O‘rgimchak to‘ri nimadan yasalgan?

Koʻpchiligimiz uchun oʻrgimchaklarning eng jozibali tomoni ularning toʻrlaridir. Ammo bu oʻrgimchaklarning yagona hayratlanarli tomoni emas.

Oʻrgimchaklar turlariga koʻra barcha iqlim hududlarida: havo, suv, yer va tuproqda ham yashaydi. Ularning oʻlchamlari 8 santimetrdan deyarli payqab boʻlmas darajagacha mayda boʻladi. Baʼzi turlari bir yil davomida suvsiz kun kechirishi mumkin va bitta kenja tur vakili — katta biy qushlar bilan oziqlanib, taxminan 15 yil yashaydi. Biroq aksariyat turlar faqatgina bir yil yashaydi. Ammo eng muhimi shuki, oʻrgimchaklar hasharot emas, ular “oʻrgimchaksimonlar” deb nomlangan guruhga tegishli. Ular hasharotlardan farqli ravishda odatdagi oltita oyoq oʻrniga 8 ta oyoq, 8 ta koʻz va atigi ikkita tana qismiga ega.

Oʻrgimchak toʻrlari uchun foydalanadigan tola maxsus qorin bezlari tomonidan ishlab chiqariladi. Oʻrgimchak toʻri qorincha uchida joylashgan toʻquv aʼzolaridagi koʻplab mayda chuqurchalardan choʻzilib chiqadi. U suyuqlik shaklida paydo boʻladi va havoda darhol qotadi.

Tolalar har xil boʻladi: oʻljani ushlash uchun zarur boʻlgan yopishqoq; yopishmaydigan va xarilarni¹ ushlab turish uchun moʻljallangan baquvvat; va tuxum qoʻyiladigan pilla uchun. Ulardan biri yumshoq va mayin, boshqasi esa qattiq hamda dagʻal.

Oʻrgimchaklar har xil toʻrlarni toʻqishi mumkin. Chambarak shaklidagi oʻrgimchak toʻri faqat oʻljani ushlash uchun ishlatiladi. Dastlab, “poydevor” — tartibsiz toʻrtburchak shaklidagi pastki tashqi ogʻir iplar yaratiladi. Keyinchalik, spiralning 3–4 oʻramini ushlab turadigan chambarak kegaylari quriladi. Oxirida boʻsh joyni zich toʻldiradigan yopishqoq spirallar paydo boʻladi.

Ikkinchi tur bargsimon toʻr deb ataladi. Bu girdob yoki gumbaz shaklidagi tolalardan iborat tekis yuza. Oʻrgimchak uning orqa tomonida yashaydi.

Oʻrgimchak “eshik” uchun shisha shaklidagi teshik qoldiradi. U tepa qismida boʻladi. Bu uyani novdalar va tuproq koʻrinishida yashirish uchun qulay. “Boʻri” oʻrgimchaklar yerga tunnel quradilar va uni tolalar bilan bogʻlaydilar.

Yevropa suv oʻrgimchaklari qoʻngʻiroq shaklidagi uyalarini toʻgʻridan-toʻgʻri suv ostida quradilar. Oʻrgimchak tashqaridan qorin tuklari orasida havo olib kelib, uni toʻldiradi. Bu yerda u tuxum qoʻyadi va kichkintoylarni oʻzlari mustaqil uya qura olgunlaricha tarbiyalaydi. Aytgancha, hamma oʻrgimchaklar ham toʻr toʻqimaydi. Baʼzilari faqatgina barg va poʻstloq boʻlagida bir xonali uya qurishadi.


[1] Xari — imorat toʻsinlari ostidan koʻndalangiga qoʻyiladigan uzun, yoʻgʻon asosiy yogʻoch.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!