20.02.2024
Kaltakesaklar timsoh, toshbaqa va ilonlar bilan bir qatorda reptiliyalar yoki sudralib yuruvchilar sinfiga mansub. Kaltakesaklarning 3 000 ga yaqin turi mavjud. Oddiy kaltakesak toʻrtta panja, kalta tana va uzun dumga ega. Barcha kaltakesaklar tangachali terisini yiliga bir necha marta oʻzgartiradi. Ular qutb mintaqalaridan tashqari, dunyoning barcha burchagida yashaydi. Ular uchun eng qulay joy tropik hududlardir, ammo ular moʻtadil iqlimli mintaqalarda ham yashay oladi. Bu yerda qishda kaltakesak uyquga ketadi. Aksariyat kaltakesaklar kichik boʻlib, odatda ularning uzunligi yarim metrga yetmaydi.
Eng katta kaltakesaklar Indoneziyaning Komodo orolidagi echkemarlar boʻlib, ularning uzunligi uch metrga yetishi, ogʻirligi esa 140 kilogrammni tashkil etishi mumkin. Ular ertaklardagi afsonaviy ajdarlarni eslatadi. Odatda kaltakesaklar uzoq umr koʻrmaydi, ayrimlari atigi ikki—uch yil yashaydi. Tutqunlikda yashagan kaltakesaklarning umr koʻrish davomiyligi boʻyicha rekord — 25 yil. Aksariyat kaltakesaklar hasharotlar bilan oziqlanib, ularni uchib ketayotganida uzun tili bilan tutib oladi va oʻljani odatda butunlayin yutib yuboradi.
Kaltakesaklarning tishi tutilgan oʻljasini ushlab tursa-da, ulardan kamdan kam hollarda tishlash yoki chaynash maqsadida foydalanadi. Baʼzi kaltakesaklar oʻziga xos “parhez”ga ega. Masalan, shoxdor kaltakesak odatda chumolilar bilan oziqlanadi. Boshqa kaltakesaklar esa oʻt yoki faqat mevalarni isteʼmol qiladi.
Katta echkemarlar kam sonli etxoʻr kaltakesaklardan biridir. Ular oʻlaksa bilan oziqlanadi, baʼzida esa kichik yovvoyi choʻchqalarni tutib, butunlay yutib yuboradi. Kaltakesaklarning koʻp turi tuxumdan chiqadi, ammo tirik tugʻiladiganlari ham bor. Urgʻochisi tuxumlarini odatda yerga koʻmadi yoki yiqilgan daraxtlarning chirigan tanasida yashiradi. Koʻpincha u tuxumlarini ularni yemoqchi boʻlgan hayvonlardan himoya qiladi.
Tuxum ichidagi kichik kaltakesakchalarning yuqori jagʻi ustida maxsus “tuxum tishlari” oʻsib chiqadi. Bu tishlar tuxumdan chiqish vaqti kelganida poʻchoqni teshish uchun ishlatiladi. Keyinchalik bu tishlar yoʻqoladi. Kaltakesaklarning katta qismi choʻllarda yashaydi. Ular koʻplab hayvonlar chiday olmaydigan issiqlik va quruqlikka bardosh bera oladi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.