20.02.2024
Qish anchayin sovuq boʻladigan joylarda chivinlar uchramasa-da, ular hayotini davom ettiradi. Faqat ular bizga maʼlum uchuvchi va vizillovchi hasharotga oʻxshamaydigan boshqa shakllarda yashaydi. Chivin hayotining birinchi qismini suvda, qolgan qismini esa yerda va havoda oʻtkazadi. Uning hayoti urgʻochi chivin turgʻun suv havzasiga tuxum qoʻygan paytdan boshlanadi. Tez orada ulardan darhol suzishni va ozuqa qidirishni boshlaydigan lichinkalar chiqadi. Koʻp oʻtmay lichinka gʻumbakka, gʻumbak esa oʻz navbatida voyaga yetgan hasharotga aylanadi va uchib ketadi.
Tuxumdan voyaga yetgan hasharotgacha boʻlgan butun jarayon atigi 9–14 kun davom etadi. Ammo qishki sovuq tushganda, tuxum va lichinkalar “uyquga ketadi”. Ulardan hech narsa chiqmaydi. Ayrim chivin turlarining urgʻochilari ham qishda oʻziga xos “qish uyqusi”ga ketadi. Qish oʻtishini tuxum, lichinka, gʻumbak va voyaga yetgan hasharot ham shu tarzda kutadi.
Qizigʻi shundaki, bu hasharotlar uchun issiq iqlimli mintaqa, ayniqsa, chivinlar haqiqiy ofat boʻlgan subtropiklar eng qulay joy boʻlsa-da, ular Kanadaning shimoliy hududlari, Alyaska va Sibirda yanada katta falokatdir. Bu chivin tuxumlarining qishda qorda omon qolish qobiliyati tufayli sodir boʻladi. Qor eriy boshlagach, shu qadar koʻp hasharot tuxumdan chiqa boshlaydiki, hatto bu gazandalar chaqishi oqibatida odamlarning aqldan ozgani haqida hikoyalar bor.
Albatta, odamlar uchun chivinlar xavfi nafaqat ularning ogʻriqli chaqishida, balki bemor odamlardan kasalliklarni sogʻlom odamlarga oʻtkazishidadir. Chivin kasal odamning qoni bilan birga kasallik tugʻdiruvchi mikroblarni ham soʻrib oladi. Keyinchalik chivin sogʻlom odamni chaqqanida, soʻlagi bilan birga uning tanasiga mikroblarni ham kiritadi. Chivinga bu mikroblarning keragi yoʻq: unga qon kerak.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.