“Jeyms Uebb” Orion tumanligidagi protoyulduzlarga nazar tashladi
“Jeyms Uebb” Orion tumanligidagi protoyulduzlarga nazar tashladi
Oʻrta
3 min
22.11.2022
Fizika va astronomiya

“Jeyms Uebb” teleskopi infraqizil kosmik observatoriyasi Orion tumanligidagi Orion kamari hududining yangi suratlarini oldi. PDRs4All kuzatuv dasturi saytidagi maʼlumotlarga koʻra, ular protosayyoralar disklari yoki gaz va chang qobiqlari, shuningdek, gaz tarmoqlari boʻlgan juda koʻp “yosh” yulduzlarni aks ettiradi.

Orion tumanligi (yoki M42) Yerga eng yaqin yulduz hosil qiluvchi mintaqa va fazodagi qurollanmagan koʻz bilan koʻrish mumkin boʻlgan yorqin tumanliklardan biridir. Bu uni yulduz va sayyoralar tizimlarining shakllanishini, shuningdek, yulduz shamollari, materiya va yangi yulduzlarning taʼsirini oʻrganish uchun ajoyib ilmiy oʻrganish obyektiga aylantiradi hamda astronomlar tomonidan bir necha asrlar davomida kuzatib kelinadi.

2022-yil sentabr oyi boshida M42 tumanligi PDRs4All dasturi doirasida yangi “Jeyms Uebb” kosmik observatoriyasi uchun kuzatuvlar nishoniga aylandi. Dastur doirasida teleskop ulkan yulduzlardan chiqadigan ultrabinafsha nurlanishlari bilan qizdiriladigan fotodissotsiatsiya hududlarida qaynoq gaz va changda sodir boʻladigan fizik-kimyoviy jarayonlarni oʻrganadi. Kuzatuvlar yaqin infraqizil toʻlqin uzunligi diapazonida NIRCam kamerasi yordamida amalga oshirildi.

Suratda gaz va changni oʻz ichiga olgan zich molekulyar bulutning chegarasi boʻlgan Orion kamari hududi koʻrsatilgan. U Orion trapetsiyasining issiq va ulkan yulduzlaridan taralayotgan ultrabinafsha nurlanishlari taʼsirida asta-sekin yoʻq boʻlmoqda. Tasvirning markazida O2 — Orionning yorqin uch yulduzi, bulutlar ichida esa protosayyoraviy disklar va chang qobiqlar bilan oʻralgan gaz chiziqlari hamda koʻplab juda yosh yulduzlar koʻrinadi.

Ilgari bu hudud “Xabbl” va “Spitser” kosmik teleskoplari yordamida kuzatilgan, ammo “Xabbl” “Jeyms Uebb”ga qaraganda koʻproq issiq va ionlangan gazlarni kuzatgan. “Spitser” esa yangi “Jeyms Uebb” teleskopiga suratlarning batafsilligi boʻyicha kurashni boy beradi.

“Jeyms Uebb” Orion tumanligidagi protoyulduzlarga nazar tashladi
NASA, ESA, CSA, PDRs4All ERS jamoasi, Olivier Berne, JPL-Caltech, T. Megit
“Jeyms Uebb” Orion tumanligidagi protoyulduzlarga nazar tashladi
NASA, ESA, CSA, PDRs4All ERS jamoasi, Olivier Berne, STScI, Rice Univ. / S. Odell va boshqalar

NIRCam detektorlaridan biri tomonidan olingan M42 shimoliy qismining qoʻshimcha tasvirida uglevodorod molekulalari va molekulyar vodorodga boy koʻplab tarmoqlar koʻrsatilgan.

“Jeyms Uebb” Orion tumanligidagi protoyulduzlarga nazar tashladi
NASA, ESA, CSA, PDRs4All ERS jamoasi

Ushbu maqola nplus1.ru sayti materialining tarjimasi.
Muqova surat: NASA, ESA, CSA, PDRs4All ERS jamoasi, S. Fuenmayor

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!