20.02.2024
Gʻalati tuyulgani uchun odamlar toʻtiqushning vaysashini tinglashni yoqtiradi. Ammo bu qushlarning qay tarzda inson nutqiga taqlid qilishi haligacha nomaʼlum. Baʼzilarning fikriga koʻra, toʻtiqush katta va qalin tilining oʻzgacha tuzilishi tufayli gapira oladi. Balki, tilining bunday tuzilishi uning gapirishiga yordam berar, ammo baribir bu gapirish uchun zarur boʻlgan shart emas. Tropik chugʻurchuq, qargʻa va quzgʻun kabi boshqa “gapiradigan” qushlarning tili bunday qalin va katta emas. Xuddi shunday tilga ega qirgʻiy va lochin esa gapira olmaydi.
Balki, toʻtiqush boshqa qushlarga qaraganda aql darajasi yuqori boʻlgani sababli gapirar? Chamasi, bu ham uning gapirishi sababi emas. Aytgancha, koʻpchilik biologlar garchi toʻtiqush va boshqa gapiradigan qushlar maʼlum ibora va harakatlar oʻrtasida qandaydir bogʻliqlik borligini anglasa ham, ular talaffuz qilayotgan soʻzlarining maʼnosini tushunmaydi deb hisoblaydi. Balki, toʻtiqushlarning ovoz va eshitish mexanizmlari boshqa qushlarnikiga qaraganda sekinroq ishlagani uchun ular gapirishi mumkindir. Ehtimol, inson talaffuz etgan tovushlar toʻtiqushlarga tabiiy ravishda xos boʻlgan tovushlarni eslatgani uchun ularga taqlid qilish osonroqdir…
Toʻtiqushlar boshqa jihatdan ham qiziqarli qush. Ular deyarli har qanday yashash sharoitiga moslasha oladi. Shuning uchun ham dengizchilar uzoq safarlarga ularni oʻzi bilan olib ketgan. Ularning vatani tropik boʻlsa-da, toʻtiqushlar moʻtadil va hatto sovuq iqlim sharoitida tutqunlikda boʻlganda ham oʻzini yaxshi his qiladi.
Toʻtiqushlar juda jasur qush boʻlib, boshiga kulfat kelgan urugʻdoshiga har doim yordamga keladi. Agar qushlardan biri biron-bir xavf ostida qolsa, unda butun gala uni himoya qiladi. Toʻtiqush ozuqa qidirib, nafaqat panjalarini, balki tumshugʻini ham ishlatib, maymun kabi shoxdan shoxga sakrab yuradi. Umuman olganda, ular panjalaridan, ayniqsa, ovqatlanish paytida, qoʻl sifatida bemalol foydalanishi mumkin.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.