraligʻiga ekzosayyoraning oʻz yulduz diskidan oʻtishi (tranzit) hodisasi ham kiradi. Oʻsha paytda yulduz nuri ekzosayyora atmosferasidan oʻtgan, shu bilan birga yulduz nurlanishining bir qismi turli elementlar va birikmalar tomonidan soʻrilgan. Ushbu hodisalar olingan spektrlarda aks etadi va sayyoraning gaz qobigʻi tarkibi haqida taxmin qilish imkonini beradi.

Quyoshdan 700 yorugʻlik yili uzoqlikda joylashgan, Saturn sifatida tasniflangan WASP-39b sayyorasi 4055 yer kuni davomida Sariq pakana atrofida bir marta toʻliq aylanib chiqadi. Ekzosayyora ogʻirligi 0,28 Yupiter ogʻirligiga, radiusi 1,27 Yupiter radiusiga teng boʻlib, uning tashqi qatlamlari yulduzdan kuchli nurlanish tufayli shishgan, muvozanat harorati esa 1170 kelvinni tashkil qiladi. Ilgari sayyora Yerdagi teleskoplar yordamida oʻrganilgan edi. Ammo ular faqat sayyoraning atmosferasi tarkibini taxminiy baholashi, shu jumladan, karbonat angidrid borligi belgilarini topish mumkin edi xolos.

WASP-39bʼning atmosfera spektri. NASA, ESA, CSA, L. Hastak / STScI , The JWST Transiting Exoplanet Community ilmiy nashri
WASP-39bʼning asosiy yulduzning yorugʻlik egri chizigʻidagi oʻtish momenti
NASA, ESA, CSA, L. Hastak / STScI , The JWST Transiting Exoplanet Community ilmiy nashri

“Jeyms Uebb” kuzatuv maʼlumotlarini model spektrlari bilan taqqoslash WASP-39b atmosferasida karbonat angidridni ishonchli tarzda aniqlash imkonini berdi. Umumiy spektr atmosferaning Quyoshnikidan 10 baravar koʻproq metalligini, radiatsion konvektiv termokimyoviy muvozanat va bulutning oʻrtacha shaffofligi model bilan yaxshi mos keladi. Model, shuningdek, atmosferada suv bugʻi va uglerod oksidi mavjudligiga ishora qiladi. Ularning belgilari ilgari topilgan vodorod sulfidi va metanning kichik jamlanmasi asosida tasniflangan boʻlib, bu taxminlar WASP-39bʼning keyingi kuzatuv jarayonlarida sinovdan oʻtkaziladi.


Muallif: Aleksandr Voytyuk. Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi “«Джеймс Уэбб» впервые достоверно отыскал углекислый газ в атмосфере экзопланеты” nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: NASA, ESA, CSA, J. Olmsted / STScI.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Top maqolalar

Barchasi
Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!