20.02.2024
Oʻrdakburun shunday gʻalati mavjudotki, avvallari odamlar uning borligiga ishonmagan ham. Britaniyalik olimlar 1799-yil bu jonivorlardan birini koʻrganida, uni soxta deb atagan edi.
Nega u gʻalati? Oʻrdakburunning tumshugʻi oʻrdaknikiga, dumi esa qunduznikiga oʻxshaydi hamda u qalin moʻyna (jun) bilan qoplangan. U tuxum qoʻyib, ularni qush kabi bosib oʻtiradi. Lekin bolalarini sutemizuvchilar kabi sut bilan boqadi. Uning panjalaridagi barmoqlari orasida parda bor. Shu sababli u quruqlikda ham, suvda ham yashay oladi.
Oʻrdakburun Sharqiy Avstraliya va Tasmaniyada yashaydi. Uning tashqi qulogʻi yoʻq, burun teshiklari esa rezinadek yumshoq tumshugʻi tagida joylashgan. Oʻrdakburun faqat tumshugʻining uchini suv yuzasida qoldirib, butun tanasi bilan suv ichida yuradi.
Jonivorning old oyoqlari suzishga moslashgan. Oʻrdakburun yer yuzasida yurganda pardalar kaft ostiga yashirinib, tashqariga tirnoqlari chiqadi. Urgʻochisi bittadan uchtagacha tuxum qoʻyadi va palaponlar tuxumdan yorib chiqquncha ularni bosib oʻtiradi.
Kichkintoylar sut bezlaridan oqib chiqadigan ona sutini yalab oziqlanadi va ular tishlar bilan tugʻiladi. Biroq bu tishlar ma’lum vaqtdan soʻng tushib ketadi, oʻrdakburun tumshugʻining yon tomonlarida joylashgan qattiq muguz¹ plastinkalardan² foydalanadi.
Dunyodagi yagona zaharli sutemizuvchi — erkak oʻrdakburun. Uning sonlari yonida maxsus zaharli bezlar mavjud. Uzun naychalar bezlardan orqa oyoqlardagi tarnovsimon oʻsimtaga qadar choʻzilgan. Uning zahari ilonnikiga juda oʻxshaydi. Erkaklar undan juftlashish davrida bir-biriga qarshi kurashda foydalanadi.
Oʻrdakburunlar tunda chuvalchang, suv hasharotlari va daryo qisqichbaqalarini topib oziqlanadi. Kunni esa balchiqda joylashgan uyalarida oʻtkazadi.
[1] Muguz — silliq yuzaga ega qattiq yoki elastik material.
[2] Plastinka — metall, shisha kabi qattiq narsaning yupqa parchasi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.