Guppi qanday ko‘payadi?

Agar uyingizda akvarium boʻlsa, katta ehtimol bilan, sizda parvarish qilish oson, akvarium sharoitiga yaxshi moslashadigan, chiroyli boʻlgani uchun tomosha qilish maroq bagʻishlaydigan baliqlarga ega boʻlish istagi tugʻiladi. Ushbu barcha talablarga javob beradigan baliqlardan biri bu — “kamalak baliq” deb ataladigan guppi. Guppi oʻziga xos nasl berishi bilan ajralib turadi. Siz deyarli butun jarayonni akvariumingizda kuzatishingiz mumkin. Guppi boshqa baliqlar singari urugʻ tashlash oʻrniga, ularni tanasida olib yuradi.

Toʻliq rivojlangan urugʻlar tanadagi maxsus teshik orqali kichik, ammo voyaga yetgan baliqlar shaklini mukammal ravishda takrorlaydigan baliqchalar koʻrinishida chiqadi. Ular bu vaqtga kelib suzishni, ovqatlanishni va atrofdagi qorin toʻydirish gʻamida boʻlgan katta baliqlardan qochishni uddalay oladi. Aytgancha, onasi ham bir nechta bolasini yutib yuborishi mumkin, ayniqsa juda och boʻlsa.

Ammo baliqchalarni qutqarishning oson yoʻli bor. Yangi tugʻilgan baliqchalarning birinchi instinkti — yorugʻlik tomon suzish. Agar akvariumning yoritilgan qismiga suv oʻtlari zich ekilgan boʻlsa, baliqchalarning katta qismi taomga aylanmaydi. Mayda baliqchalar yashirinib, katta baliqlarni laqqa tushirish imkoniyatiga ega boʻladi.

Guppi bizga Janubiy Amerikaning shimoliy qismidan, yaʼni Venesuela va unga qoʻshni mamlakatlardan kelgan. Uning turlari bir vaqtlar trinidadlik Laxmer Guppi ismli kishi tomonidan toʻplangan va aniqlash uchun Britaniya muzeyiga yuborilgan. Bu baliq turli xil olimlar tomonidan turlicha ilmiy nomlangan, ammo hozirgi vaqtda faqat bittasidan, yaʼni Lebistes Reticolatusʼdan foydalaniladi. Uning boshqa nomlari orasida Girardinus Guppi ham boʻlgan va u “guppi”ga qadar qisqartirilib, butun dunyoga shu nom bilan tanilgan. Guppilarning erkagi urgʻochisiga qaraganda ancha yorqinroq rangga ega boʻlib, bir-biridan farq qiladi. Qanchalik urinmang, ikkita bir xil erkak guppini topa olmaysiz.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!