20.02.2024
Ohu antilopaning bir turidir. Bu hayvonlar antilopalar mansub boʻlgan qoʻshtuyoqlilar guruhida latif qaddi-qomati va yuqoriga qayrilgan shoxlari bilan ajralib turadi. Ayrim ohularning bejirim shoxlari lira (chertib chalinadigan musiqa asbobi)ni eslatadi. Ular nayza kabi salmoqli va tekis yoki ikki tishli panshaxa, bir juft qavs, rim raqami V singari shakllarda va egri boʻlishi mumkin. Ohuning boʻyi oʻrtacha 66 santimetrga teng. Ingliz tilidagi “ohu kabi tez” iborasi bu hayvonlarning juda katta tezlikda harakatlana olgani tufayli paydo boʻlgan. Ohu tozi itdan tezroq yugura oladi.
Antilopalarning aksariyati Afrikada yashaydi: u yerda ularning 90 dan ortiq turi mavjud. Hindistonda oʻnta turi yashaydi. Bir vaqtlar antilopalar Yevropa va Osiyoning katta hududlarida yashagan. Barcha erkak antilopalar shoxga ega, baʼzi turlarida esa bu urgʻochilarida ham bor. Ayrim turlarning shoxlari atigi ikki yarim santimetr boʻlib, mixchalarga oʻxshasa, gigant qora antilopaning egri qilichlarga oʻxshash shoxlari uzunligi 162 santimetrga yetadi. Aksariyat antilopalar juda xushqad va hurkak hayvondir, ammo gnu, qora antilopa, burul, oriks va Kann antilopasi kabi baʼzi turlari, ayniqsa, yaralanganida xavfli boʻlishi mumkin.
Gnu antilopasi buyvolniki kabi soqol va shoxga ega otga oʻxshaydi. U juda chidamli va tezkor hayvon boʻlib, otni osongina quvib oʻtishi mumkin. Shuning uchun undan uzoqroq boʻlgan maʼquldir. Ochiq tekisliklarda yashovchi koʻpchilik antilopalar ming boshdan iborat podalar koʻrinishida toʻplanadi. Boshqalari esa yolgʻiz yoki kichik guruhlar holida yashaydi. Ayrimlari daryolar sohilidagi botqoq joylarda, boshqalari esa togʻlarda, baʼzilari choʻllarda yashaydi.
Odatda antilopalar qizgʻish-jigarrang, qizgʻish yoki kulrang tusda, tumshugʻi va dumgʻazasida esa oq xollari boʻladi. Qorni ham odatda oq rangda boʻlib, antilopalar koʻpincha juda chiroyli rangga ega boʻladi. Antilopalarning tuyoqlari har qanday qoʻshtuyoqli va kavsh qaytaruvchi hayvonlarniki singari ikkiga ayrilgan.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.