20.02.2024
Ilonbaliq — baliq, ammo chuchuk suvda yashovchi ilonbaliqning ayrim turlari quruqlikka oʻrmalab chiqadi. Boshqa barcha baliqlar singari ilonbaliqning ham umurtqasi bor, ular suvda yashaydi va oyqulogʻi bilan nafas oladi. Ilonbaliqning koʻp turi dengizda yashaydi. Baʼzi turlar umrining koʻp qismini chuchuk suvda oʻtkazsa-da, ammo birmuncha vaqt dengizda ham yashaydi. Barcha ilonbaliqlar shoʻr suvga urugʻ tashlaydi. Aynan buni amalga oshirish imkoniyatiga ega boʻlish uchun ular quruqlikka oʻrmalab chiqishi kerak.
Urugʻ tashlash uchun chuchuk suv ilonbaligʻiga koʻpincha uzoq masofani bosib oʻtishiga toʻgʻri keladi. Dengizdagi shoʻr suvga olib boradigan yoʻlda toʻgʻon yoki boshqa toʻsiqlarni aylanib oʻtish kerak boʻlganda, ularning ayrimlariga yoʻlning bir qismini quruqlik boʻylab kesib oʻtishga toʻgʻri keladi. Ular quruqlikda boʻlganida, tanasini qoplagan shilimshiq modda terining nafas olishiga yordam beradi va halokatli qurib qolishning oldini oladi. Quruqlikdagi ilonbaliqni uchratish deyarli imkonsiz, chunki ular bu oʻtishni tunda amalga oshiradi. Ammo ularni oqar suvdan uzoqroqdagi suv havzalarida uchratish mumkin.
Daryolardan uzoqda uchragan ilonbaliqlar ularning urgʻochilaridir. Erkak ilonbaliqlar urgʻochilariga nisbatan kichikroq boʻlib, odatda uzunligi 0,3–0,5 metrdan oshmaydi. Ularni dengizga yaqinroq, biroz shoʻr suvda uchratish mumkin. Urgʻochilari erkaklariga qoʻshiladi va ular birgalikda dengiz tomon yoʻl oladi. Bu vaqtga kelib, ular yogʻ va kuch toʻplagan boʻlishi kerak, chunki oʻzi tugʻilgan joygacha boʻlgan yoʻl olis. Kuzda ular sohil yaqinidagi suvlarni tark etib, Bermuda orollari janubi-sharqidagi sokin va chuqur joylarga yetib borguncha yuzlab kilometrlarni bosib oʻtadi. Bu joy Sargasso dengizi deb nomlanadi. Bu yerda ular urugʻ tashlab, nobud boʻladi.
Yana bir qiziq tomoni shundaki, urugʻ tashlash uchun bu yerga Yevropaning chuchuk suvda yashovchi ilonbaliqlari ham keladi. Aynan shu yerga urugʻ tashlash uchun ular okeanni suzib oʻtadi. Urugʻdan chiqqan baliqchalarni Golfstrim sharqqa olib ketadi. Ikki yarim–uch yil oʻtgach, baliqchalar Yevropa daryolari etagiga yetib boradi va u yerda yosh ilonbaliqlarga aylanadi, tanasi esa voyaga yetgan baliq shakliga kiradi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.