20.02.2024
Kalamushlar juda yoqimsiz jonzot boʻlgani uchun hech kim ular haqida gapirishni yoqtirmaydi. Ammo ular inson hayotiga katta taʼsir koʻrsatadi. Qoʻngʻir kalamushlar oʻzida dahshatli kasallik — chov oʻlati yoki “qora oʻlim”ni tarqatishi mumkin boʻlgan burgalarni tashiydi. Bu kasallikdan insoniyat tarixidagi barcha urushlardan koʻra koʻproq odam vafot etgan.
Oddiy uy kalamushi boʻlgan qoʻngʻir kalamushning vatani — Osiyo. U Yevropada taxminan salib yurishlari davrida paydo boʻlgan. Bu kemiruvchilar qisman yer boʻylab, qisman oʻz vataniga qaytgan salibchilarning kemalarida yetib kelgan. Qisqa vaqt ichida kalamushlar butun Yevropaga tarqalgan. Amerika inqilobi davrida ular Qoʻshma Shtatlarga ham yetib kelgan va keyinchalik gʻarb tomon harakatlanayotgan kashshoflarga ergashdib, asta-sekin butun mamlakat boʻylab tarqalgan.
Nega odam bu jonzotlar bilan kurashishda shunchalik qiynaladi? Buning sababi shundaki, kalamushlar hayratlanarli darajadagi kuchli moslashish qobiliyatiga ega. Inson hayoti qanchalik farovon boʻlsa, kalamushlar shunchalik yaxshi yashaydi, chunki atrofda oziq-ovqat qanchalik koʻp boʻlsa, ularga ham shunchalik koʻp tegadi. Boshqa tomondan, soʻnggi asrlar tarixi shuni koʻrsatadiki, insoniyat boshiga ogʻir kunlar tushganida, kalamushlar oʻzi uchun “jon kuydirib”, kannibalga aylanib, bir-birini yeb boshlagan.
Oddiy kalamush juda ayyor jonzotdir. Uni bir hiyla bilan ikki marta chuv tushirib boʻlmaydi. Zahar aralashtirilgan ozuqa dastlab bir nechta kalamushni oʻldirishi mumkin, ammo boshqa kalamushlar tezda uni chetlab oʻtishni oʻrganadi. Oddiy uy kalamushining vazni odatda chorak kilogrammni tashkil qiladi. Uning rangi och kulrangdan qizgʻish va qoramtir-jigarranggacha boʻlishi mumkin. Uzunligi esa taxminan 40–50 sm ga yetadi.
Agar hududda boshqa turdagi kalamushlar paydo boʻlsa, qoʻngʻir kalamushlar ularni haydab solib, hududni saqlab qoladi. Ularni uzoq shimol va juda quruq iqlimli hududlardan tashqari, odam yashaydigan hamma joyda uchratish mumkin. Aytgancha, kalamushni har qanday mushuk ham tutib, gʻajib tashlay olmaydi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.