Midiya nima?

Suvning qaytish paytida Atlantika okeani sohilida sayr qilib, juda qiziqarli manzarani kuzatish mumkin. Qumloq sohil boʻylab midiya deb ataladigan minglab qora chigʻanoqlar yotgan boʻladi. Midiya koʻp jihatdan boshqa ikki pallali mollyuskalarga oʻxshaydi. Ammo ularning bitta oʻziga xos xususiyati bor: ular qoya, boshqa chigʻanoqlar va qum kabi har xil jismlarga yopishib olishi mumkin. Bu midiyaning ingichka uchidagi bir tutam ipga oʻxshash oyogʻida joylashgan bez tomonidan ishlab chiqariladigan, “bissus” deb ataluvchi moslama yordamida amalga oshiriladi.

Midiya — ikki pallali chigʻanoq, yaʼni ular ikkita palladan iborat. Ammo ustritsalardan farqli oʻlaroq, ularning bu pallalarni bir-biriga bogʻlaydigan mushaklari yoʻq. Midiyaning yuzasi silliq boʻlib, shu jihati bilan ham chigʻanogʻi gʻadir-budur boʻlgan ustritsalardan farq qiladi. Chuchuk suv midiyasi bissusga ega emas va shuning uchun ham qoyatoshlarga yopisha olmaydi. Midiya parda bilan ikki — yuqori va pastki qismga boʻlingan, sifon deb ataladigan naycha yordamida nafas oladi va oziqlanadi. Suv sifon orqali oʻtganda, oyquloq undan kislorod oladi va midiya nafas oladi. Sifondagi kichik ogʻiz esa yonidan suzib oʻtayotgan ozuqani ilib oladi.

Urchish paytida urgʻochi midiya millionlab urugʻ qoʻyadi. U ushbu mayda qora urugʻlarni ulardan kichik midiyalar chiqquniga qadar oyqulogʻi ostida olib yuradi. Urugʻdan chiqqan lichinkalar bir necha kun suzishga qodir boʻladi, ammo tez orada shakllana boshlagan chigʻanoq ogʻirlashadi va ular suv tubiga choʻkadi. Midiyaning minglab turi bor, lekin ikkita asosiysi — dengiz va chuchuk suv midiyasi. Dengiz midiyasining uzunligi taxminan besh santimetrga yetadi, chuchuk suv midiyasi esa kattaroqdir.

Midiya asosan Yevropada sanoat ahamiyatiga ega. Chigʻanoqlarining ichki tomonidagi och koʻk sadaf rangli qoplamasi tugma ishlab chiqarishda ishlatiladi. Baʼzida chuchuk suv midiyalarida marvaridlar topiladi, lekin ular odatda juda nomukammal shaklga ega boʻladi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!