20.02.2024
Mamontlarni tosh davri odamlari ovlagan. Ular bu hayvonlarni suratlarda tasvirlagan, loy, tosh va suyakdan oʻyib yasagan. Bu boʻyi 3,5 m gacha, vazni 6 tonnagacha, xartumga ega, yuqoriga qayrilgan ulkan tishlari va jun qoplagan kichik quloqlari bor boshi qisqa boʻyniga joylashgan haybatli hayvon boʻlgan. Oyoqlari ustunlarga oʻxshagan. Kalta dumini dagʻal jun qoplagan. Kuraklari va yonlaridan qariyb bir metrdan ortiq uzunlikdagi juni deyarli yergacha osilib turgan. Uning butun tanasini qoplab turgan jun rangi sargʻish boʻlsa-da, yagʻrini va dumi, shuningdek, oyoqlarining yuqori qismidagi ayrim joylarida qora rangli chigal tutamlar boʻlgan. Peshonasida ham dagʻal qora jun oʻsgan. Mamontlarning bolalari ham serjun boʻlib tugʻilgan.
“Mamont” soʻzi tatarcha “mamma” — “yer”dan kelib chiqqan: qazilma hayvonning suyaklari doimo yerda topilgan.
Soʻnggi muzlik davrining boshida mamont bilan bir qatorda jundor karkidon, ot, bugʻu, ibtidoiy tur va bizon, hoʻkizqoʻy, gʻor sheri va ayiq ham yashagan. Eng sovuq ob-havo taxminan 70 000 yil oldin boshlanib, 10 000 yil oldin tugagan.
Birinchi marta mamont skeleti 1799-yilda Lena daryosi etaklarida topilgan. U Sankt-Peterburgga olib kelingan va ommaga namoyish etilgan. Keyinchalik Alyaska va Sibirda ham yana bir nechta topilmalar, Chernigov yaqinidagi dashtlarda hatto paleolit davri odamlari tomonidan mamont suyaklaridan qurilgan “mamont uyi” ham topilgan.
Sankt-Peterburgdagi Fanlar akademiyasining Zoologiya muzeyida 200 yildan ortiq vaqt davomida toʻplangan kolleksiyalar namoyish etilgan maxsus “mamontlar zali” mavjud. Ular orasida eng diqqatga sazovor eksponat — Kolima daryosining irmogʻi boʻlgan Dima daryosining uzoq qirgʻoqlaridan olib kelingan Magadan mamontining tulumidir. Mamont bolasi Dima (unga daryo nomi berilgan) yerda 44 000 yildan ortiq vaqt davomida qolib ketgan boʻlsa-da, butunlay saqlanib qolgan. U 1977-yilning yozida Magadan chetidagi abadiy muzloq qatlamida topilgan. Chamasi, u kuzda jilgʻa oqimiga tushganida boʻgʻziga suyuq loy tiqilib boʻgʻilib oʻlgan. U 6 oylik boʻlgan va boʻyi 104 sm, vazni esa 90 kg ga yaqin. Terisida qoʻngʻir-qizgʻish rangdagi qalin juni qisman saqlanib qolgan.
Mamontlar Yevroosiyo va Shimoliy Amerikadagi ulkan hududlarda yashagan. Ularning suyak va qoziq tishlari Britaniya, Oʻrta Osiyo choʻllari va Shimoliy muz okeani qirgʻoqlari, Saxalin oroli, Skandinaviya va Kavkazda topilgan. Aftidan, oʻsha paytda hamma joyda yashash sharoitlari oʻxshash boʻlgan. Soʻngra toʻsatdan nimadir yuz bergan.
Nega mamontlar qirilib ketgan? Bu savolga aniq javob yoʻq. Muzlik davrining oxirida bir qator keskin harorat oʻzgarishlari roʻy bergan boʻlishi ham mumkin. Hayvonlar ularga dosh bera olmagan. Ibtidoiy ovchilar esa bu jarayonni tezlashtirgan. Ular mamontlarni birinchi odamlarning nayza va chaqmoqtoshdan yasalgan boltalari oldida himoyasiz boʻlib qoladigan botqoqlarga haydab borgan. Mamontlarning eng katta qabristonlari aynan orqaga chekinayotgan buyuk muzliklar chetida paydo boʻlgan ulkan botqoqlar joyida topilgan.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.