Nega sher hayvonlar qiroli deb ataladi?

Sher har doim kuch timsoli deb hisoblangan. Biz tez-tez “sher kabi kuchli” yoki “sheryurak” kabi taʼriflarni eshitamiz. Dunyo boʻylab qirollik oilalarida sher qalqon va bayroqlarda kuch ramzini tasvirlash uchun ishlatilgan.

Ehtimol, sher har qanday hayvonni magʻlub eta olgani uchun emas, balki odamlar va hayvonlar yuragiga qoʻrquv va dahshat solgani uchun shunday tushuncha paydo boʻlgandir.

Qadimgi misrliklar sherni muqaddas hayvon deb hisoblashgan. Iso Masih tugʻilgan paytda sher Yevropaning koʻp joylarida yashagan. Ammo 500-yillarga kelib ularning barchasi qirib tashlangan. Hozirda sherlar faqat Afrikada va Hindistonning baʼzi hududlarida uchraydi.

Sher mushuksimonlar oilasiga mansub. Voyaga yetgan hayvonning oʻrtacha uzunligi taxminan 3 metr, vazni esa 180–225 kilogrammgacha boʻladi. Erkaklari urgʻochilariga qaraganda kattaroqdir. Ovchilarning aytishicha, ular erkak yoki urgʻochi sherni iz oʻlchamiga qarab topadilar. Erkagining old panjalari urgʻochisinikiga nisbatan yirikroqdir.

Sher oʻkirib yoki hayqirib tovush chiqaradi. Boshqa mushuksimonlardan farqli oʻlaroq, u xurillamaydi va daraxtlarga kamdan-kam chiqadi, suvdan qoʻrqmaydi.

Sherlar oʻtlayotgan hayvonlarni ovlaydilar, shuning uchun ular oʻrmonlarda emas, balki oʻsimliklar unchalik koʻp boʻlmagan ochiq joylarda yashaydilar. Sher kuniga kamida bir marta suv ichishi kerakligi uchun odatda suv havzalari yaqinida yashaydi.

Mushuksimonlarning bu vakili kunduzi uxlaydi, kechasi esa ov qiladi. U yolgʻiz yoki juft boʻlib, shuningdek 4–10 tagacha jonzot boʻlgan guruhda yashashi mumkin. Sherlar asosan zebralar, jayronlar va antilopalar¹ bilan oziqlanadi. Baʼzan jirafalarga ham hujum qiladi, lekin fil, karkidon va begemotlarga hech qachon teginmaydi. Sher och boʻlmaganida boshqa hayvonlarga eʼtibor bermaydi.

Ov paytida bu hayvon pistirmada oʻtirishi yoki oʻlja tomon oʻrmalab borishi va toʻsatdan unga sakrashi mumkin. Ushbu hamla paytida u soatiga 64 km tezlikka erishadi.

Simbani koʻrgansiz-a, bugun aynan shu “Qirol sher” haqida yana koʻplab maʼlumotlar bilib oldingiz. 


[1] Antilopa — ikki shoxli, kavsh qaytaruvchi oʻtxoʻr hayvon.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!