20.02.2024
Ancha yillar oldin, tibbiyot hozirgi kabi yaxshi rivojlanmagan paytda qon olish barcha dardlarga davo hisoblangan. Bemordan koʻproq “yomon qon” olinsa, u, albatta, tuzalib ketadi. Aytgancha, inglizlar ushbu sinovdan oʻtgan vositaga boʻlgan ishtiyoqi tufayli shifokorlarni “zulukchilar” deb ham atashgan. XIX asrning boshlarida zuluklar shifokorlar orasida shu qadar ommabop boʻlganki, baʼzi odamlar hatto zuluk biznesi bilan shugʻullangan. Baʼzi mamlakatlarda hatto bu qonsoʻrarlarni ushlash mavsumi ham boʻlgan.
Hozirgi vaqtda zuluklar Yevropa va Amerikada bu maqsadlarda juda kam qoʻllanadi, garchi baʼzi Sharq mamlakatlarida shifokorlar hali ham ulardan foydalanadi. Ammo qonni soʻrib olish uchun ishlatilmasa ham, zuluklar tibbiyot uchun oʻz ahamiyatini yoʻqotmadi: shifokorlar ularning soʻlak bezlari ishlab chiqaradigan moddadan foydalanadi. Girudin deb ataladigan bu modda qon ivishining oldini oladi. Uning bu xususiyati baʼzi jarrohlik operatsiyalarida zarurdir.
Zuluklar tuproq chuvalchangining yaqin qarindoshidir. Ularning aksariyati yassi shaklda boʻlib, qora, yashil yoki jigarrang tusga ega. Ularning uzunligi ikki yarim santimetrdan bir metrgacha yetadi. Zuluklarning koʻpchiligi chuchuk suvda yashaydi, garchi baʼzilari, ayniqsa, kattalari dengizda, kichik qismi esa quruqlikda yashaydi. Zulukning boshida kichik uchli tishlarga ega, xartumchaga oʻxshash ogʻzi bor. Zulukni sira ham aynan “yomon qon” jalb qilmaydi. Ularga shunchaki qon kerak, chunki zuluk qon bilan oziqlanadi. Zuluk chaqishi ogʻriqsizdir, faqat “achitadigan zuluk” chaqishi bundan mustasno. Baʼzida zuluk chaqqanini u tanadan tushganidan keyin ham jarohatdan ketayotgan qondan bilish mumkin.
Zuluklar zaharli emas. Ammo olgan biror jarohati yoki kasallik tufayli oʻrmonda ojiz holatda qolib ketgan odamlar zuluklar qurboniga aylanib, ulardan shunchalik koʻp qon soʻrib olganki, natijada odamlar qon yoʻqotishdan halok boʻlgan.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.