Sug‘ur ob-havoni bashorat qila oladimi?

Baʼzida gazetalar qiziqarli faktlarni juda boʻrttirib yuboradi. Sugʻur va uning ob-havoni bashorat qilishi haqida shunday holat boʻlgan.

Sugʻur — haqiqiy ob-havo bashoratchisi degan fikr ancha avval paydo boʻlgan. Sugʻur qishki uyquga ketadigan jonzot boʻlib, qishda oʻz uyasida yashaydi. Anʼanaga koʻra, u uyasidan 2-fevral kuni chiqadi. Shu kunni “Sugʻur kuni” deyishadi.

Sugʻur uyasidan chiqib, atrofni kuzatadi. Agar kun bulutli boʻlib, sugʻur oʻz soyasini koʻrmasa, tashqarida qolishda davom etadi. Buni yaxshi alomat (belgi), deyishadi. Chunki bu qishning oxirgi kunlari havo yaxshi boʻlishini bildiradi. Lekin kun ochiq boʻlib, sugʻur oʻz soyasini koʻrsa, biroz uxlab olish uchun uyasiga qaytib kiradi. Odatda, bu yana olti hafta davomida sovuq boʻladi degani.

Lekin koʻpchilik bu narsaga ishonmaydi, chunki sugʻur ob-havoni bashorat qila olishini isbotlaydigan hech qanday sabab yoʻq. Bunday qilish uchun sugʻurda hech qanday maxsus qobiliyat ham yoʻq.

Boshqa sababi esa sugʻur har doim ham uyasidan 2-fevralda chiqmaydi. Baʼzan oldinroq, baʼzan keyinroq chiqishi mumkin. Balki jurnalistlar shov-shuvli maqola tayyorlash uchun sugʻurni oʻsha kuni uyasidan chiqishga majbur qilar, lekin havo juda sovuq boʻlsa, sugʻur umuman issiq uyadan chiqishni xohlamasligi mumkin.

Yevropada shunga oʻxshash afsona tipratikan bilan bogʻliq. Koʻchmanchi yevropaliklar Amerikaga koʻchib oʻtishganda buni sugʻurga oʻzgartirib olgan. Vengriyada esa bashoratchilik vazifasini ayiq bajaradi. Qiziq-a? Siz ham hayvonlar haqida shunday ajoyib maʻlumotlar eshitganmisiz? 

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!