20.02.2024
Birinchi baliq okeanda suzishni boshlaganida, yer yuzida odam umuman boʻlmagan. Oʻsha paytda hatto dinozavrlar ham boʻlmagan, fil yoki boshqa yuqori darajada rivojlangan tirik mavjudotlar haqida gapirishga esa hojat ham yoʻq. Yerdagi birinchi umurtqali hayvon baliq boʻlgan. Yer yuzida qadim zamonlardan beri yashagan boshqa barcha mavjudotlar singari baliqlar ham evolyutsiya jarayonida koʻplab oʻzgarishlarni boshdan kechirgan.
Hozirgi vaqtda dunyoda boshqa umurtqali hayvonlarga qaraganda koʻproq har xil turdagi baliqlar yashaydi. Togʻ jilgʻalari va kichik hovuzlardan tortib, okean tubigacha boʻlgan turli xil suv havzalarida yashovchi baliqlarning kamida 30 000 ta turi mavjud.
Baliqlar uchta asosiy sinfga boʻlinadi. Birinchisi — akula, skat va nur-baliq kabi togʻayli baliqlar. Ularning skeleti suyak oʻrniga mustahkam va elastik moddadan iborat togʻayga ega. Koʻpincha ularning tanasi tangachalar oʻrniga muguzlashgan teri bilan qoplangan.
Ikkinchi sinf — suyakli baliqlar boʻlib, ularga hozirgi kundagi koʻpchilik baliqlar kiradi. Bu turdagi baliqlar suyak skeletga ega boʻlib, tangachalar bilan qoplangan.
Uchinchi guruh — ikki xil nafas oluvchi, yaʼni ham oyquloq, ham oʻpkasi boʻlgan baliqlar. Ikki xil nafas oluvchi baliqlarning barchasi chuchuk suvda yashaydi. Ularning suzgichlari biroz qoʻl-oyoqni eslatadi va bu baliqlar baʼzan quruqlikka ham chiqadi. Hindistonda uchraydigan oʻrmalovchi olabugʻa bunga yaqqol misoldir. Ammo baliqlarning aksariyati ogʻizdan oʻtadigan suv bilan doimo yuvilib turadigan oyqulogʻi orqali nafas oladi.
Baliqlar sovuqqonli jonivor, ammo ular asab tizimiga ega boʻlib, boshqa hayvonlar singari ogʻriq va boshqa noxush tuygʻularni his etishi mumkin.
Baliqlar juda oʻtkir sezgiga ega boʻlib, uni ham taʼm kabi tangachalar bilan qoplangan terisi orqali sezadi. Hid bilish uchun ularning boshidagi kichik burun teshiklarida joylashgan maxsus aʼzolar mavjud. Shuningdek, ular ichki, yaʼni tana ichida joylashgan eshitish aʼzolariga ham ega.
Baʼzi baliqlar haqiqiy jahongashta boʻlib, muqim bir yashash joyiga ega emas. Lekin ular quruqlikdagi hayvonlar kabi asosan kichik guruhlar holida yashaydi. Deyarli barcha baliqlar yirtqichlardir, yaʼni ular boshqa baliqlar yoki suv hayvonlari va hasharotlar bilan oziqlanadi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.