Fillar podada qanday hayot kechiradi?

Fil podasida 10–20 tadan 50 tagacha yoki undan ham koʻproq hayvon boʻlishi mumkin va galadagi hayvonlarning aksariyati qon-qarindosh boʻladi. Odatda keksa, dono urgʻochi fil poda boshligʻi boʻladi. Uning ortidan turli yoshdagi avlodlari bilan boshqa urgʻochi fillar ergashadi. Yosh erkak fillar ham podada, lekin voyaga yetganlari koʻpincha podadan alohida yolgʻiz yashaydi va tez-tez tashrif buyurib turadi.

Agar podaga bir vaqtning oʻzida ikki yoki undan ortiq erkak fil qaytsa, bu tashrif baxayr tugamaydi. Oxir-oqibat ulardan biri raqibiga tishi bilan jiddiy shikast yetkazib, podadan haydab chiqaradi yoki umuman oʻldirib, gʻalaba qozonadi. Gala yilning turli fasllarida sevimli ovqatlanish joylariga tashrif buyurib, hamma joyda aylanib yuradi. Qurgʻoqchil mavsumda fillar oʻrmonlarga ketadi yoki ishonchli suv manbalariga yaqinroq boʻladi. Yogʻingarchilik mavsumida esa ular oʻtloqli tekisliklarga chiqadi. Poda kundalik hayotida maʼlum bir tartibga amal qiladi. Erta tongda fillar yaqin atrofdagi daryoga yoʻl oladi. Bu yerda ular chanqogʻini qondirib, choʻmiladi: suvga kirib, unda tipirchilaydi, xartumiga suvolib ustidan quyadi.

Fillar yaxshi suzadi va yoʻlida uchragan keng suv toʻsiqlardan bemalol oʻtishi mumkin. Choʻmilgandan soʻng ular bir necha soat davomida yaqin atrofda oʻt va daraxt barglar bilan oziqlanib yuradi, soʻngra dam olish uchun soyali joyda toʻxtaydi. Kech tushgandan keyin poda baʼzida daryodagi suvloqqa qaytadi. Ular yana dam olishdan oldin tungacha ovqatlanishi mumkin.

Ayrim fillar yotgan holda uxlaydi, lekin koʻplab katta fillar, ayniqsa, Afrika fillari tik turgan holda uxlaydi. Podadagi barcha voyaga yetgan fillar xavfdan ogoh boʻlish uchun doimo sergak boʻladi. Ular xira koʻradi, ammo uncha yomon boʻlmagan eshitish qobiliyati va gʻayrioddiy rivojlangan hid bilish tuygʻusiga ega.

Agar podadagi fil bolasiga sher yoki yoʻlbars kabi biror yirtqich hujum qilsa, uni butun gala himoya qiladi. Osiyoda yoʻlbarslar har toʻrt fil bolasidan birini oʻldiradi. Voyaga yetgan fillar kamdan kam hollarda boshqa hayvonlar hujumiga uchraydi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!