20.02.2024
Koʻpgina bolalar uyida ogʻmaxon va dengiz choʻchqasini boqishni yoqtiradi. Bu juda yoqimtoy va aqlli kemiruvchilarni parvarish qilish oson. Tillarang ogʻmaxonning uzunligi taxminan 12–15 santimetr, ogʻirligi esa 100–150 grammgacha yetadi. Uning vatani Yevropa va Osiyo. Bu hayvonning inglizcha nomi — “hemster” nemischa “gʻamlash” soʻzidan kelib chiqqan. Buning sababi, ogʻmaxon erkinlikda kelajakda foydalanish uchun faqat ozuqa gʻamlash bilan shugʻullanadi. U lunj orqasidagi katta xaltachalarini ozuqa bilan toʻldirib, keyin ularni yerda qazilgan uyasiga zaxira sifatida berkitib qoʻyadi.
Ogʻmaxon lunj orqasidagi xaltachalarida oʻz vaznining yarmiga teng ozuqani olib ketishi mumkin va bu ozuqa zaxiralarini chiqarish uchun esa ogʻmaxon old panjalari bilan lunjini bosib, qattiq puflaydi. Uning tanasi doʻndiqqina, panjalari esa kalta. Qalin va yumshoq moʻynasining orqa tomoni qizgʻish-tillarangga, qorin qismi esa kulrang-oq rangga boʻyalgan. Ogʻmaxon eng tez koʻpayadigan hayvonlardan biridir.
U bir yilda 4–5 marta nasl qoldirishi mumkin. Ona bolalarini taxminan toʻrt hafta parvarish qiladi. Uyda ogʻmaxon saqlaganda quyidagilarni yodda tutish kerak: ularning harakat qilish imkoniyati boʻlishi kerak. Aks holda ogʻmaxonlar falajlik kabi dardga chalinishi mumkin. Shuning uchun ogʻmaxon qafasi aylanadigan mashq gʻildiragi bilan jihozlangan boʻlishi zarur. Agar qafasda bunday gʻildirak boʻlmasa, uni tez-tez qafasdan chiqarib, jismoniy mashqlar uchun yugurtirib turish kerak.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.