“Jeyms Uebb” Tarantula tumanligida juda “yosh yulduz”larni aniqladi
Oʻrta
3 min
10.02.2023
Fizika va astronomiya

 “Jeyms Uebb” infraqizil kosmik teleskopi Katta Magellan bulutlari galaktikasidagi eng yirik yulduz hosil qiluvchi hududlardan biri — Tarantula tumanligining suratlarini olishga muvaffaq boʻldi. ESA veb-saytiga koʻra, rasmlarda haligacha chang qobigʻida yashiringan, ilgari kuzatilmagan ko‘plab protoyulduzlar, shuningdek, ulkan yulduzlarning nurlanishi natijasida vujudga kelgan markaziy boʻshliqni koʻrish mumkin.

Tarantula tumanligi mahalliy galaktikalar guruhidagi eng katta, shuningdek, juda yorqin va faol yulduz hosil qiluvchi mintaqalardan biridir. U Somon yoʻli galaktikasining sunʼiy yoʻldoshi boʻlmish Katta Magellan bulutida Quyoshdan taxminan 161 ming yorugʻlik yili masofasida joylashgan va bir nechta yulduz klasterlarini oʻz ichiga oladi. Ularning markaziy qismida fanga maʼlum boʻlgan eng ogʻir yulduz — R136a mavjud. Ionlashgan vodorodning bu hududi astrofiziklarda katta qiziqish uygʻotadi, chunki u yulduzlarning faol hosil boʻlish jarayonlarini, yulduz shamollari va yangi yulduzlarning taʼsirini oʻrganish imkonini beradi.

“Jeyms Uebb” NIRCam va MIRI uskunalari yordamida yaqin va oʻrta infraqizil diapazonlarda tumanlikni kuzatdi. Yaqin infraqizil diapazonda olingan tasvir tumanlikning markaziy boʻshligʻini aniq koʻrsatib turibdi. U yaqin atrofdagi ulkan “yosh yulduz”larning kuchli nurlanish oqimidan hosil boʻladi. Boʻshliq chegaralari tumanlikning zich qismlaridan iborat boʻlib, u yerda hosil boʻlgan protoyulduzlarni oʻz ichiga olgan gaz va chang ustunlarini koʻrishingiz mumkin. Tumanlik markazidan qanchalik uzoq bo‘lsa, undagi murakkab uglevodorodlarga boy va qizgʻish rangda koʻrsatilgan gaz shunchalik sovuqroq boʻladi.

Oʻrta infraqizil diapazonda olingan tasvirda yulduzlar xiralashgan, ammo gaz va chang bulutlari yaxshiroq koʻrinadi. Biroq hududda shu qadar zich joylar borki, ular rasmda yanada qorongʻiroq koʻrinadi. Rasmda uglevodorodlar boʻlgan chang bulutlari koʻk va binafsha ranglarda tasvirlangan. Bu yerda chang qobigʻi ichidagi protoyulduzlarni koʻrishingiz mumkin.

MIRI tomonidan olingan Tarantula tumanligining surati. NASA, ESA, CSA, STScI

Tumanlikning bir hududiga teleskop alohida eʼtibor qaratdi va u yaqin infraqizil diapazonda NIRSpec spektrografi yordamida oʻrganildi. Biz tumanlikning markaziy qismidagi boʻshliq chegarasiga yaqin joylashgan pufakchali shakl haqida gapirmoqdamiz. Bu chang qobigʻining qoldiqlarini chiqarish bosqichida boʻlgan “yosh yulduz” deb taxmin qilinmoqda. Biroq pufakning oʻzi aslida zich gaz va chang ustuniga oʻxshash tizimning tepa qismi boʻlib, u ulkan yulduzlarning nurlanishidan vayron boʻladi. Uning ichidagi “yosh yulduz” esa haligacha chang qobigʻi bilan oʻralgan va endigina paydo boʻlish jarayonini boshlamoqda.

Protoyulduzning chang qobigʻida kimyoviy elementlarning tarqalishi. NASA, ESA, CSA, STScI

Muallif: Aleksandr Voytyuk. Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi “«Джеймс Уэбб» рассмотрел очень молодые звезды в туманности Тарантул” nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: NIRCam tomonidan olingan Tarantula tumanligining surati. NASA, ESA, CSA, STScI

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Top maqolalar

Barchasi
Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!