3 min
Okeanning notekis tubi

Bugun sizlar bilan qishki uyquga ketadigan hayvonlar haqida gaplashamiz. Olmaxondan farqli oʻlaroq, ular qish uchun oziq-ovqat zaxirasini gʻamlamaydilar. Koʻpincha bunday “uyquchi” hayvonlar oʻsimliklar bilan oziqlanadi, qish kelganida esa bu ozuqa boʻlmaydi. Aynan shu sababli ular issiq mavsumda tanalarida yogʻ toʻplashadi. Uzoq vaqt davomida ozuqa topa olmasalar, oʻz inlariga kirib uxlab qolishadi. Ular butun qishni tanada toʻplangan yogʻ bilan oziqlanib, uxlab oʻtkazadilar.
Qiziqarli fakt shundan iboratki, ayiq va unga oʻxshash koʻplab sutemizuvchilar aslida qish uyqusiga ketmaydi. Ular qishda shunchaki yozga qaraganda ancha koʻproq uxlashadi, ammo bu haqiqiy qishki uyquga xos boʻlgan chuqur uyqu emas. Issiq va ochiq havoli qish kunlarida ayiq, olmaxon va burunduq uygʻonib tashqariga chiqishadi.
Haqiqiy qishki uyqu oʻlimga oʻxshaydi va uning oddiy uyqu bilan hech qanday oʻxshash jihati yoʻq. Hayvon qishki uyquga ketganida uning barcha hayotiy faoliyati deyarli nolga tushadi. Tana harorati shu darajada pasayadiki, hayvonning ichki harorati atrofdagi havodan bir ozgina iliqroq boʻladi, xolos.
Shuning uchun hayvonlar tanada toʻplangan ozuqa zaxiralarini juda sekin sarflaydilar. Tana kamroq “yoqilgʻi” isteʼmol qilgani sababli kislorodga boʻlgan ehtiyoj ham kamayadi, natijada ularning nafas olishi sekinlashadi va yurak oʻta sekin uradi. Agar uyadagi harorat juda pastga tushib ketsa, uxlab yotgan hayvon uygʻonib chuqurroq koʻmilib oladi-da, yana uxlaydi.
Bahor kelganida hayvonlarni harorat va namlik oʻzgarishi hamda ochlik hissi uygʻotadi. Shunda ular uyalaridan chiqishadi.Koʻplab issiq qonli boʻlmagan hayvonlar ham qishki uyquga ketishini bilarmidingiz? Tuproq chuvalchanglari yerning muzlagan qatlamidan pastroqdagi tuproqqa kirib ketishadi; qurbaqalar suv havzalarining balchiqli tubiga yashirinadi; ilonlar qoyalar yoriqlari yoki yerdagi inlariga kirib ketadi, zogʻorabaliq kabi baʼzi baliqlar esa suv tubida uxlashadi. Hatto baʼzi hasharotlar ham toshlar va yogʻochlar ostida panoh topib qishki uyquga ketadilar.
Xullas, izlagan imkon topar degandek, uyquchi ham xohlagan yerida uxlash uchun joy topadi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.