20.02.2024
Bugungi kunda karkidonning besh xil turi mavjud boʻlib, ulardan ikkitasi — oq va qora karkidon Afrikada yashaydi. Ikkala turning ham ikkitadan shoxi bor. Qolgan uch tur Osiyoda uchraydi. Hind va Yava karkidonlari bittadan shoxga ega. Sumatra karkidonida esa shox ikkita. Karkidonlar kuchli, ogʻir tanaga ega va odatda juda sekin harakatlanadi. Ular boshqa hayvonlarni ozuqa deb hisoblamagani uchun atrofida boʻlayotgan voqealarga juda kam eʼtibor beradi. Ular faqat oʻt va boshqa yashil oʻsimliklar bilan oziqlanadi. Bu kuchli mavjudotlar odatda juda xotirjam va odamovi. Ammo oʻzini himoya qilishga majbur boʻlgan karkidon juda vahshiy va xavfli boʻladi. U uchqur, egri shoxlari bor dahshatli boshini oldinga egib, dushmaniga hujum qilganida soatiga ellik kilometr tezlikka erisha oladi.
Ularning eng kichigi boʻlgan Sumatra karkidonining vazni odatda bir tonnadan kam boʻlib, uning yelkasi darajasidagi balandligi taxminan bir metrni tashkil qiladi. Eng kattasi esa Afrika oq karkidoni boʻlib, ogʻirligi uch yarim tonna va undan ham ortiq, balandligi taxminan ikki metrni tashkil qiladi. Karkidonning yirik tanasi har birida uchtadan barmogʻi bor, toʻrtta nisbatan qisqa oyoq ustida turadi. Ular tuyoqli hayvon boʻlib, otlarning qarindoshidir.
Baʼzi karkidon turining shoxi juda uzun: oʻlchashga muvaffaq boʻlganlarning eng kattasi bir yarim metrdan oshgan. Hayvonning turiga koʻra shox bitta yoki ikkita boʻladi. Birinchi shox burun teshiklari ustida yoki orqaroqda, ikkinchisi esa birinchisining orqasida, koʻzga yaqin joylashgan boʻladi. Shox oʻz tuzilishiga koʻra bir tutam qilib qattiq siqilgan dagʻal qillardan iborat. Tanasining quloq atrofi va quyruq uchlaridan tashqari qolgan qismi tuksiz. Karkidon terisi qattiq va qalin.
Odatda karkidon savannada izgʻib, ovqatlanib yuradi, lekin baʼzida butun boshli karkidon oilasini ham uchratish mumkin. Urgʻochisi bir vaqtning oʻzida faqat bitta bola koʻradi. Bolasi juftlashish mavsumidan taxminan oʻn sakkiz oy oʻtgach dunyoga keladi va bir necha yil davomida onasi qaramogʻida boʻladi. Tutqunlikdagi karkidonlar taxminan ellik yil umr koʻradi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.