20.02.2024
Tritonlar dumli amfibiya (ham suvda, ham quruqlikda yashovchi jonivor)lar turkumiga mansub. Amfibiyalar deb nomlanuvchi hayvonlar sinfiga ushbu turkumdan tashqari qurbaqa va baqalar ham kiradi. Amfibiyalarning aksariyati hayotining bir qismini quruqlikda, qolganini esa suvda oʻtkazadi. Hozirgi vaqtda amfibiyalarning uchta asosiy turkumi mavjud: voyaga yetganda dumi boʻlmaydigan dumsiz (masalan, qurbaqa va baqalar) amfibiyalar, dumi boʻlgan dumlilar (triton va salamandrlar) hamda dumi bor-u, lekin panjalari boʻlmagan oyoqsiz amfibiyalar. Tritonlarning tanasi uzun boʻlgani sababli odamlar koʻpincha ularni kaltakesaklar bilan adashtiradi. Ammo ularni bu sudralib yuruvchilardan farqlab olish oson: tritondan farqli ravishda kaltakesak tangachalar bilan qoplangan, kaltakesakning tirnoqlari bor, tritonda esa yoʻq.
Tritonlar salqinni yoqtiradi. Ularning aksariyati Shimoliy Amerika va Yevropaning qish anchagina sovuq boʻladigan moʻtadil mintaqalarida yashaydi. Bu yerda ular hayotga turli yoʻllar bilan moslashgan. Tritonlar suvda yoki yerostidagi gʻorlarda, hatto chirigan daraxt tanasida yashashi mumkin. Quruqlikda ular zaif panjalari bilan oʻrmalaydi yoki sekin harakat qiladi. Tritonlar suvda tanasi va uzun dumini likillatib suzadi.
Tritonlar dumli amfibiyalarning eng kichigi boʻlib, terisi qalin va quruqroq. Ular Osiyo, Shimoliy Amerika, Shimoliy Afrika va Yevropada yashaydi. Qoʻshma Shtatlarda uchraydigan va sharqiy yoki qizil dogʻli triton deb ataluvchi turi hayoti davomida uch bosqichdan oʻtadi. U suvda tugʻiladi, ikki—uch oydan soʻng kichkina yorqin yashil rangdagi itbaliq metamorfoz (rivojlanish natijasida boshqa koʻrinishga oʻtish, boshqa tusga kirish)ni tugatadi va quruqlikda yashashga tayyor boʻladi. U qip-qizil rangga kirib, orqa tomonida ikki qator qora hoshiyali qizil nuqtalar paydo boʻladi, oʻlchami esa 4 dan 7 santimetrgacha yetadi.
Quruqlikda ikki—uch yil yashaganidan soʻng tuxum qoʻyish uchun triton suvga qaytadi. Terisining rangi yana oʻzgarib, och jigarrang-yashil rang oladi. Terining oʻzi silliqlashib, dumaloq quyrugʻida yangi suzgichlar oʻsib chiqadi. Triton umrining suvdagi uchinchi bosqichini shu koʻrinishda oʻtkazadi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.