Dunyodagi eng katta hayvon qaysi?

Tarixdan ilgarigi davrlarda yer yuzi va dengizda hozirgi hayvonlardan ancha katta boʻlgan, ulkan jonzotlar yashagan. Zamonamizning eng katta hayvoni— koʻk kit. Uning uzunligi 30 metrdan ortiq va ogʻirligi oʻrtacha 125 tonnani tashkil etadi. Ajablanarlisi, bu hayvon uzunligining uchdan bir qismini uning boshi egallaydi. Ammo, eng qizigʻi, uning baliq emas, sutemizuvchi ekanidir. Suvda yashovchi boshqa sutemizuvchilar (masalan, delfin va dengiz arslonlari) singari kitlar ham qachonlardir quruqlikda yashagan ajdodlaridan kelib chiqqan. Bu taxmin ularning tanasi tuzilishi bilan isbotlangan. Suzgichlari aslida teri va mushak toʻqimalari bilan qoplangan hamda eshkakka oʻxshash shakl olgan, besh barmoqli qoʻl suyaklaridir. Baʼzi kitlarda hatto tana toʻqimalari bilan oʻralgan orqa oyoq suyaklari ham mavjud.

Kitlar sutemizuvchi boʻlgani sababli ularning bolalari ham xuddi shu sinfdagi boshqa hayvonlarning bolasi singari ona suti bilan oziqlanadi. Ular baliq kabi urugʻdan chiqmaydi, balki tirik tugʻiladi va birmuncha vaqt onasi bilan qoladi. Kitlarning oyqulogʻi yoʻq va ular oʻpka bilan nafas oladi. Ularning quyruq suzgichlari gorizontal joylashgan boʻlib, nafas olish kerak boʻlganda suv yuzasiga osongina koʻtarilishiga yordam beradi. Kitlarning ichki aʼzolari, skeleti, qon aylanish tizimi va miyasi baliqlarnikidan ancha farq qiladi. Kitlarning suvdagi hayotga moslashish jarayonida ularning tanasi jiddiy oʻzgarishlarga duch kelgan, masalan, yogʻ qatlami hosil boʻlgan.

Sutemizuvchilar issiqqonli hayvonlar boʻlib, ular uchun maʼlum bir tana haroratini saqlab turish juda muhimdir. Kitning teriostida yogʻ bilan toʻldirilgan va issiqlikni saqlaydigan tolali toʻqima qatlami bor. Katta kitlarda bu yogʻ qatlamining qalinligi 35 dan 55 santimetrgacha yetishi mumkin. Kit boshining yuqori qismida suv yuzasida nafas olishini osonlashtiradigan ikkita teshik mavjud. Suvostida oʻpkaga suv oʻtish xavfini bartaraf etish uchun bu “burun teshiklari” kichik klapanlar bilan yopiladi va nafas olish kanallari orqali havo kirishi toʻxtaydi. Kitlar suv ostida 45 daqiqagacha qolishi mumkin.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!