Chumolixo‘r qanday hayvon?

Chumolixoʻr odatda termitlar deb ataladigan oq chumolilar bilan oziqlanadigan hayvondir. Chumolixoʻrning tishi boʻlmagani uchun boshqa ozuqa turidan koʻra chumolilarni afzal koʻradi. Uning ancha choʻzilgan jagʻ suyaklari deyarli butunlay teri bilan qoplangan. Chumolixoʻrning ogʻzi juda kichik boʻlib, chuvalchangga oʻxshash va yopishqoq modda bilan qoplangan tilining uzunligi 30 santimetrdan oshadi. Termitni koʻrgan chumolixoʻr uzun tilini chiqaradi. Soʻngra termit yopishgan tilini oʻljasi bilan ogʻziga tortib olib, yutib yuboradi. Chumolixoʻr ov qiladigan termitlarning aksariyati oʻz uya-koloniyalarini tropik quyosh ostida toshga aylanadigan loydan qurgani sababli unga uzun tirnoqlarga ega kuchli old oyoq berilgan. Chumolixoʻr undan termit inlarini ochishda foydalanadi.

Chumolixoʻrlarning bir-biridan juda farq qiladigan uch turi mavjud. Gigant chumolixoʻr yerda yashaydi. Uning uzunligi ikki metrdan ortiq boʻlib, shundan taxminan 30 santimetri boshiga va 60 santimetri dumiga toʻgʻri keladi. U uzun va dagʻal junga ega. Old oyoq tirnoqlari shu qadar uzunki, harakatlanishga qiynalgan chumolixoʻr oyoq kaftlarining tashqi tomoni bilan yurishga majbur. U kun boʻyi uxlaydi va kechasi oziqlanadi.

Tamandua yoki Amerika chumolixoʻri ancha kichik. Uning uzunligi taxminan bir metr boʻlib, juni qisqa. Tamanduaning dumi juda koʻp vazifalarni bajaradi. Usiz Amerika chumolixoʻri asosiy yashash joyi boʻlgan daraxtlarda yashay olmas edi.

Pakana chumolixoʻr — barcha chumolixoʻrlarning eng kichigi. Uning uzunligi 50 santimetr atrofida boʻlib, uzunligining yarmi dumiga toʻgʻri keladi. Uning yordamida hayvon daraxtlarda yashashi mumkin va odatda kunni shoxda gʻujanak boʻlib yotgan holda oʻtkazadi. Pakana chumolixoʻrlar Janubiy Meksikadan Braziliyagacha boʻlgan hududda uchraydi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!