20.02.2024
Sayyoramizda oʻrdakburun yoki platipusdan koʻra gʻalati hayvonni topish qiyin boʻlsa kerak. Uni hech qachon koʻra olmasangiz kerak, chunki oʻrdakburun tutqunlikda halok boʻladi. Bu hayvon nimasi bilan oʻzgacha? Birinchidan, oʻrdakburun baliq, qush va hatto sudralib yuruvchilarga ham juda oʻxshasa-da, lekin ularning hech biri emas. Bu evolyutsiya jarayonida paydo boʻlgan oraliq hayvon. Oʻrdakburun ham sutemizuvchilar kabi naslini parvarish qiladi, sudralib yuruvchilar va qushlar singari tuxum qoʻyadi, reptiliyalarda boʻlgani kabi tana harorati atrof-muhit haroratiga bogʻliq tarzda oʻzgaradi.
Aslida esa oʻrdakburun sutemizuvchi boʻlib, tuxum qoʻyadigan sutemizuvchilarning ikki turidan (ikkinchisi — chumolixoʻr) biridir. Oʻrdakburun pardaoyoqqa ega, ogʻzi oʻrnida esa oʻrdaknikiga oʻxshash tumshugʻi boʻlib, suvda baliq kabi suzadi. Bu hayvon faqat Avstraliyaning sharqiy qismida va Tasmaniyada yashaydi. Erkagining uzunligi taxminan 53 santimetr, urgʻochilariniki esa 45 santimetrga teng. Tanasi uzun, dagʻal va uchlari tanaga egilgan yung ostida yashiringan, yumshoq tuk bilan qoplangan. Uning dumi yassi va qunduznikiga oʻxshash.
Garchi quloq chanogʻi boʻlmasa ham, oʻrdakburun juda yaxshi eshitadi. U ichki qulogʻi bilan eshitadi. Oʻrdakburun suvning ostida nafas ololmagani uchun suzayotganida burun teshiklari joylashgan tumshugʻining uchini suv ustida ushlab turadi. Erkagining orqa oyogʻi tovonida zaharli bezlar bilan bogʻlangan, qadoqlashgan aʼzo mavjud. Bu gʻaroyib jonzot uyasini daryolarning sokin qirgʻoqlariga quradi.
Oʻrdakburun deyarli butun kunni oʻz uyasida oʻtkazadi va uni faqat kechasi oziqlanish uchun tark etadi. U suv hasharotlari, qurt va mollyuskalar bilan oziqlanadi. Oʻrdakburun tuxum bosib joʻja ochish uchun barg, oʻt va qamish toʻshalgan maxsus uya hozirlaydi. Urgʻochisi bu uyaga tuxum qoʻyib, ularni gʻujanak boʻlib bosib yotadi. Bolalari tuxumdan koʻr va ojiz boʻlib chiqadi. Ular ona suti bilan oziqlanib, uyada birmuncha vaqt qoladi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.