20.02.2024
Agar hovuz yaqinida yashagan boʻlsangiz, ehtimol, tez-tez “qurbaqalar konserti”dan hayratlangandirsiz. Ular kechasi chiqaradigan tovushlar uxlashingizga xalaqit beradigan darajada baland boʻladi. Urgʻochi qurbaqalar faqat biron-bir tarzda shikastlansagina ayrim tovushlar chiqarishi mumkin, biz tunda eshitadigan tanish qurullash esa faqat erkaklar tomonidan amalga oshiriladi. Bu boʻgʻiz kuylarning asosiy vazifasi urgʻochilarning eʼtiborini jalb qilishdir. Ammo ularning qurullashi juftlashish davri bilan cheklanmaydi. Ularning ovozini bu davr tugaganidan keyin ancha vaqt oʻtgach ham eshitish mumkin.
Qurbaqa qanday qilib qurullagan tovushlar chiqaradi? U nafas olib, burun teshiklari va ogʻzini yopgach, havoni ogʻiz hamda oʻpka oʻrtasida orqaga-oldinga haydaydi. Bu tovush havo ovoz paychalari orqali oʻtib, ularni titratganda chiqadi. Qurbaqalarning koʻp turida ogʻiz boʻshligʻi bilan birlashgan xaltachalarga oʻxshash rezonatorlar mavjud. Qurbaqa kuylashni boshlaganida, rezonatorlar havo bilan toʻladi va shishadi. Aynan mana shu shishadigan xaltachalar qurullashga oʻziga xos ohang beradi.
Aytgancha, Amerika buqa-qurbaqasining ovozi baʼzan bir mil va undan ham koʻproq masofaga tarqaladi. Voyaga yetgan qurbaqaning oʻpkasi boʻlsa-da, u biz kabi nafas olmaydi. U burun teshiklari orqali ogʻziga havo olayotgan vaqtda tomogʻini pastga tushiradi. Keyin burun teshiklari yopiladi va qurbaqa yana tomogʻini koʻtaradi, bu bilan ogʻizdagi havoni oʻpkaga itaradi.
Qurbaqa ovqatni yutayotganida koʻzidan foydalanishini bilarmidingiz? Qurbaqalar oʻz oʻljasini yopishqoq tili bilan tutishi bizga maʼlum. Hasharot tiliga yopishganda, uni ogʻziga tortib oladi. Qurbaqaning katta, boʻrtib chiqqan koʻzi ogʻiz boʻshligʻidan faqat yupga teri bilan ajralib turadi. Koʻz yopilganda, ular ichkariga botadi, yaʼni hasharot ogʻizga tushganida va qurbaqa koʻzini yumganida, ular ichkariga botib, ovqatni tomoqqa surishga yordam beradi. Qurbaqalar odamlar uchun juda foydali, chunki ular hasharotlarni isteʼmol qiladi va zararkunandalarning sonini kamaytiradi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.