20.02.2024
Brontozavr — reptiliyalar (sudralib yoki oʻrmalab yuradigan hayvon) asri deb atalmish davrda yashagan dinozavrlar oilasi vakili. Bu taxminan 230 million yil oldin boshlangan trias deb ataluvchi geologik davrga toʻgʻri keladi. Dinozavrlarning soʻnggi qoldiqlari taxminan 65 million yil oldin tugagan boʻr davridagi qoyalardan topilgan. Bu esa dinozavrlar asri 165 million yil davom etganini anglatadi.
Dinozavrlar quruqlikdagi reptiliyalar boʻlgan. Ularning ayrimlari suvga tushgan boʻlsa-da, odatda bu dengiz emas, balki daryo, koʻl yoki botqoqlar boʻlgan. Ular orasida etxoʻrlari ham, oʻtxoʻrlari ham boʻlgan. Baʼzilari orqa oyogʻida, boshqalari esa toʻrttalasida ham yurgan. Dinozavrlar sovuqqonli hayvon boʻlib, koʻpchiligining tanasi tangachalar bilan qoplangan. Katta dinozavrlarning bir guruhi zauropodlar deb atalgan. Ularning har biri beshtadan barmoqqa ega, kaltakesaklarnikiga oʻxshash ulkan panjalari boʻlgan.
Zauropodlar sayyoramiz tarixidagi eng katta hayvonlar boʻlgan. Bularga brontozavrlar ham kiradi va bu nom soʻzma-soʻz tarjima qilinganida “vahimali kaltakesak” degan maʼnoni anglatadi. Aftidan, ularning vazni ostida yer titrab, nola qilgan. Brontozavrning juda uzun boʻyni otnikiga oʻxshash kichkina bosh bilan tugagan. Tanasi filnikidek, dumi esa juda uzun boʻlgan. Bu hayvonlarning vazni 40 tonnaga yaqin boʻlgan deb hisoblanadi. Shunga qaramay, bu gavda millionlab yillar davomida harakat qilish, oziqlanish uchun oʻsimliklarni topish va iqlim oʻzgarishiga moslashish qobiliyatiga ega boʻlgan.
Aftidan, brontozavrlar asosan suvda yashagan va unda tanasining eng ogʻir qismi — orqa oyogʻi va dumi oʻz vaznining katta qismini yoʻqotgan. U yetarlicha chuqur havzalarda harakatlanish uchun ulkan oyoq-qoʻldan foydalanib suza olgan. Ularni oʻrab turgan suv ulkan etxoʻr kaltakesak “raqib”laridan himoya qilgan. Ular suvoʻtlari hamda daryo va koʻllar boʻyida chimdib olishi mumkin boʻlgan har qanday koʻkatlar bilan oziqlangan. Urgʻochilari tuxum qoʻyish uchun qirgʻoqqa chiqqanida, koʻpincha etxoʻr kaltakesaklar ularga hujum qilgan va koʻplab dinozavrlar shu tarzda nobud boʻlgan.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.