Ko‘rshapalaklarning necha xil turi mavjud?

Koʻrshapalaklarning mingga yaqin, har xil turi mavjud. Ular qutb hududlaridan tashqari, sayyoramizning deyarli barcha burchagida yashaydi. Koʻrshapalakning barcha turi bir-biridan yashash joyiga bogʻliq odatlari bilan farq qiladi. Shunday boʻlsa ham, barcha farqlarga qaramay, ular juda koʻp oʻxshashliklarga ega. Koʻrshapalaklar odatda koloniyalar koʻrinishida yashaydi, ammo oʻzi uchun uya qurmaydi. Ular odatda gʻorlarda yashaydi. Baʼzi gʻorlarda minglab koʻrshapalakdan iborat koloniya yashashi mumkin. Shuningdek, daraxtning biror kovagida 10–12 ta koʻrshapalakdan iborat kichik koloniya joylashishi mumkin.

Koʻrshapalakning ayrim turlari daraxtlarda barglar singari novda va shoxlardan osilgan holda yashashni afzal koʻradi. Tropik mintaqadagi koʻrshapalakning ikki turi palma barglaridan kichik ayvonlar yasab oladi. Avstraliyada ular mevali daraxtlarda, Misrda esa piramidalarda yashaydi. Shimoliy Amerika va Yevropada ular koʻpincha tor yoriqlar va chordoqqa kirib joylashib, odamlar bilan bir tom ostida kun kechiradi.

Koʻrshapalaklarning aksariyati faqat tunda faol boʻlsa-da, kunduzi ham uchadiganlari bor. Koʻrshapalaklarning koʻpchiligi faqat hasharotlar bilan, baʼzilari faqat mevalar bilan, boshqalari esa ham meva, ham hasharotlar bilan oziqlanadi. Ammo goʻsht, baliq va hatto gul nektari bilan oziqlanadiganlari ham bor. Hindistonda koʻrshapalakning sichqon, qush va kaltakesaklar bilan oziqlanadigan bir turi mavjud.

Tropik Amerikadagi katta uzuntumshuqli koʻrshapalak tutqunlikka tushganda deyarli hamma narsa — banan, ot goʻshti va jigarni yeyishi mumkin. U hatto kichikroq qarindoshlarini yeyishdan ham bosh tortmaydi. Tropikada “taomnomasi” juda gʻayrioddiy boʻlgan koʻrshapalaklar bor. Masalan, Shimoliy va Markaziy Amerikada yashovchi noktilio turiga mansub koʻrshapalaklar baliq bilan oziqlanadi. Janubiy Amerika junglisida yashovchi koʻrshapalak turlaridan biri asosan gullarning gulchangi va nektari bilan oziqlanadi.

Albatta, koʻpchilik Shimoliy va Markaziy Amerikada yashaydigan vampir deb ataladigan koʻrshapalak haqida eshitgan. U ot, sigir, echki va hatto odamlarni tishlab, oz miqdordagi qonini soʻrib oladi-da, uchib ketadi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!