Kurakoyoqlilar kim?

Kurakoyoqlilar — qoʻl-oyogʻi suzgichga aylangan va suzishda ulardan eshkak kabi foydalanadigan sutemizuvchilar. Kurakoyoqlilarning uchta asosiy oilasi — morj, dengiz arsloni va tyulenlar. Bu dengiz yirtqichlarining barchasi it, mushuk va ayiq kabi quruqlik yirtqichlari bilan bir ajdodga ega. Chamasi, millionlab yillar oldin yirtqich hayvonlarning bir guruhi dengizga koʻchib oʻtib, asta-sekin unda yashashga moslashgan. Hozirgi paytda dunyo okeanida kurakoyoqlilarning oʻttizga yaqin turi yashaydi. Ularning aksariyati Shimoliy muz okeanining sovuq suvida hamda Atlantika va Tinch okeanining Antarktikani oʻrab turadigan qismlarida yashaydi. Ularning bir nechta turi iliq suvda, undan ham kamrogʻi chuchuk suvli koʻllarda yashaydi.

Kurakoyoqlilar umrining katta qismini suvda oʻtkazgani sababli ular bunday hayotga juda yaxshi moslashgan. Ularning barchasi ajoyib suzuvchi. Ularning tanasi suyri shaklida boʻlib, teri ostida suzish qobiliyatini oshirish va issiqlikni ushlab turishga yordam beradigan qalin yogʻ qatlami mavjud. Shuningdek, ehtiyoj tugʻilganda yogʻ qatlami ozuqa zaxirasi boʻlib ham xizmat qiladi. Kurakoyoqlilar eng yaxshi gʻavvoslardir. Ular ozuqa qidirib 60–90 metr chuqurlikka shoʻngʻishi mumkin. Aksariyat kurakoyoqlilar zulmat qoplagan dengiz tubida yaxshi koʻradigan, katta koʻzga ega. Kurakoyoqlilar suv ostida boʻlganda, burun teshigi yopiladi. Ushbu hayvonlar koʻpchiligining tishi oʻtkir va orqaga qayrilgan boʻlib, ular yordamida oʻljani tutib, ushlab turadi va keyin yutib yuboradi.

Kurakoyoqlilar jamoaviy hayvonlar boʻlib, uzoq vaqt davomida, ayniqsa juftlashish davrida va bolalari tugʻilganda katta galalar shaklida birga yashaydi. Ularning barchasi nasl qoldirish uchun quruqlikka, hech boʻlmaganda muzning qirgʻoqqa yaqin chetiga qaytib keladi. Yosh olmaxon tyulenlar, dengiz arsloni va morjlar koʻzi ochiq boʻlib tugʻiladi va tanasi qalin yung, momiq bilan qoplangan boʻladi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!