Qunduz qanday hayvon?

Qunduz hayvonot dunyosining boshqa oilasi — suvsarlarga mansub. Bu oilaga oq suvsar, skuns va boʻrsiqlar ham kiradi. Ularning barchasi kalta panja, qalin moʻyna va igna kabi oʻtkir tishlarga ega. Bu hayvonlar yirtqichdir. Qunduz suvni juda yaxshi koʻradi va pardali panjalari, qalin dumi va ajoyib moʻynasi suvda yashashda katta yordam beradi. Shimoliy Amerikada qunduzning ikki turi — chuchuk suv va dengiz qunduzlari mavjud. Chuchuk suv qunduzi Meksika va Alyaska oʻrtasidagi daryo, koʻllarda yashaydi. Uning moʻynasi qalin va toʻq jigarrang. Bu qunduz juda tinib-tinchimas jonivor boʻlib, doim koʻchib yuradi.

Masalan, erkagi qish mavsumida yashash joyini baʼzan kengligi 50–60 mil boʻlgan maydon oraligʻida oʻzgartiradi. Bu ancha hurkak hayvon boʻlib, uni kamdan kam holatda uchratish mumkin. Qunduz uyasini odatda daryo yoki koʻl boʻyida qazilgan inda quradi. In barg toʻshalgan gʻorga olib boradi. Bu yerda qish oxiri yoki erta bahorda nasl qoldiradi va odatda ikkita yoki uchta bola dunyoga keladi. Kichkintoylar mustaqil suzishni oʻrganguniga qadar, onasi baʼzan ularni suvda oʻz orqasida olib yuradi. Ammo ular suzishni tez oʻrganib oladi. Ota-onasi kichkintoylarni shoʻngʻishga va ularning asosiy ozuqasi boʻlgan baliqni ovlashga oʻrgatadi. Koʻp oʻtmay ular suv ostida toʻrt daqiqagacha qola oladi.

Dengiz qunduzi Shimoliy Amerikaning Kaliforniyadan Alyaskagacha boʻlgan gʻarbiy qirgʻoqlarida va boshqa Shimoliy suvda uchraydi. Dengiz qunduzlari chuchuk suv qunduzlariga nisbatan uzun va ogʻirroq. Ularning oq tuklar aralashgan toʻq jigarrang moʻynasi juda qalin. Moʻylovi oq boʻlgani uchun ular Amerikada “dengiz bobolari” laqabini olgan. Agar dengiz qunduzi shoshmayotgan boʻlsa, koʻpincha chalqancha suzadi va qorni ustiga qisqichbaqa, dengiz tipratikani, mollyuska kabi dengiz hayvonlarini joylashtirib, qornidan ovqatlanish stoli sifatida foydalanadi. Ilgari dengiz qunduzlari qimmatbaho moʻynasi tufayli beayov ovlangan va natijada deyarli butunlay qirib tashlangan. Endilikda qunduz ular ovini taqiqlovchi xalqaro shartnoma himoyasida boʻlib, soni tezda tiklanmoqda.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!