20.02.2024
Ustritsani tomosha qilganda, beixtiyor u oʻz chigʻanogʻida yotishdan tashqari yana nimalar qiladi degan savol tugʻiladi? U qay tarzda nafas oladi, ovqatlanadi va dushmanlardan oʻzini himoya qiladi? Ustritsa nafaqat tirik materiyaning bir boʻlagi, balki hayot bilan bogʻliq koʻplab jarayonlarni bajaradigan, juda murakkab mavjudotdir. Unda turli aʼzolar, qon, asab tizimi va boshqalar mavjud. Ammo hozir faqat ustritsaning qanday oziqlanishini koʻrib chiqamiz.
Birinchidan, u nima bilan oziqlanadi? Ustritsa taomnomasiga mayda suvoʻti va turli mikroorganizmlar, yaʼni faqat mikroskop ostida koʻrish mumkin boʻlgan organizmlar kiradi. Bu mayda jonzotlar ustritsa tanasiga chigʻanoq ochiq boʻlganda uning ichki aʼzolarini doimiy ravishda yuvib turadigan suv bilan birga kiradi. Bu ozuqa ustritsa oyqulogʻida joylashgan bezlar ishlab chiqaradigan shilimshiq bilan oʻralib, suvdan ajratib olinadi. Ustritsa ozuqa uchun ayrim mikroorganizmlarni tanlab olsa, oʻzi uchun yaroqsiz, juda katta yoki kerakli shaklda boʻlmaganlaridan voz kechadi. Ammo biz uning bu tanlovni qanday uddalashini bilmaymiz.
Ustritsaning himoya qiluvchi toʻrtta moʻylovchali ogʻiz teshigidan boshlanadigan ovqat hazm qilish kanali mavjud. Bu moʻylovchalar yeyiladigan va yeyilmaydigan ozuqani saralaydi. Tor qiziloʻngach xaltasimon shakldagi katta aʼzo — oshqozonga borib tutashadi. Uning ichida uzunligi taxminan bir santimetr boʻlgan, novdaga oʻxshash narsa dikkayib turadi. Bu novda aylanib, ozuqaning mayda zarralarini aralashtiradi va maydalaydi. Shuningdek, unda ovqatni hazm qiladigan fermentlar ham bor.
Bundan tashqari, oshqozon atrofida katta ovqat hazm qilish bezi joylashgan. Bu bezda ozuqani oʻrab olib, oʻz tanasida hazm qiladigan qon tanachalari mavjud. Albatta, bu ustritsaning oziqlanish jarayoni haqidagi umumiy maʼlumotdir. Buni shunchaki ustritsa qanday oziqlanishi haqida tasavvurga ega boʻlishingiz uchun taqdim etdik.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.