Ilonlar nima bilan oziqlanadi?

“Vegetarian” ilonlar boʻlmaydi. Ularning barchasi yirtqich boʻlib, har xil turdagi hayvonlar bilan oziqlanadi. Ilonlar oʻz ovqatini butunlay yutib yuborgani uchun ular hayotiy zarur boʻlgan vazifani bajaruvchi juda kuchli hazm qilish shirasiga ega. Ularning, masalan, mushuksimonlar oilasi vakillariniki kabi oʻljasini tilkalash uchun ishlatiladigan tishi yoʻq. Qush va toshbaqalarning tumshugʻi bor. Ilonlarning esa faqat oʻljasini tutib, uni ogʻziga yoʻnaltiradigan igna singari ingichka tishlari bor. Lekin ular ovqatni chaynash imkonini bermaydi.

Ilonlardagi eng gʻayrioddiy narsa bu — ular ovqatlanishining oʻziga xos usuli bilan bogʻliq boʻlgan jagʻlar tuzilishi. Jagʻlar bosh suyagining qolgan suyaklariga juda erkin birikkan. Jagʻlarda tishlar joylashgan boʻlib, koʻpchilik ilonlarning tanglayida ham ikki qator tishi bor. Bu tishlarning barcha qatorlari suyaklarga oʻrnashgan boʻlib, maxsus mushaklar tomonidan boshqariladi. Ilon ovqatlanayotganda bir jagʻidagi tishlar oʻljasi qochib ketmasligi uchun ushlab turganda, ikkinchisi uni oʻziga tortadi. Keyin ilon tishini boʻshatib, boshqa jagʻini oldinga siljitadi va tishini yana sanchadi. Ozuqa shu tarzda ilonning tomogʻiga suriladi. Jagʻining bunday tuzilishi tufayli ilon juda katta hayvonni ham yutib yuborishi mumkin. Masalan, piton kiyik va leopard kabi yirik hayvonlarni yeb yuboradi.

Albatta, kichikroq ilonlar maydaroq hayvonlarni yeydi. Koʻpchiligi oʻrtacha kattalikdagi jonzotlar — qurbaqa, sichqon, kalamush, qush va chigirtkalar bilan oziqlanadi. Baʼzi kichik koʻr ilonlar termitlarni yeydi.

Ularning boshqa ilonlarni isteʼmol qiladigan turlari ham bor. Ilonlar ozuqasiga juda talabchan. Masalan, Shimoliy Amerikaning yashil iloni oʻrgimchak, baliq, qush va shilliqqurt bilan oziqlanadi, lekin kaltakesak va sichqonlarni yemaydi. Suvilonlar esa baliq va qurbaqalarni isteʼmol qilib, hasharot va sichqonlarga teginmaydi. Shimoliy Amerikada yashovchi sariq yoʻl-yoʻl ilon har narsani — qurt, baliq, qurbaqa, kemiruvchi va qushlarni yeyaveradi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!