20.02.2024
Qushlarning sayrashi — tabiatdagi eng goʻzal sadolardan biridir. Baʼzan, shahar tashqarisiga chiqqanimizda, qushlarning sayrashini eshitamiz va ular bir-birlari bilan gaplashayotgandek tuyulishi mumkin.
Darhaqiqat, qushlar ham boshqa koʻplab hayvonlar singari bir-biri bilan soʻzlashadi. Albatta, ular ham xuddi biz “Eh!” yoki “Oh!” deganimiz kabi zavqni ifoda etishlari mumkin.
Tovuq joʻjalarini xavf haqida ogohlantiradigan va ularni yerga egilishga undaydigan tovushlarni chiqaradi. Keyin ularni toʻplanishga chaqiradigan boshqa tovush beradi. Yovvoyi qushlar tunda uchayotganda qichqirishadi, bu ularga birga boʻlishlariga va adashib qolganlarining galaga qaytishiga yordam beradi.
Ammo qushlarning tili bizning nutqimizdan farq qiladi. Biz fikrlarimizni ifoda etadigan maxsus soʻzlardan foydalanamiz. Qushlar esa oʻz tillarini oʻrganmaydilar-ku.
Bu tugʻma instinkt. Bir tajribada joʻja xoʻroz tovuqlardan ular chiqargan tovushlarni eshitmasligi uchun ajratib olingan. Ammo u oʻsib ulgʻaygach, tovuqxonada yashagan boshqa joʻjalar bilan bir xil tovushlarni chiqargan.
Ammo bu qushlar umuman sayrashni oʻrganmaydi degani emas. Aslida, baʼzi qushlar boshqalarining sayrashlarini oʻxshatishi mumkin. Mazaxchi degan qushcha nomi ham shundan kelib chiqqan. Agar chumchuq kanareykalar orasida boʻlsa, u ular kabi sayrash uchun jon berib harakat qiladi. Agar kanareyka bulbullar muhitiga tushib qolsa, u ularning sayrashini juda yaxshi taqlid qilishi mumkin. Toʻtiqush eshitgan tovushlarini qanchalik oʻxshatib takrorlashini ham biz yaxshi bilamiz. Shunday qilib, aytish mumkinki, qushlar sayrash qobiliyati bilan tugʻilsa-da, hayoti mobaynida baʼzi qoʻshimcha darslarni ham oladi.
Qushlarning ham oʻz shevasi borligini bilasizmi? Maʼlum boʻlishicha, bir xil turdagi qushlarning sayrashlari dunyoning turli burchaklarida turlicha ekan. Bu shuni anglatadiki, instinktdan tashqari, qushlar hayotidagi koʻp narsalar ularning sayrash qobiliyatiga taʼsir qiladi.
Endi qushlar sayrashini yanayam eʼtibor bilan eshitasiz degan umiddamiz.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.