Gubkalar qanday oziqlanadi?

Bunga ishonish qiyin, ammo lotincha ilmiy nomi Porifera boʻlgan gubka aslida hayvon. Bu hayvonot dunyosining eng gʻalati vakillaridan biri boʻlib, hayvondan koʻra koʻproq oʻsimlikka oʻxshaydi. Gubkalarning 5 000 dan ortiq turi mavjud. Ular yashil, jigarrang, sariq, qizil va toʻq sariqdan tortib, oq ranggacha boʻlgan turli rangda, yelpigʻich, gumbaz, shar, karnaysimon shaklda boʻlishi mumkin. Baʼzi gubkalar daraxt kabi shoxlaydi. Boshqalari esa suvosti qoyalari, katta chigʻanoq va daraxt boʻlaklari yuzasida yassi gʻalvirak toʻqima massasi koʻrinishida yoyilib yotadi. Ayrimlari juda kichik boʻlib, uzunligi ikki santimetrdan kam. Boshqalar esa, aksincha, katta: balandligi yoki eni bir metrgacha yetadi.

Voyaga yetgan gubkalar hech qachon bir joydan ikkinchi joyga koʻchmaydi. Gubka hayvon boʻlishiga qaramay, unga teginilganda taʼsirlanmaydi. Gubkaning boshi ham, ogʻzi ham yoʻq. U koʻz, quloq yoki boshqa sezgi aʼzolariga ham ega emas. Shuningdek, gubkaning yuragi, oshqozoni, mushaklari va asab tizimi ham yoʻq. Agar tirik gubka kesib ikkiga boʻlinsa, unda faqat teshiklari yoki u orqali oʻtadigan kanallar boʻlgan shilimshiq massani koʻrish mumkin. Bu koʻrinishda u umuman hayvonga oʻxshamaydi, toʻgʻrimi? Bundan hatto olimlar ham uning hayvon ekanini uzoq vaqt aniqlay olmagani sababini tushunishingiz mumkin.

Xoʻsh, nima gubkani hayvonga aylantiradi? Uning oziqlanishi. Gubka ozuqasini tutadi. U yashil oʻsimliklar singari oʻzi uchun ozuqa ishlab chiqarmaydi, balki atrofidagi suvda yashovchi mayda oʻsimlik va hayvonlar bilan oziqlanadi. U buni qanday bajaradi? Uning elak yoki filtrni eslatuvchi gʻovak devorlari suvdan bu mayda oʻsimlik va hayvonlarni ajratib oladi. Gubkaga suv olinishi va uning ichida harakatlanishini xipchin deb ataladigan hamda doimiy ravishda harakatlanadigan qilsimon iplar taʼminlaydi. Xipchin hujayralari ozuqani tutadi. Uning asosida yopishqoq yuza joylashgan boʻlib, ozuqa yopishadi. Ozuqaning bir qismi u yerda hazm qilinadi, qolgan qismini esa gubka boʻylab “sayohat qiluvchi” hujayralar boshqa joylarga tarqatadi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!