Bo‘rilar qanday ov qiladi?

Boʻri har doim yomon obroʻga ega boʻlgan. Ezopning koʻplab masallarida, ertak va bolalar sheʼrlarida u oʻta yaramas sifatida tasvirlangan. Battol boʻri “Qizil qalpoqcha” hayotiga ham tahdid qilgan, uch choʻchqa bolasiga ham tinchlik bermagan. Nima boʻlganda ham, bu hayvon ozuqasini aslida qanday qilib topadi? Boʻrilarning yuzlab kilometrlarga choʻzilgan oʻz ov yoʻllari bor. Ularni toʻliq aylanib chiqish uchun boʻrilarga baʼzan bir haftadan koʻproq vaqt kerak boʻladi. Vaqti-vaqti bilan ular qulogʻini dikkaytirib, burnini yuqoriga koʻtarib, qoʻlga tushishi mumkin boʻlgan oʻljani kutib har tarafga tarqalib ketadi. Ularning butun soʻqmogʻi boʻylab  “belgilangan ustunlar” mavjud. Bular buta, daraxt, katta tosh yoki boshqa koʻrinarli narsalardir.

Boʻri har safar belgilangan ustun yonidan oʻtayotganida, bu joydan yana qaysi boʻrilar oʻtganini bilish uchun uni hidlaydi. Boʻrilarning asosiy ozuqasi goʻsht boʻlib, uning turi muayyan bir hududda qaysi hayvonlar koʻproq tarqalgani va ularni ovlash osonligiga bogʻliq.

Boʻrilar odatda yolgʻiz kiyik, bugʻu va boshqa yirik tuyoqli hayvonlarga hujum qiladi. Kanada va Alyaskada boʻrilar karibu (Kanada kiyigi) iziga tushib, kiyik bolasi va podadan ortda qolgan keksa hayvonlarga hamla qiladi. Shimolda ular baʼzan hoʻkizqoʻy (qoramol va qoʻy belgilariga ega boʻlgan sutemizuvchi hayvon)  kabi yirik hayvonlarga ham hujum qiladi. Boʻrilar kimsasiz joyda qarovsiz qoldirilgan chorva molini ham gʻajib, yeb ketishi aniq. Agar ular yeyishga tayinliroq narsa topa olmasa, kemiruvchi va quyonlardan ham bosh tortmaydi. Agar bunday ozuqa ham boʻlmasa, boʻrilar duch kelgan oʻsimlik, masalan, rezavorlar bilan qanoatlanadi.

Baʼzan ular oʻljasini soatlab taʼqib qiladi. Ular unchalik tez yugurmaydi, lekin deyarli charchamaydi va uzoq masofaga chopishi mumkin. Oxir-oqibat oʻlja charchaydi. Bir nechta boʻri orqadan, boshqalari esa old tomondan hamla qiladi. Nihoyat oʻlja yiqilgach, gala unga yopirilib, jon berganiga qadar tilka-pora qila boshlaydi. Keyin gala aʼzolarining har biri yetti kilogramm yoki undan ortiq goʻsht isteʼmol qilib, ziyofat uyushtiradi. Oʻljaning qoldiqlari yashirilib yoki zaxira uchun koʻmib ketiladi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!