20.02.2024
Qilichdum — juda qiziqarli mavjudot. Dastavval, u ingliz tilida “shoh krabi” (dengiz qisqichbaqasi) deb atalsa ham, qisqichbaqa va oʻrgimchaklarning qarindoshi boʻlsa ham, uning umuman krab emasligini aytib oʻtish joiz. Qilichdumning ilmiy nomi — Limulus Polyphemus uning gʻalati koʻziga ishora qiladi. Bu hayvonning toʻrtta koʻzi bor. Ikki koʻzi yon tomonlarda joylashgan, yana ikkitasi esa boshining old tomonida bir-biriga juda yaqin joylashgan va deyarli qoʻshilib ketgan boʻlib, qadimgi yunon afsonasidagi Polifem siklopi kabi bitta koʻzga oʻxshaydi. Olimlar qilichdumlarni “tirik qazilmalar” deb ataydi. Polifemning tanasi millionlab yillar davomida unchalik oʻzgarmagan. Tasavvur qiling-a, ular deyarli 200 million yildan beri shu koʻrinishga ega.
Qilichdumning butun tanasi qalin zirh bilan himoyalangan. Uning uzun va uchli dumi qilichga oʻxshaydi. Bu qilich kertiklar bilan qoplangan. Toʻlqin qilichdumni agʻdarib yuborganida, normal holatga qaytish uchun dumidan foydalanadi. Qilichdumning olti juft oyogʻi bor. Toʻrt juftidan okean tubida harakatlanish uchun ishlatadi. Kuchli orqa juft oyogʻini suv tubidan itarilish va suzish uchun ishlatadi. Kalta old oyogʻi bilan esa ovqatni ogʻziga suradi. Ogʻzi yurish paytida ishlatiladigan oyoq orasida deyarli yashiringan va shu sababli uni koʻrish qiyin. Uning yelkalari, yaʼni panjalarining ichki boʻgʻimlari haqiqiy omburlarga oʻxshaydi. Ularning yordami bilan qilichdum oʻljasini ogʻziga solishdan oldin maydalab oladi.
Qilichdum mayda mollyuska, qurt va baliq urugʻlaridan tortib, suvoʻti va chiriyotgan organizmlarga qadar — deyarli hamma narsa bilan oziqlanadi. U tavaqali oyqulogʻi orqali nafas oladi. Har bir tavaqasida yuz ellikka yaqin yupqa plastinka mavjud boʻlib, ular yordamida suvda erigan kislorodni oladi. Bu plastinkalar nam ekan, hayvon nafas olishi mumkin. Qilichdumning bolalari dumsiz holda va juda yumshoq zirh bilan mayda urugʻlardan chiqadi.
Toʻrt hafta oʻtgach, ular oʻzi bilan birga oʻsmaydigan zirhga sigʻmay qoladi. Hayvon bu zirhni tashlashi, yaʼni tullashi kerak. Qilichdum voyaga yetib, 30–65 sm oraligʻidagi toʻliq oʻlchamiga yetgunicha, zirhini 20 martagacha almashtirishi mumkin.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.