20.02.2024
Toshbaqalar juda koʻp gʻayrioddiy xususiyatlarga ega boʻlsa-da, ammo ular odatdagidek oziqlanadi. Umuman olganda, toshbaqalarning aksariyati hamma narsani yeydi. Albatta, bu toshbaqaning turiga bogʻliq. Roʻpara kelish yaxshilikka olib kelmaydigan Kayman toshbaqasi juda yaxshi ovchidir. U asosan baliq, qurbaqa va hatto oʻrdak bilan oziqlanadi. Odamlarning oʻzi ham isteʼmol qilishni yoqtiradigan suv toshbaqasi koʻproq suvostida oziqlanadi. U hasharot, itbaliq va baliqchalarni isteʼmol qiladi.
Zirhi ichiga toʻliq yashirinib olgani uchun ingliz tilida “quti-toshbaqa” deb ataladigan hamda suv va quruqlik toshbaqalari oʻrtasidagi bogʻlovchi tur boʻlgan, Kistudo oilasiga mansub toshbaqa koʻp vaqtini quruqlikda oʻtkazishni afzal koʻradi. Ammo yozning issiq kunlarida u suvda salqinlashni yoqtiradi. Quruqlikda boʻlganida, u oziqlanish uchun qoʻziqorin va rezavor mevalarni qidirib, oʻrmon boʻylab harakatlanadi.
Dasht toshbaqasi quruq va unumsiz yerni chuqur kovlab, kun davomida unda oʻtiradi. Quyosh botishi bilan tashqariga chiqib, oʻzining sevimli ozuqasi — meva va yashil oʻsimliklarni qidirishga kirishadi.
Qishda ozuqa zaxiralari tugaganda toshbaqalar nima qiladi? Moʻtadil hududlarda yashovchi toshbaqalar ham boshqa barcha sudralib yuruvchilar singari qish uyqusiga ketadi. Uyqusining davomiyligi iqlimga bogʻliq. Ammo koʻpchilik toshbaqalar oktabrdan martgacha ozuqasiz va uygʻonmasdan uxlashi mumkin. Suv toshbaqalari odatda daryo yoki hovuz tubidagi loyga koʻmilib oladi. Quruqlikdagi toshbaqalar qishlash uchun odatda yerning tagiga yashirinadi.
Quruqlikdagi toshbaqalar oʻpka bilan nafas oladi va ularning zirhi muguz plastinkalar yoki yumshoq teri bilan qoplangan “suyakquti”dan iborat. Bu zirh ikki qismdan iborat. Biri orqa tomonini, ikkinchisi esa toshbaqa tanasining pastki qismini, uning qornini yopib turadi. Toshbaqa ikki qism orasidagi yoriqdan boshi, boʻyni, dumi va panjalarini chiqarishi mumkin. Toshbaqalarning koʻrish, taʼm bilish va sezish qobiliyati yaxshi, ammo eshitish aʼzolari unchalik rivojlanmagan.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.