20.02.2024
Burga itlarning terisida yashab, doimo ularni qashinishga majbur qiladigan, mayda jonzot ekanini hammamiz bilamiz. Ammo burganing 900 ga yaqin turi borligini bilarmidingiz? Burga — parazit hasharot. Bu uning boshqa tirik mavjudotlarda yashashini anglatadi. U sutemizuvchilarda, shu jumladan,odam, qush va boshqa hayvonlarda yashaydi.
Burga pashshadan keyingi oʻrinda odamlarga yaxshi tanish boʻlgan yoqimsiz hasharotdir. U qadim zamonlardan beri uy hayvonlari va ularning egasi hisobiga, tekinxoʻrlik bilan kun koʻrishi tufayli dunyoning hamma joyida yashovchi odamlar hayotiga shu qadar chuqur kirib borishga muvaffaq boʻlgan. Burga chaqishi yoqimsiz holat, ammo bu ulardan xavotirlanishning asosiy sababi emas. Burga oʻlimga olib kelishi mumkin boʻlgan terlama va oʻlat kabi juda jiddiy kasalliklarni tarqatishi mumkin. Burga mayda tuxumlarini toʻgʻridan toʻgʻri oʻzi yashaydigan hayvonning tanasiga yoki u uxlaydigan joyga qoʻyadi. Hayvon harakatlanganda tuxumlar u bilan har tarafga tarqaladi. Tuxumdan chiqqan lichinkalar oʻsib ulgʻaygach pilla hosil qiladi va undan voyaga yetgan burga shaklida chiqadi.
Odam burgasining tuxumdan chiqib, voyaga yetgan hasharotga aylanish jarayoni 28 dan 48 kungacha davom etadi. Tropik kalamush burgasiga esa buning uchun bor-yoʻgʻi 21 kun yetarli.
Voyaga yetgan burganing qanoti boʻlmaydi. Biroq, uning juda yaxshi rivojlangan oyogʻi boʻlib, ular yordamida sakraydi va burgalarning baʼzi turlari ajoyib sakrovchidir. Ularning ayrimlari 20 santimetr balandlikka va 30 uzunlikka sakrashga qodir. Burganing ogʻiz qismlari boshqa hayvonlarning terisini tishlab, uzib olish va ularning yagona ozuqasi boʻlgan qonni soʻrish uchun moslashgan. Oʻzining tanasi esa yassi.
Burga tropik va iliq mintaqalarda koʻp, ammo bu parazitlar qutbda ham, choʻllarda ham yashashi mumkin. Shimoliy Amerikada asosan odam, it va mushuk burgasi eng koʻp tarqalgan. Bu uch turning barchasi oʻz turidan qatʼiy nazar, boshqa hayvonlarda ham parazitlik qilishi mumkin.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.